Jamiyat ustavi

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ
yagona aksiyadorining
2021 yil «24» noyabrdagi
66-sonli qarori bilan
“TАSDIQLАNGАN”

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati

USTAVI

(Yangi tahrirda)

I boʻlim. Umumiy qoidalar

1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda – Jamiyat deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 7-noyabrdagi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish toʻgʻrisida”gi PF-982-son Farmoni bilan tashkil etilgan.

2. Jamiyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 2-martdagi “Temir yoʻl transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2815-son Farmoniga muvofiq ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan.

3. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 6-maydagi 370 – son “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, Jamiyatning huquqiy holati aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.

Jamiyat tijorat tashkiloti hisoblanadi.

4. Jamiyatni tashkil etish, faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bogʻliq munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

5. Jamiyatning nomi:

oʻzbek tilida – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati (qisqartirilgan nomi – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ) yoki kirill harflarida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati (qisqartirilgan nomi – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ);

rus tilida – Aksionernoye obщestvo “Uzbekiston temir yullari” (qisqartirilgan nomi – AO “Uzbekiston temir yullari”) yoki Aksionernoye obщestvo “Uzbekskiye jeleznыe dorogi” (qisqartirilgan nomi – AO “Uzbekskiye jeleznыe dorogi”);

ingliz tilida – Joint stock company “Oʻzbekiston temir yoʻllari” (qisqartirilgan nomi – JSC “Oʻzbekiston temir yoʻllari”) yoki Joint stock company “Uzbekistan railways” (qisqartirilgan nomi – JSC “Uzbekistan railways”).

6. Jamiyat xalqaro va aralash yoʻnalishlarda yoʻlovchilar va yuklar tashishni tashkil etishda chet el temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan munosabatlarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” (Uzbekskiye jeleznыe dorogi) deb nomlangan yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Jamiyatning telegraf shifri – “UTI”.

7. Jamiyat yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansida aks ettiriladigan alohida mulkka, shu jumladan oʻzining ustav fondiga (kapitaliga) berilgan mol-mulkka, bank muassasalarida hisob raqamlariga, jumladan valyuta hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushirilgan dumaloq muhrga, davlat tilida yozilgan emblema (logotip) va shtamplarga ega.

8. Jamiyat temir yoʻl sohasida rahbarlik qilish va xoʻjalik ishlarini tartibga solishni amalga oshiradi. Jamiyat temir yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va takomillashtirish borasida yagona texnika siyosatini amalga oshiradi.

9. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, shu jumladan aksiyador qarori bilan tasdiqlangan temir yoʻl transporti mintaqaviy temir yoʻl uzellari, boshqarmalari, markazlari, direksiyalari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va tarkibiy boʻlinmalari kiradi.

10. Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar korxona va tashkilotlar, shuningdek chet el yuridik shaxslari kirishi mumkin.

11. Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda korxona, tashkilot va muassasalar, jumladan  filiallar hamda vakolatxonalar tashkil etishi mumkin.

12. Jamiyat oʻz faoliyatini amalga oshirishda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Ustavga amal qiladi.

13. Mazkur Ustav bilan tartibga solinmagan huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlari, shuningdek xalqaro bitimlar va shartnomalar bilan tartibga solinadi.

14. Jamiyat xodimlari Jamiyat shaxsiy tarkibining xizmat kiyimi toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan xizmat kiyimiga egadirlar.

15. Jamiyatning joylashgan (markaziy maʼmuriyati) manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Taras Shevchenko koʻchasi, 7-uy, pochta indeksi – 100060.

16. Jamiyatning elektron pochta manzili: info@uzrailway.uz.

 

II boʻlim. Jamiyatning asosiy vazifalari, hamda funksiyalari

17. Jamiyat faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida temir yoʻl transportining barqaror va samarali ishlashini, qatnovlar xavfsizligini, koʻrsatiladigan transport xizmatlari sifatini oshirishni, jumladan xizmat koʻrsatish talab darajasida boʻlgan boshqa yuk tashuvchilar bilan birgalikda taʼminlash, isteʼmolchilarga ishlab chiqarish, savdo, shu jumladan ulgurji savdo xizmatlari koʻrsatish, elektr energiyasi sotish, sayyohlik va boshqa xizmatlar koʻrsatish, bunda tashishlarning maqbul muddatlarini, hamda yoʻlovchilar sogʻligʻi va hayotining saqlanishini, shu jumladan tashilayotgan yuklar butligini taʼminlash;

temir yoʻllarning yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini va markazlashgan dispecherlik boshqaruvini  saqlash va rivojlantirish;

jahon andozalari darajasida xizmat koʻrsatish, transport xizmatlari bozorida temir yoʻl transportining raqobatbardoshligini oshirish;

yuklar, yoʻlovchilar, pochta va bagajlar tashish sohasidagi sarf-xarajatlarni kamaytirish va mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni hisobga olgan holda belgilangan tartibda tarif siyosatini amalga oshirish;

temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchi tashish bozori konyunkturasini oʻrganish, rivojlanishi va joylashtirilishini prognozlash;

temir yoʻl tarmoqlarining ishlari barqaror va oʻtkazish imkoniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;

tegishli temir yoʻl transporti obyektlarini safarbarlik tayyorgarligini, davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni  oshkor etilmasligini taʼminlash;

atrof muhitni asrash qoidalariga rioya qilishni taʼminlash;

temir yoʻl transporti sohasida yagona ilmiy-texnik, innovatsion va investitsiyaviy siyosatni yuritish;

yangi texnika va texnologiyalarning ishlab chiqilishi va joriy etilishini, temir yoʻl transportining kompleks rivojlanishini tashkil etish;

temir yoʻl tarmoqlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yanada rivojlantirish va xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini oshirish, yangi temir yoʻl liniyalari, koʻpriklar, tunnel va boshqa sunʼiy inshootlar qurish, ularni rekonstruksiya qilish va texnik qayta qurollantirish;

harakatlanuvchi tarkibni, yoʻl xoʻjaligini, elektr taʼminoti tizimini, signalizatsiya va aloqa tizimini modernizatsiya qilish va takomillashtirish uchun investitsiyalar, jumladan chet el investitsiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq sanoat korxonalarini texnologik jihatdan qayta jihozlash, hamda ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy menejment usullarini keng joriy etish;

Jamiyatning halqaro hamkorligi va tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, marketing tadqiqotlarini uyushtirish, Jamiyat korxonalariga axborot xizmatlari koʻrsatish, tashqi va ichki bozorlarda ularning raqobatbardoshligini oshirish masalalarini hal etishga koʻmaklashish;

Jamiyat va Oʻzbekiston Respublikasining sanoat korxonalari bazasida taʼmirlash-ekspluatatsiya va rivojlanish ehtiyojlari uchun import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar, ehtiyot qismlar, detallar, jihozlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;

iqtisodiy munosabatlarni oʻrnatishning asosiy tamoyillari, qoidalari va uslublarini ishlab chiqish, hamda ularni Jamiyat korxonalari oʻrtasida amalga oshirish;

kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.

