Temir yo‘l sohasida O‘zbekiston-Afg‘oniston muzokaralari yakunlari to‘g‘risida

Xabar berganimizdek, joriy yilning 12-14 aprel kunlari Termiz shahrida Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi raisi Baxturrahmon Sharafat boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va ko‘rsatilayotgan salmoqli yordam uchun afg‘onistonlik mehmonlari tomonidan minnatdorlik bildirildi. Uchrashuvda shuningdek, OAVlarda Afg‘oniston Respublikasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqidagi maʼlumotlarni rad etib, aksincha, B.Sharafat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va uni yana-da kengaytirish haqidagi rejalarni alohida taʼkidladi. Jumladan, Afg‘oniston mutaxassislari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli «So‘g‘diyona-Trans» sho‘ba korxonasining faoliyati va 2011 yildan “Xayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘l liniyasining ekspluatatsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlardan to‘liq mamnunligini bildirdi.

Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olgan holda, 2021 yilning ikkinchi yarmidagi temir yo‘l yuk aylanmasida sezilarli pasayish kuzatildi. 2022 yilning birinchi choragida hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yuk aylanmasi hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetdi (1,1 million tonnadan ortiq). Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston tomoni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda vagonlarni tushirish jarayonini tezlashtirish, bu orqali Hayraton stansiyasiga kiruvchi yuklar hajmini oshirish, shuningdek, imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni tashkil etishga tayyorligini taʼkidladilar va shu bilan Naybobot va Mozori-Sharif stansiyalarini qayta tiklash jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish taʼlim markaziga tashrif byurishdi. Shuningdek, mehmonlar Termiz lokomotiv deposidagi afg‘onistonlik temiryo‘lchilari o‘tayotgan amaliy mashg‘ulotlar o‘quv markazi faoliyati bilan ham tanishdilar. Delegatsiya aʼzolari o‘z yurtining istiqbolli kadrlari bilan suhbatlashishdi, ular uchun yaratilgan taʼlim va turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi. Taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xususan, afg‘onistonlik temiryo‘l mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar bilan birgalikda Hayraton stansiyasi qoshida dala o‘quv markazi (полевой учебный центр) tashkil etish rejalashtirilgan.

Afg‘oniston delegatsiyasi temir yo‘l infratuzilmasini, ayniqsa, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish muhimligini alohida taʼkidladi, chunki Afg‘oniston bugungi kunda hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo o‘rtasidagi integratsiyalashuv loyihalarida ham ishtirok etishdan manfaatli ekanliklarini qayd etdilar. Shu munosabat bilan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘lini qurilishi” loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalasi ham muzokaralarning alohida eʼtiborda bo‘ldi. Xususan, yangi temir yo‘l liniyasini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashni tezlashtirishga yordam beradigan yo‘nalish bo‘ylab dala ekspeditsiyasi (полевая экспедиция)ni tashkil etish lozim ekanligi muhokama qilindi.

Bugungi davrda, ayniqsa, Internetda turli xil soxta maʼlumotlar avj olgan paytda jurnalistlar va OAV vakillariga alohida murojaat etmoqchimiz. Turli geosiyosatga oid mavzularni yoritish masalalariga jiddiy yondashishingizni, qator norasmiy havolalar va repostlarga ehtiyotkorlik bilan foydalanishishingizni, eng muhimi, maʼlumotlarni tekshirish va qayta tekshirishingizni so‘raymiz.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI