Ixtiyor etilgan baxtiyorlik

25 yil, chorak asr. Bu albatta, oz fursat emas. Bu davr oralig‘ida dunyoga kelgan farzand navqiron yigitga aylanadi. Katta maqsadlar sari odimlaydi. Ixtiyor Berdiyev xuddi shuncha muddat temir yo‘l tizimida fidokorona mehnat qildi. U yoshlikning navqiron davridan boshlab, yeng shimarib kirishgan ishiga bu yil 25 yil to‘ldi. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida tahsil olgunga qadar, ya’ni oliy ma’lumotli kadrlar safiga qo‘shilganigacha bo‘lgan davrda ham otasi izidan borib kam bo‘lmadi. Oddiy ishchi, chilangar,sex ustasi sifatida mehnatda toblandi. “Baribir diplomli mutaxassis bo‘laman, otamning erishmagan niyatlarini ro‘yobga chiqaraman”, degan maqsad Ixtiyorning ixtiyoridagi orzularini ushaltirdi.

U o‘zi ishlab turgan korxonada 35 yoshda rahbarlik lavozimiga tayinlandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitary korxonasi tasarrufidagi “Buxoro” vagon deposi boshlig‘i sifatida ish boshladi. Butun umri davomida shu maskanda ustalik qilgan otasidan olgan saboqlari uning uchun dasturilamal vazifasini o‘tadi. Izlanish, intilish samara berdi. Bugunga kelib ustalarning ustoziga aylandi.

Ustalikdan ustozlikkacha bo‘lgan mashaqqat

“Hayot sinovlarga to‘la. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun har doim mas’uliyatni o‘z zimmamga olib o‘rganganman. Otam har doim “bir ishga kirishdingmi, astoydil harakat qilsang, o‘sha kasbdan obro‘ topasan, maqsadlaringga erishasan”, deb ta’kidlardi. Avvaliga meni o‘z oldiga chaqirib, ustachilikning sir-asrorini obdon o‘rgatdi. Shundan bo‘lsa kerak, temirni temirga urganda jarang sochadigan tovush meni har doim oldinga boshlaydigan vositaga aylanib qoldi.

“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Qorovulbozor” stansiyasida ishchi sifatida faoliyat boshlaganimda 17 yoshda edim. Ammo kasbimni sevardim. Otam aytganidan-da ko‘proq qadrlardim. To‘g‘ri, qiyinchiliklar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ammo, otamning “sendan keyingi singillaring va ukang uchun ham sen o‘rnak bo‘lishing kerak” degan so‘zlari bir lahza bo‘lsada xayolimni tark etgan emas. Kattagina oila sardori bo‘lgan otam bizni o‘qishimiz, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimiz va yaxshi yashashimiz uchun imkoniyat yaratib berdi. Shunga javoban biz ham ishonchni oqlash maqsadi bilan olg‘a intildik. Ma’lum ma’noda o‘ylaganlarimizga birma-bir erishib kelyapmiz.

Jannati insonman

Turmush o‘rtog‘im ham temir yo‘l sohasida faoliyat yuritadi. Shuning uchun oilamizda bir-birimizni tushunishimiz juda oson. Kasbimizning o‘ziga xos mashaqqati borligini rafiqam faoliyati davomida to‘liq tushunib yetgan. Ba’zida sutkalab ma’lum yumushlar bilan band bo‘lgan kezlarimiz ham bo‘ladi. Biroq, farishtalarimning tarbiyachisini bu vaqtda menga eng yaqin dalda bo‘ladigan insonim, deb bilaman. Farishtalarim, deganimning sababi bor. Menga Yaratgan 4 nafar qiz berdi. Nozanin, Kamola, Diyora, Robiya. Ularning har biri mening borlig‘im, mening boyligim. Aksariyat hollarda, qizlarim sabab jannati insonman, degan xayolga boraman. Balki shuning uchun ham mendan marhamatini ayamagandir, deb o‘ylab qolaman. 2 ta qizim maktabga boradi, 2 tasi hali bog‘cha yoshida. Kichkintoyim, o‘g‘lim o‘tgan yili dunyoga keldi. Yaxshi niyatlar bilan Muhammadsolih, deb ism qo‘ydik. Xullas, bu borada otamga o‘xshab kattagina oilaga sardorlik qilib qelyapman. Maqsadim – ularni ham ziyoli, o‘qimishli qilib, shu yurt koriga kamarbasta insonlar qilib tarbiyalash. Aslida men o‘zim temiryo‘lchilar oilasida dunyoga kelganman. Turmush o‘rtog‘im ham shu sohaning vakilasi. Ular orasida kasbimizning davomchilari bo‘lsa ham ajablanmayman.