18. Jamiyat belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalar bajarilishini taʼminlaydi:

a) temir yoʻl orqali tashish jarayonini boshqarishni tashkil etish sohasida:

tashish jarayonining markazlashgan tezkor boshqaruvini tashkil etish, poyezdlarning harakatlanish jadvalini, harakatlanuvchi tarkibning ish meʼyorlarini va Jamiyat boʻyicha yuk tashish prognoz rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini taʼminlash;

tashish shartlariga doir yagona normativ hujjatlarni, harakatlanuvchi tarkibdan foydalanish meʼyorlari boʻyicha yagona meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish, ulardan foydalanishni tahlil etish, yuk va yoʻlovchi vagonlaridan foydalanishga tuzatishlar kiritish va nazorat qilish;

favqulodda vaziyatlarda xavfli yuklarni tashish qoidasi talablari asosida yuk ortishni, tushirishni tartibga solish va poyezdlar harakatlanishini tashkil etish;

zamonaviy axborot–kommunikatsion texnologiyalarni keng qoʻllagan holda tashish jarayoni va dispetcherlik xizmatini tashkil etishning yagona tamoyillarini ishlab chiqish.

b) iqtisodiyot va moliya sohasida:

temir yoʻl transportini rivojlantirishning davlat va davlatlararo dasturlari loyihalarini, asosiy sanoat va pudratchilik faoliyatida, shuningdek ijtimoiy va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ishlab-chiqarishning iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlariga doir yillik hamda istiqbolli prognozlarni ishlab chiqish;

temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilar tashish sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil etish, kelgusida temir yoʻl transporti obyektlarini rivojlantirish va joylashtirishga doir yillik va istiqbolli prognozlar hamda jadvallar, temir yoʻl transportining tashish va ishlarni bajarish imkoniyatlarini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

mukammal va joriy taʼmirlashni, Jamiyatning mol-mulkini saqlashni  rejalashtirish va tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, davlatlararo va hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq yuk, yoʻlovchilar, pochta, bagaj va yuk bagaj tashish tariflari sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish;

amaldagi qonunchilikka muvofiq, Jamiyat korxonalari va xizmatlaridan foydalanuvchilar oʻrtasida oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblarni, boshqa davlat temir yoʻllari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, buxgalterlik va statistika hisobi va hisobotlarini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standartlariga rioya etish, Jamiyat korxonalarida auditorlik faoliyatini yuritish, soliqlarni va majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash;

yuk, pochta, bagaj, yuk bagaj, mahsulot sotish, koʻrsatilgan ish va xizmat, yoʻlovchilarni tashishdan tushadigan daromadlarni toʻliq va oʻz vaqtida kelib tushishini nazorat qilish, Jamiyatning moliyaviy holatini mustahkamlash, harajatlarni kamaytirish va foydani (daromad) oshirish;

Jamiyat korxonalari oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishning asosiy tamoyil, qoida va uslublarini  ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;

Jamiyat boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq tuziladigan fondlar va zaxiralarni, shu jumladan, valyuta fondini tashkil etish, shuningdek temir yoʻl transportini rivojlantirishga oid ustuvor ilmiy-tadqiqot dasturlarini moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda fondlarni shakllantirish;

Jamiyat faoliyatini aks ettiruvchi reklama va boshqa turdagi adabiyotlarni nashr etish;

xodimlarning mehnat haqi, shuningdek boshqa turdagi daromadlarining shakli, tizimi va hajmini belgilangan tartibda aniqlash;

ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha Jamiyat xodimlarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

tashishdan olinadigan daromadlarni markazlashtirilgan tartibda Jamiyatning alohida asosiy daromad hisob raqamida jamlash va uni kelgusida temir yoʻl orqali tashishda ishtirok etgan Jamiyat boʻlinmalari oʻrtasida amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida taqsimlash.

v) texnika siyosati sohasida:

Jamiyat korxonalari bilan birga mutlaqo yangi texnik vositalar, texnologiyalar va materiallarni yaratish, ulardan foydalanishga doir ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, ushbu ishlarni moliyalashtirish;

texnologik jarayolarni mukammallashtirish, ishlab chiqarishning texnik darajasini doimiy ravishda oshirib borish;

mahsulotlarni metrologiya, standartlashtirish va unifikatsiyalashtirish, sertifikatlash va sifatni boshqarish, intellektual mulk ishlarini tashkil etish, ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar va ilgʻor tajribani ommalashtirish.

g) moddiy-texnika taʼminoti sohasida:

temir yoʻl transportining moddiy-texnika va yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, temir yoʻl orqali tashish jarayonining ushbu resurslar bilan taʼminlanishini tashkil qilish, ulgurji va chakana savdo qilish, shuningdek aloqador vazirliklar, uyushmalar va idoralar bilan birgalikda davlat ehtiyojlari uchun moʻljallangan mahsulotlar tarkibida temir yoʻl transporti uchun yetkazib beriladigan mahsulotlar boʻyicha buyurtmalarni shakllantirish, Jamiyat korxonalarini markazlashtirilgan holda tartibga solinadigan nomenklatura boʻyicha mahsulot bilan taʼminlash;

tabiiy ofatlar, transport halokatlari va boshqa kutilmagan voqealar oqibatlarini bartaraf etish uchun asosiy moddiy-texnika turlari zaxiralarini yaratish. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moʻljallangan moliyaviy va moddiy resurslarning idoraviy zaxiralari Jamiyat mablagʻlari hisobidan, shuningdek, moliyaviy va moddiy resurslarning obyektiv zaxirasi Jamiyat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;

favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moʻljallangan moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasi va hajmini belgilash;

