SAMARALI MEHNAT RAG‘BATSIZ QOLMAYDI

Ural Chorshanbiyev 1967-yil Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. 1993-yil Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini “Iqtisodchi” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Ural aka 32 yildan buyon temir yo‘l sohasida samarali mehnat qilib, o‘zining yuqori mas’uliyati, kasbiga bo‘lgan sadoqati va tashabbuskorligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. U ilk bor mehnat faoliyatini “Qarshi” bo‘limiga qarashli temir yo‘lda yuklarni ortish-tushirish masofasining hisobchisi vazifasidan boshlagan. Shundan so‘ng tizimning boshqa yo‘nalishlarida ham qator vazifalarda faoliyat yuritgan.

 Xususan, sohadagi birgina auditor vazifasida 13 yil ishladi. Bundan tashqari, Qarshi elektr ta’minoti masofasi, “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Toshkent mexanika zavodi”, “Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari, Moliya va Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmalarida bosh direktorning moliyaviy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, ishlab chiqarish va Kadrlar bo‘limi boshlig‘i, hisobchi-iqtisodchi lavozimlarida ham mehnat qildi.

 Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “1-son qurilish-montaj poyezdi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining iqtisodchisi sifatida korxona iqtisodiy ko‘rsatkichlarining tahlilida bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib kelmoqda.

U.Chorshanbiyev ish jarayonida korxonadagi iqtisodiy tahlil, moliyaviy rejalashtirish, xarajatlar hisob-kitobi, daromad va rentabellik darajasini aniqlash hamda biznes-reja asosidagi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish ishlarini amalga oshiradi. Har bir iqtisodiy ko‘rsatkichni tahlil qilishda bilim va tajribasiga tayanadi. U o‘z vazifasini yuksak darajada bajarib, korxona iqtisodiy faoliyatining barqarorligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

‒ Ish jarayonimda, albatta, ustozlarimning maslahatlariga quloq tutaman. Ularning tajribalariga tayangan holda ish yuritishga harakat qilaman. Ayniqsa, ustozim Shermat Begmatovdan sohaga taaluqli ko‘p ma’lumotlarni o‘rgandim.

Uzoq yillik samarali va fidoyi mehnati tufayli Ural aka joriy yil “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi buyrug‘iga ko‘ra, sohadagi eng nufuzli mukofot – “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi bilan taqdirlandi. Ushbu e’tirofni qahramonimiz avvalo, jamoasining muvaffaqiyati deb biladi. Qolaversa, ustozlari hamda oilasining ham hissasi borligini ta’kidlaydi.

E’tirof etish lozimki, U.Chorshanbiyev jamoada o‘zining kamtarligi, samimiy va ochiqko‘ngilligi bilan hurmatga sazovor bo‘lgan. Oilada ham mehribon ota. Turmush o‘rtog‘i Mehriniso opa ham asli temiryo‘lchilardan bo‘lib, sohada elektr mexanigi sifatida samarali faoliyat yuritgan.

Bugungi kunda ularning 5 nafar farzandidan 3 nafari temir yo‘l sohasida operator, hisobchi, elektromontajchi bo‘lib mehnat qilmoqda.

 

N.NURMATOVA