Ketma-ket zabt etilgan marralar

Shaxsiy varaqamni ko‘rgan Kadrlar bo‘limi xodimlari har safar hayratlanib kelishgan. Unda 19 marotaba yangi ishga o‘tganligim haqida rasmiy qaydlar tushirilgan. Albatta, bu qo‘nimsiz xodim ekan, degan xulosani keltirib chiqarmaydi. Gap shundaki, o‘z mehnatim bilan yillar davomida zinapoyalardan sekinlik bilan odimladim. Avvalo, otam, shuningdek, barcha ustozlarimdan olgan o‘gitlarim natijasida hamma bosqichni ketma-ket bosib o‘tdim. Shuning uchun bo‘lsa kerak,  kasbimning barcha nuqtalaridagi jarayonlarni yaxshi bilaman. Xodimlarning mashaqqatli mehnatini qadrlayman. Qattiqqo‘l rahbar bo‘lishim mumkin, ammo har doim talabni inson omili bajara oladigan darajada qo‘yishga odatlanganman. Hazil o‘rnida tushunish mumkindir, ammo o‘zbekchilikda ismi va otasining ismini aytib munosabat bildirishga odatlanib qolishgan. Aksariyat davralarda Ixtiyor Po‘lot, degan alqovlarni ham eshitib qolaman. Chindan-da ixtiyor qilsa po‘latdek metin irodani aslida otamdan olganimni his qilaman shunday mahalda. Bu ham menga alohida shijoat bag‘ishlaydi.

Ba’zan xayolga berilaman. Qisqa fursat ichida amalga oshirgan mehnatlarim besamar ketmadi. Hatto meni 40 yoshimda faxriylar, o‘z kasbining ustalari qatoriga ham qo‘shib qo‘yishdi. Bir qator unvonlar bilan taqdirlandim. Bu ham men to‘g‘ri yo‘lda ekanimning amaldagi ifodasi bo‘lsa kerak.

Maqsadlar bizni ezgulikka boshlaydi

Hali men o‘zimni katta yo‘lning boshidaman, deb his qilaman. Menimcha, insondagi asosiy xususiyat ham shunday bo‘lsa kerak. Ko‘p narsani bilganing sari kam narsani bilishing ayon bo‘lib boraveradi. Bugun depomizda ham katta o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz bermoqdaki, bir soniya o‘qishdan, izlanishdan to‘xtasang, unda sening jamiyat uchun hech qanday foydang tegmaydi. 40 yoshda aqlan inson yetuklik pallasiga qadam qo‘yar ekan. Men ham yurtda kechayotgan, Yangi O‘zbekistondagi islohotlarga o‘zimni daxldor sanab, astoydil olg‘a intilyapman. Albatta, boradigan marram ham, erishadigan natijam ham barchasi jamoam bilan birga va ularning muvaffaqiyatida, deb hisoblayman.

Bir mo‘ysafidni sahroda uchratgan odamlar, “otaxon, qayerdan kelyapsiz”, deb savol berishibdi. Shunda haligi chol, “Vatandan”, desa, “xo‘sh, qayerga yo‘l oldingiz”, deb yana so‘roqqa tutishibdi. U esa, “Vatanga”, deya jilmayibdi miyig‘ida. Odamlar hayron. “Unda hozir qayerdasiz”, deyishsa, “Vatandaman”, degan ekan otaxon.

Bizning boshlagan har qanday ezgu maqsadimiz shu Vatanda ildiz otadi, rivojlanadi, meva beradi. Eng yaxshi tilaklarimiz faqat va faqat yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biz ham sharafli sohada shu yo‘lda ekanimizdan har doim faxrlanamiz.

Muallifdan:

Ixtiyor Berdiyevning har bir mulohazasida, qarashlarida shu yurt istiqboli uchun ishlash, yashash, boshqalarni ham shunga da’vat qilish maqsadi mujassam. O‘z kasbining fidoyi insoni bois, bugun Jamiyat tasarrufidagi vagon deposida ishlar belgilangan reja asosida davom etmoqda. Undagi ezgu intilishlar kelgusida bundan-da yuqori samaralar berishiga shubha yo‘q.


Go‘zal ABDUQODIROVA