Jamiyat ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar bilan mustahkam aloqa va hamkorlikni tashkil etish;

resurslar va energiya taʼminoti ishlarini tashkil etish;

temir yoʻl transportining safarbarlik tayyorligini taʼminlash va alohida davrda ishlash uchun moddiy resurslarni shakllantirish.

d) tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida:

boshqa davlat temir yoʻl maʼmuriyatlari, chet el tashkilotlari va kompaniyalari bilan oʻrnatilgan tartibda yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha kelishuvlar yoki shartnomalar tuzish;

xalqaro transport aloqalari va logistikani rivojlantirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga asosan va uning nomidan xalqaro temir yoʻl transporti tashkilotlarida ishtirok etish;

xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarda, yoʻlovchi va tashqi yuklarni tashish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etuvchi xalqaro transport huquqi subyekti sifatida ishtirok etadi;

xalqaro temir yoʻl maʼmuriyatlarida vakolatli vakillari va/yoki oʻz vakolatxonalariga ega boʻlishi yoki tuzishi mumkin;

chet el davlatlarining tegishli boshqaruv organlari bilan temir yoʻl transporti faoliyatiga doir kelishuvlar tuzish;

Jamiyat xodimlarining chet ellarga chiqishi uchun belgilangan tartibda pasport-viza hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan tashqi savdoga oid kredit va boshqa bitimlarni tuzish, belgilangan tartibda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish.

ye) investitsiya siyosati sohasida:

Jamiyat investitsiya siyosatining, shu jumladan markazlashtirilgan manbalar hisobidan boʻlgan investitsiyalarning uzoq muddatli va oʻrta muddatli prognozlarini ishlab chiqish;

barcha moliyalash manbalari hisobidan Jamiyatning yillik investitsiya dasturini shakllantirish;

barcha moliyalash manbalari hisobidan amalga oshiriladigan yangi korxonalarni qurish, faoliyat koʻrsatuvchi korxonalarni va temir yoʻl transporti obyektlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashni kengaytirish, asosiy vositalarni xarid qilish, ulardan foydalanish muddatini uzaytirish orqali mukammal-tiklash, taʼmirlash va modernizatsiyalash loyihalarini boshqarish.

j) kadrlar, mehnat va ijtimoiy masalalar sohasida:

Jamiyat xodimlarini tanlash va joylashtirish, kasbiy oʻsish sharoitlari, masʼuliyat, ragʻbatlantirish darajasi va ijtimoiy muhofaza qilish tizimlarini belgilash;

Jamiyatning ehtiyojlaridan kelib chiqib kadrlarni oʻqitish tizimini tashkil etish;

Jamiyatning ijtimoiy sohasidagi oʻquv yurtlari va muassasalarining moddiy bazasini taʼminlash va rivojlantirish;

mutaxassislarni respublika va xorijiy mamlakatlar oʻquv muassasalari va korxonalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shuningdek ularning ish oʻrganishlarini (stajirovkalarini) taʼminlash;

samarali kadrlar siyosatini olib borish;

Jamiyatning poyezdlar harakati va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq alohida toifadagi xodimlari uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, mehnat sharoitlari xususiyatlarini, ish vaqti va dam olish vaqti tartibini belgilash;

Jamiyatda korporativ etika qoidalariga rioya qilish.

19. Jamiyat yuqorida qayd etilganlardan tashqari yana quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

temir yoʻl transportidan foydalanish qoidalari talablarining bajarilishini nazorat qiladi, poyezdlarning harakat xavfsizligi, temir yoʻl transporti obyektlarining butligini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi, harakat xavfsizligi buzilishi sabablarini tahlil qiladi, halokatlar, avariyalar, ekologik ofatlarning oldini olish chora-tadbirlarini koʻradi, yuqori darajada xatarli hududlarda boʻlish va ishlarni amalga oshirish qoidalarini ishlab chiqadi;

yoʻlovchilar va yuklarni sugʻurtalash ishlarini amalga oshiradi;

davlat hududida, toʻgʻridan-toʻgʻri va qoʻshma yoʻnalishlarda tashishlarni rivojlantirish, shuningdek boshqa transport turlari bilan hamkorlikda ishlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona va tashkilotlarga tegishli harakatlanuvchi tarkibning umumiy foydalanish temir yoʻllariga kirishi tartibini belgilaydi;

sanoat korxonalarida temir yoʻllar uchun yuboriladigan temir yoʻl texnikasi va boshqa mahsulotlarni belgilangan tartibda qabul qilishni (texnik inspeksiyasini) tashkil qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, temir yoʻl yaqinidagi ajratilgan yoʻlaklar hududida yerlardan foydalanish, u yerda bino va inshootlar qurish tartibini belgilaydi;

tegishli qurilish meʼyorlari va qoidalarini muvofiqlashtiradi;

umumiy foydalanishdagi temir yoʻl va qurilmalarni temir yoʻl bilan kesishadigan uzatish quvurlari, aloqa, elektr energiyasi uzatish liniyalari va boshqa kommunikatsiyalar, shoxobcha yoʻllar bilan tutashtirish, kesishish shartlarini, unga kirish yoʻllarini, shuningdek umumfoydalanishdagi temir yoʻllar va inshootlardan, xavfli va maxsus moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, yuklash, transportda tashish va tushirish bilan bogʻliq inshootlardan temir yoʻl va qurilmalargacha boʻlgan eng kam masofa shartlarini belgilaydi;

temir yoʻlni texnikaviy tasarruf etish qoidalari boʻyicha bilimlarni imtihondan oʻtkazish va tekshirish tartibini, temir yoʻl transportidan foydalanish qoidalarini, yuk ortish va yukni mustahkamlashning texnikaviy shartlarini, Jamiyat xodimlarining boshqa meʼyoriy hujjatlarini, umumiy foydalanishdagi yoʻllarda lokomotivni sinash tartibi va boshqarish huquqiga guvohnoma berish tartibini, Jamiyat korxonalarining lokomotiv mashinistlariga daraja berish tartibini belgilaydi;

temir yoʻl transportidagi elektr, issiqlik va issiqlik-energetika moslamalarida, shuningdek sigʻimli idishlarda bosim ostida ishlovchilarning foydalanish qoidalariga toʻgʻri rioya etishlarini tashkil qiladi;

poyezdlarning harakati bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek zararli, noqulay mehnat sharoiti taʼsiriga uchraydigan xodimlarni, Jamiyat tasarrufidagi taʼlim muassalari oʻquvchilarini, talabalarini va abiturentlarni tibbiy ogohlantirish va koʻrikdan oʻtkazish tartibini belgilaydi;

temir yoʻl transportining safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolik mudofaasi boʻyicha ishlarni tashkillashtiradi, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qiladi, safarbarlik tayyorgarligining yagona metodikasini ishlab chiqishni amalga oshiradi, manfaatdor tashkilotlar bilan muhim paytda tashishlarni tashkil etish va bajarish masalalari yuzasidan hamkorlikni, safarbarlik davlat zaxirasi  va mahsus zaxirada texnik vositalar va moddiy boyliklarning saqlanishini taʼminlaydi;

temir yoʻl transporti vositalaridan falokatlarsiz foydalanish, xavfli va maxsus yuklarni tashish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlarini tashkil qiladi va amalga oshiradi;

davlat sirlarini va xizmatga doir maʼlumotlarni oshkor etishdan muhofaza qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi;

temir yoʻl transporti sohasida maʼlumot berish xizmatlarini amalga oshirish;

qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirish.

 

III boʻlim. Jamiyatning ustav fondi (kapitali). Uni koʻpaytirish yoki kamaytirish tartibi. Jamiyatning aksiyalari, obligatsiyalari va boshir qa qimmatli qogʻozlari

20. Davlat korxonasi negizida tashkil etilgan “Oʻzbekiston temyoʻllari” aksiyadorlik jamiyati qayta tashkil etish paytigacha davlat korxonasiga tegishli boʻlgan mavjud mulk, pul mablagʻlari va boshqa moliyaviy resurslar, shuningdek qarzlarning toʻliq huquqiy vorisi hisoblanadi.

21. Jamiyat ustav fondining (kapitalining) dastlabki miqdori Jamiyat mulkini baholash asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 3-martdagi 108-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining 2001-yil 20-avgustdagi 239 k-PO buyrugʻi asosida belgilangan.

22. Jamiyat ustav fondi (kapitali)ning miqdori 3 828 948 859 330 soʻm boʻlib, 8 904 532 231 ta oddiy aksiyalarga boʻlingan.

23. Oddiy aksiyaning nominal qiymati 430 soʻmni tashkil etadi.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 108-son qarorida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish jarayonida chiqarilgan aksiyalar davlat mulki hisoblanishi va sotilmasligi yoki boshqacha tarzda oʻzgaga berilmasligi, garovga qoʻyilishi mumkin emasligi, shuningdek ikkilamchi qimmatli qogʻozlar chiqarishni taʼminlashga xizmat qilishi mumkin emasligi belgilangan.

25. Jamiyat ustav fondi (kapitali) qoʻshimcha aksiyalar joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.

26. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) koʻpaytirish (aksiyalarni joylashtirish narxini belgilash, aksiyalar emissiyasi risolasi va ularni chiqarish) va bu toʻgʻrida mazkur ustavga tegishli oʻzgartirish kiritish haqidagi qarorni Jamiyat aksiyadori qabul qiladi. Ushbu masala boʻyicha Jamiyat Kengashi (kuzatuv kengashi) yigʻilishi oʻtkazilmaydi.

27. Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, qoʻshimcha aksiyalar yopiq obuna usulida faqat Davlatga joylashtirilishi mumkin.

28. Qoʻshimcha ravishda chiqarilgan aksiyalar uni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan, lekin davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda joylashtirilishi lozim.

29. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) oshirish uchun oddiy, eʼlon qilingan nominal qiymati 430 soʻm boʻlgan 11 403 101 875 dona – umumiy qiymati 4 903 333 806 250 soʻmga qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish huquqiga ega.

30. Eʼlon qilingan aksiyalarning umumiy soni doirasida chiqarishda va joylashtirishda aksiyalarning sotib olingan qismi Jamiyat ustav fondiga (kapitaliga) oʻtkaziladi.

31. Jamiyatning ustav fondi (kapitali) aksiyalarning nominal qiymatini kamaytirish yoki aksiyalarning umumiy sonini qisqartirish yoʻli bilan, shu jumladan, aksiyalarning bir qismini keyinchalik bekor qilgan holda Jamiyat tomonidan aksiyalarni olish yoʻli bilan kamaytirilishi mumkin.

32. Jamiyat ustav fondini (kapitalini) kamaytirish va Jamiyat Ustaviga tegishli oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qaror Jamiyat Kengashining (kuzatuv kengashining) yigʻilishini oʻtkazmasdan, Jamiyat aksiyadori tomonidan qabul qilinadi.

33. Jamiyatda ustav fondining (kapitalining) 25 foizi miqdorida zaxira fondi tashkil etiladi.

34. Jamiyatning zaxira fondi har yili sof foydadan yillik majburiy toʻlovlar ajratish yoʻli bilan ustav fondining (kapitalning) 25 foiziga yetmagungacha shakllantirib boriladi.

35. Zaxira fondiga ajratmalarning yillik hajmi Jamiyat sof foydasining 5 foizidan kam boʻlmasligi lozim.

36. Jamiyatning zaxira fondidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.

37. Jamiyat Kengashining qaroriga binoan boshqa fondlar ham tashkil etilishi mumkin.

 

IV boʻlim. Jamiyatning huquqlari

38. Jamiyat Ustavda belgilangan vazifa va funksiyalarini bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti va aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmalari va bevosita shartnomalar (kontraktlar) asosida sotiladigan maxsulot, ishlar va xizmatlar hajmini mustaqil ravishda belgilash;

oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga egalik qilish va ularni amalga oshirish, zimmasiga majburiyatlar olish, sudda daʼvogar va javobgar boʻlish;

belgilangan tartibda boʻlinmalar, markazlar, firmalar, korxonalar, filiallar, vakolatxonalar, qoʻshma korxonalar tashkil etish, turli respublikadagi va xalqaro tashkilotlar va birlashmalarga aʼzo boʻlish;

qonunchilikda belgilangan tartibda aksiya va boshqa qimmatli qogʻozlarini chiqarish va joylashtirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlarini sotib olish;

Jamiyatning ishchilariga va boshqa shaxslarga, jumladan zayom ajratgan holda uy-joylar qurish, sotib olish va ularni belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarga sotish.

 

V boʻlim. Jamiyat faoliyatini boshqarish

39. Jamiyatning aksiyadori, kuzatuv kengashi va ijro etuvchi organi Jamiyatning boshqaruv organlaridir.

40. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 58-moddasiga muvofiq, Jamiyatda aksiyadorning umumiy yigʻilishi vakolatiga kiritilgan masalalar boʻyicha qarorlar Jamiyatning yagona aksiyadori tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi, hamda yozma shaklda rasmiylashtiriladi. Jamiyatda aksiyadorning umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaydi.

41. Jamiyatning Kengashi - kuzatuv kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) funksiyalarini bajaradi. Kengash 6 kishidan iborat.

42. Jamiyat Boshqaruvi Jamiyatning ijro etuvchi organi hisoblanadi, u 8 kishidan iborat.

43. Jamiyat Boshqaruvi raisi qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida tayinlanadi. Jamiyat Boshqaruvi raisi lavozimiga chet ellik menedjer tayinlanishi mumkin.

44. Jamiyat Boshqaruvi aʼzolari qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlanadi.

45. Jamiyat va uning tarkibiy boʻlinmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalari oʻrtasidagi munosabatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

Jamiyat aksiyadorining vakolatlari

46. Jamiyat aksiyadorining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

Jamiyat ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

Jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) oshirish, kamaytirish va eʼlon qilingan aksiyalar sonini kamaytirish;

Jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;

Jamiyatni qayta tashkil etish;

Jamiyatni tugatish, tugatuvchini (tugatish komissiyasini) tayinlash, hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash;

eʼlon qilingan aksiyalarning eng koʻp miqdorini belgilash;

Jamiyatning oʻz aksiyalarini olish;

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;

Jamiyatning ijroiya organi aʼzolarini saylash va ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatish;

Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilish uchun 3 kishidan iborat taftish komissiyasi aʼzolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish, shuningdek taftish komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;

Jamiyatning yillik hisobotini, shuningdek jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadidan kelib chiqqan holda jamiyatni oʻrta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirishning aniq muddatlari belgilangan strategiyasini tasdiqlash;

Jamiyat boshqaruviga toʻlanadigan haq va (yoki) kompensatsiyalarni, shuningdek ularning eng yuqori miqdorlarini belgilash;

Jamiyatning foydasi va zararlarini taqsimlash;

majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida, jumladan Jamiyatning moliyaviy hisobotini Xalqaro moliyaviy standartlarga muvofiq tashqi audit qilish boʻyicha auditorlik tashkilotini va uning xizmatlariga toʻlanadigan haqning eng koʻp miqdorini belgilash haqida qaror qabul qilish;

Jamiyat Kengashi va taftish komissiyasining oʻz vakolat doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan, shu jumladan jamiyatni boshqarishga doir qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan jamiyat kuzatuv kengashining hisobotlarini va taftish komissiyasining xulosalarini eshitish;

Jamiyat boshqaruv va nazorat organlari bildirgilari (hisobotlari) shakl va tarkibiga talablarni belgilash;

Jamiyat tomonidan aksiyalar, korporativ obligatsiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

qimmatli qogʻozlarning hosilalarini chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

Jamiyatning korporativ obligatsiyalarini qaytarib sotib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasiga muvofiq aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qogʻozlarning birja bozoriga va uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash;

Jamiyat aksiyalarni maydalash va yiriklashtirish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 9-boblarida nazarda tutilgan holatlarda Jamiyat tomonidan bitimlar tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

Kengash tavsiyasi asosida dividendlarni miqdori, toʻlash shakli va tartibi boʻyicha qaror qabul qilish;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni Jamiyatni aksiyadori vakolatlari doirasida hal etish.

 

Jamiyat Kengashi

47. Jamiyat Kengashi vakolatiga quyidagilar kiradi:

Jamiyat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va keyinchalik vaziyatdan kelib chiqib unga oʻzgartirish kiritish (oʻzgarishlar yuzasidan Yagona aksiyador Moliya vazirligiga 10 kun ichida habar berish);

mol-mulkning bozor qiymatini belgilashni tashkil etish;

Jamiyatning yillik biznes-rejasini tasdiqlash. Bunda Jamiyatning kelgusi yilga moʻljallangan biznes-rejasi Jamiyat Kyengashi majlisida joriy yilning 1 dekabridan kechiktirmay maʼqullanishi lozim;

ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, shuningdek har chorakda uning hisobotlarini eshitib borish;

Jamiyat ijro etuvchi organining faoliyatiga daxldor har qanday hujjatlardan belgilangan tartibda erkin foydalanish va Jamiyat Kyengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun ushbu hujjatlarni ijro etuvchi organdan olish. Jamiyat Kyengashi va uning aʼzolari olingan hujjatlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi mumkin;

Jamiyat biznes-rejasida belgilangan maqsadlarga erishishni monitoring qilish;

Korporativ boshqaruv kodeksi bajarilishini nazorat qilish;

Jamiyatning taftish komissiyasi aʼzolariga toʻlanadigan haq
va kompensatsiyalarning miqdorlari yuzasidan tavsiyalar berish;

Jamiyatning aksiyadoriga dividend miqdori, uni toʻlash shakli va tartibi yuzasidan tavsiyalar berish;

Jamiyatning zaxira va boshqa fondlaridan foydalanish;

Jamiyatning filiallarini tashkil etish va vakolatxonalarini ochish;

Jamiyatning shoʻba va tobe xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish;

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8 va 9-boblarida nazarda tutilgan holatlarda bitimlar tuzish haqida qaror qabul qilish;

Jamiyatning tijorat va notijorat tashkilotlardagi ishtiroki bilan bogʻliq bitimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzish.

48. Jamiyat Kengashi faoliyatining tartibi Jamiyat Kengashi toʻgʻrisidagi Nizomda belgilanadi. Jamiyat ustaviga taftish komissiyasi, Kengash va Boshqaruv aʼzolari soni oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar Kyengash yigʻilishini oʻtkazmasdan aksiyador tomonidan kiritiladi.

49. Jamiyat Kengashining vakolati doirasiga kiritilgan masalalar Jamiyat Boshqaruviga hal etish uchun berilishi mumkin emas.

50. Jamiyat Kengashi qarorlari, qonunchilikda va mazkur Ustavda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

51. Jamiyat Kengashining yigʻilishlari har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.

52. Jamiyat Kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) Jamiyat Kengashining barcha aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi mumkin.

53. Jamiyat Kengashi raisi Kengash tomonidan qaror qabul qilish paytida, agar ovozlar soni teng boʻlib qolsa, hal qiluvchi ovozga ega boʻladi.

 

Jamiyat Boshqaruvi

54. Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi - Boshqaruv tomonidan amalga oshiriladi.

55. Jamiyat Boshqaruvi vakolatiga quyidagilar kiradi:

temir yoʻl transporti tarmogʻini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish;

temir yoʻl transportini iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;

Jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari loyihasini ishlab chiqish;

Jamiyatning biznes-rejasini ishlab chiqish;

Jamiyatning harakatlanuvchi tarkibi, mashinalar, mexanizmlar va boshqa maxsus texnikaga, hamda ularni sotib olish uchun mablagʻlarga ehtiyojini, shuningdek markazlashtirilgan va boshqa manbalar hisobidan, hamda investitsiya dasturlari hisobidan moliyalashtiriladigan temir yoʻl transporti infratuzilma obyektlari qurilishlari boʻyicha va qurilish-montaj ishlariga yoʻnaltiriladigan kapital mablagʻlar hajmini aniqlash;

moliyaviy-iqtisodiy ishlarni tashkil etish va Jamiyat tashkiliy tuzilmasiga kiradigan boʻlinma, korxona, tashkilot va muassasalarni moliyalash;

davlatning ichki temir yoʻl tarmogʻida va aralash tashishlarda yuk, yoʻlovchi, pochta, bagaj va yuk bagaj tashish, shuningdek temir yoʻl xizmatlari koʻrsatilganligi uchun qoʻshimcha yigʻimlar tariflarini ishlab chiqish. Ushbu tariflarni tasdiqlash
va yigʻimlar olish tartibini ishlab chiqish qonun xujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktyabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl Ustaviga va “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi;

kapital mablagʻlar, ilmiy tadqiqotlar va umumiy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa ishlarni moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan fondlar va zaxiralarni shakllantirish;

temir yoʻl maʼmuriyatlari, yuk joʻnatuvchilar, yuk oluvchilar va ekspeditorlik tashkilotlarining tegishli murojaatlariga asosan, hamda iqtisodiy maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab temir yoʻl transportida yuklarni tashishga imtiyozli tariflar taqdim etish;

belgilangan tartibda Jamiyat tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar, muassasa va boshqa tuzilmalarni tashkil etish, qayta tuzish va tugatish boʻyicha takliflar tayyorlash, ularning vakolatlarini belgilash;

Jamiyat mulkini, shuningdek tarkibiy aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini amaldagi  qonunchilikka muvofiq boshqarish;

Jamiyat aksiyador yoki ulushdor sifatida ishtirok etuvchi yuridik shaxslar ustav fondiga qoʻshimcha hissa qoʻshish, ushbu yuridik shaxslar ustav fondidagi ulushini oshirish yoki kamaytirish, ularning tarkibidan chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

qiymati Jamiyat sof aktivlari qiymatining 15 foizigacha boʻlgan bitimlarni tuzish, bunday masalaning yechimi Jamiyat Boshqaruvining bir ovozdan qabul qilgan qarori asosida hal etiladi. Bunday yirik hajmdagi bitim tuzish yuzasidan Jamiyat Boshqaruvida yakdil qarorga erishilmasa, ushbu bitimni tuzish Jamiyat Boshqaruvi qaroriga koʻra koʻrib chiqib hal etish uchun Jamiyat Kengashiga havola etilishi mumkin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarori yoki topshirigʻiga muvofiq, Jamiyatning tijorat va notijorat tashkilotlardagi ishtiroki bilan bogʻliq bitimlarni tuzish;

Jamiyatning formali kiyim va ajratib turadigan nishonlarni olish va kiyish huquqiga ega boʻlgan xodimlari lavozimlari roʻyxatini tasdiqlash;

Jamiyat Ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Jamiyat korxonalari va tashkilotlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga oid yillik hisobotlarini va balanslarini tasdiqlash;

Jamiyat tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilot, muassasa,  korxonalarni sotish shartlari va tartibini koʻrib chiqish yuzasidan Jamiyat Kengashiga takliflar tayyorlash;

Jamiyat Kengashiga, keyinchalik takliflar kiritish uchun, temir yoʻl transporti masalalari boʻyicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini koʻrib chiqish;

Jamiyat asosiy faoliyati boʻyicha korxona va tarkibiy boʻlinmalari, ijtimoiy soha muassasalarining smeta xarajatlarini tasdiqlash;

Jamiyatning ichki tizimni hujjatlarini tasdiqlash;

Jamiyat xodimlari mehnatiga haq toʻlash shakllari, tizimlari va miqdorlarini tasdiqlash, shuningdek xodimlarni xoʻjalik faoliyati yakunlariga koʻra ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish va tasdiqlash.

56. Jamiyat Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladigan ijro etuvchi apparat ekspluatatsiya, ishlab chiqarish, moliyaviy va boshqa turdagi Jamiyat aksiyadori, Kengashi vakolatiga kirmaydigan faoliyatiga oid masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.

 

Jamiyat Boshqaruvi raisi

57. Jamiyat Boshqaruvi raisi:

Jamiyat faoliyatiga rahbarlik qiladi, Jamiyatga yuklangan vazifalarning bajarilishi, hamda mazkur Ustavga rioya qilinishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi;

Boshqaruv aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;

Jamiyat faoliyatiga oid masalalarni hal etishda ularning vakolatlarini belgilaydi;

Jamiyat aksiyadori, Kengashi va Boshqaruvi qarorlarining ijro etilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;

ijro etuvchi apparatining boshqarmalari, markazlari va boʻlimlari toʻgʻrisidagi Nizomlarni tasdiqlaydi;

Jamiyat mablagʻlarini belgilangan tartibda, ishonchnomasiz tasarruf etadi, banklarda hisob va boshqa raqamlar ochadi, Jamiyatning hisob-kitob hujjatlari va hisobotlarini imzolaydi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa yuridik va jismoniy shaxslari bilan, hamda undan tashqaridagi munosabatlarda Jamiyat nomidan ish yuritadi, Jamiyat nomidan kelishuvlar, shartnomalar, kontraktlar va boshqa bitimlar tuzadi, bunday bitimlarni amalga oshirish uchun ishonchnomalar beradi;

Jamiyat aksiyadori, Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga koʻrib chiqish uchun Jamiyat vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan qonun hujjatlari va boshqa meʼyoriy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi boshqarmalar, markazlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va tarkibiy boʻlinmalar Ustavlari va Nizomlarini tasdiqlaydi;

Jamiyatning barcha mansabdor shaxslari va xodimlari bajarishi shart boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar, koʻrsatmalar chiqaradi, shuningdek oʻzining vakolati doirasiga kiruvchi masalalarga oid yoʻriqnomalarni va boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlari chiqargan amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek Ustav va Jamiyat boshqaruvi qarorlariga zid boʻlgan buyruqlarni va boshqa hujjatlarni bekor qiladi;

Jamiyat va uning korxonalari ishlab-chiqarish, moliyaviy istiqbol rejalarining asosiy koʻlamlarini, Jamiyatning ijro etuvchi devoni, hamda Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar, muassasalar, tarkibiy boʻlinmalar shtatlari jadvallarini tasdiqlaydi;

Jamiyatni rivojlanishi uchun zarur miqdordagi foyda olish choralarini koʻradi;

Boshqaruv majburiyati va Jamiyatning biznes-xavfini sugʻurtalashni taʼminlaydi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi boshqarmalar, markazlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarini belgilangan tartibda tayinlaydi;

zaruriyat boʻlganda, markaziy va ijro apparatiga, shuningdek Jamiyatga tegishli filiallarning tuzilmasiga, mintaqaviy temir yoʻl uzellarining tashkiliy va namunaviy tuzilmalariga boshqaruv hodimlarining belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;

Jamiyatning ijro etuvchi devoni, korxona va tashkilotlar xodimlari lavozimlari nomenklaturasini tasdiqlaydi va unga muvofiq ularni ishga qabul qilish, ish joyini oʻzgartirish, boshqa ishga oʻtkazish, hamda mehnat shartnomalarini bekor qilishni amalga oshiradi;

Jamiyatning boshqa tarkibiy boʻlinmalari va ishlab chiqarish birliklarining oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlaydi;

Jamiyat xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilikda va Jamiyat xodimlarining intizomi haqidagi nizomda nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qoʻllaydi;

hodimlarni mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi, lavozim boʻyicha ish haqlarini, ularga ustamalarni, turli qoʻshimcha toʻlovlarni belgilaydi, Jamiyat xodimlarini ragʻbatlantiradi, shuningdek, Jamiyat xodimlarini ijtimoiy himoyalash maqsadida kompensatsiya toʻlovlarini joriy etadi;

Jamiyatning ilgʻor xodimlarini belgilangan tartibda koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar bilan mukofotlaydi va ragʻbatlantirishning boshqa turlarini qoʻllaydi;

Jamiyat ishchilarini ijtimoiy kafolat, mehnat muhofazasi va sanoat xafvsizligiga rioya qilinishini taʼminlaydi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati holati uchun masʼul hisoblanadi, hamda ulardagi moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan zarur choralarni koʻradi;

Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, ularning natijalarini koʻrib chiqadi va ular yuzasidan, hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qarorlar qabul qiladi va zarur choralar koʻradi;

Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxona, tashkilot va muassasalarning boshqaruv organlarida oʻz vakillarining Jamiyat nomidan ovoz berishida ularning oʻrnini belgilab beradi;

Jamiyat tomonidan amaldagi qonunchilik, mahalliy va meʼyoriy xujjatlarga rioya etilishini taʼminlaydi.

 

VI boʻlim. Jamiyatning mulki, vositalari va sarmoyalari

58. Jamiyatning mulki egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish obyektlari boʻla oladigan moddiy obyektlar, shu jumladan pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, ulushlar (paylar, hissalar) hamda nomoddiy obyektlaridan iborat boʻladi.

59. Jamiyat oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mulkiga ega boʻladi. Jamiyat oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga egalik qilishi va ularni amalga oshirishi, majburiyatlar boʻyicha javob berishi, sudda daʼvogar va javobgar sifatida ishtirok etishi mumkin.

60. Jamiyat mulki quyidagi manbalar hisobidan shakllanadi:

mahsulotlarni sotishdan, ish va xizmat koʻrsatishdan, shuningdek xoʻjalik faoliyatining boshqa turlaridan olinadigan daromadlar;

sotib olingan qimmatbaho qogʻozlardan tushgan daromadlar;

ustav kapitalida ulushga ega boʻlgan nodavlat mulkchilik shaklidagi subyektlar foydasidan, shuningdek dividendlar tarzida olinadigan daromadlar;

markazlashgan va markazlashmagan ajratmalar va mablagʻlar;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi tomonidan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

61. Jamiyatning daromadi barcha turdagi tashishlar, bajariladigan ish va xizmatlar, shuningdek Jamiyatning tarkibiy boʻlinma va korxonalarining mahsulotini sotishdan tushadigan tushumlardan markazlashgan tartibda shakllanadi.

62. Jamiyatning tarkibiy boʻlinmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalari oʻrtasida tekinga (begʻaraz) beriladigan (olinadigan) mol-mulkning qiymati daromad (zarar) deb hisoblanmaydi va qabul qilib oluvchi (beruvchi) tomonidan qoʻshimcha qiymat soligʻi va daromad soligʻi boʻyicha soliqqa tortilmaydi.

63. Jamiyat korxonalari oʻrtasidagi ichki koʻchirishlar (oʻtkazishlar), tashish jarayonini taʼminlash bilan bogʻliq ish bajarish, xizmat koʻrsatishlar mahsulot sotish (ish, xizmat)dan olinadigan daromad (aylanma) sifatida qaralmaydi.

64. Jamiyat oʻz tasarrufidagi boʻlgan mulk va mablagʻlardan barcha korxonalarning manfaatlarini koʻzlab foydalanadi. Belgilangan tartibda qurishi, qayta tiklashi, sotib olishi, koʻchma va koʻchmas mulkni xarid qilishi, olishi, ijaraga olishi va berishi (ijaraga berilayotgan mulkning ijara haqi yuz foiz miqdorida ushbu mulkni balansida saqlovchi korxonaning hisob raqamiga tushadi), hamda qonun xujjatlariga zid boʻlmagan boshqa faoliyatlarni amalga oshirishi mumkin.

65. Yangi va mavjud temir yoʻl liniyalari, temir yoʻl transporti obyektlarini qurish, hamda rekonstruksiya qilish, faoliyat yurituvchi korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash, harakatlanuvchi tarkibni sotib olish, xizmat muddatini uzaytiruvchi mukammal qayta tiklash, taʼmirlash Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturi va Jamiyatning oʻz mablagʻlari, hamda boshqa moliyalash manbalari hisobidan moʻljallangan manzilli qurilishlar dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.

66. Jamiyat faoliyati natijalari boʻyicha olingan foyda (daromad), soliqlar va byudjetga toʻlanadigan boshqa toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng, Jamiyat aksiyadori qaroriga muvofiq taqsimlanadi.

67. Jamiyat va uning tarkibiy boʻlinmalari quyidagi huquqlarga ega:

oʻzlari roʻyxatga olingan manzillar boʻyicha pul mablagʻlarini saqlash va barcha turdagi hisob-kitob, kredit hamda kassa operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida istalgan bankda hisob-kitob raqamlari va boshqa raqamlar ochish;

markazlashtirilgan kapital mablagʻlarini moliyalashtirish, ijtimoiy soha va oʻquv muassasalariga ega boʻlish, korxonalarga moliyaviy yordam koʻrsatish va shunga oʻxshash boshqa maqsadlar uchun Jamiyat Markaziy Jamgʻarmasiga sof foyda hisobidan (soliqlar toʻlangandan soʻng) pul mablagʻlarini jamgʻarish va berish;

Jamiyat boʻlinmalarida mukammal taʼmirlash ishlarini bajarish va alohida ehtiyojlar uchun (II guruh ehtiyot materiallarini saqlash) mablagʻlar zaxirasini yaratish.

VII boʻlim. Hisobga olish, hisobot berish va nazorat

68. Jamiyat va uning boʻlinmalari buxgalteriya hisobining Milliy andozalariga muvofiq tezkor va buxgalteriya hisobini yuritadi, shuningdek, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya va statistika hisobotlarini tuzadi.

69. Jamiyat korxonalari belgilangan tartibda Jamiyatga, soliq va boshqa davlat idoralariga amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq oʻzining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalari haqidagi zarur maʼlumotlarni taqdim etadi.

70. Jamiyat tarkibiga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati yuzasidan nazorat ichki va tashqi audit shaklida amalga oshiriladi.

71. Aksiyador tomonidan saylanadigan taftish komissiyasi Jamiyatning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini nazorat qiladi va moliyaviy hisobotlarda aks etgan maʼlumotlarni toʻgʻriligi boʻyicha xulosa, shuningdek moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishda, buxgalterlik hisobini olib borish tartibi va moliyaviy hisobotni taqdim qilishda qonunchilikni buzish holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Jamiyat aksiyadoriga taqdim etadi.

72. Jamiyat va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining ichki auditi, ular tomonidan mulk va mablagʻlardan maqsadli foydalanishini tekshirish, shuningdek Jamiyat ijro organining ishini nazorat qilish va baho berish Jamiyatning ichki audit xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

73. Jamiyat va uning korxonalari moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining tashqi auditi, amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq, shartnoma asosida auditorlik tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

74. Jamiyat buxgalteriya hisobining tashkil etilishi, uning holati va haqqoniyligi, yillik hisobot va boshqa moliyaviy hisobotlarning tegishli idoralarga oʻz vaqtida taqdim etilishi, shuningdek Jamiyatning faoliyati haqida kreditorlarga va ommaviy axborot vositalariga taqdim etilgan maʼlumotlar uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ravishda Jamiyatning ijro etuvchi organi masʼuldir.

75. Koʻrsatilgan hujjatlarni eʼlon qilishdan oldin Jamiyat, yillik moliyaviy hisobotlarni tekshirish va tasdiqlash uchun Jamiyat yoki uning korxonalari bilan mulkiy manfaatlar bilan bogʻliq boʻlmagan auditorni jalb etishi shart.

76. Jamiyat:

belgilangan tartibda roʻyxatga olingan Ustavini, Jamiyatning tuzilishi va qayta tashkil etilishiga doir hujjatlarni, Jamiyatning davlat roʻyxatiga olinishi haqidagi guvohnomani;

oʻz balansida boʻlgan mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni;

tarkibiga kiruvchi korxonalar va boʻlinmalar, Jamiyat filiallari va vakolatxonalari haqidagi nizomlarni;

aksiyador, Kengash va Boshqaruv majlislarining bayonnomalarini, shuningdek Jamiyat Boshqaruvining buyruq va farmoyishlarini;

davlatning tegishli organlariga taqdim etiladigan Jamiyatning moliyaviy hisobotlarini;

hayʼatlar, auditorlik tashkilotlari, davlat nazorat idoralarining xulosalari va hisobotlarini;

ustavida, boshqaruv organlari qarorlarida hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni oʻzida saqlashi shart.

 

VIII boʻlim. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish

77. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

 

Aksiyadorlar bilan korporativ munosabat boshqarmasi