Istiqbolli uchrashuv “O‘zbekiston temir yo’llari” AJ hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligi yanada rivojlandi

2026-yil 6-fevral kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Jamiyat rahbar mutaxassislari hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, yangilangan o‘lchash vositalari, qiyoslash va sinash stendlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, temir yo‘l sohasidagi ish jarayonlarida zamonaviy metrologik yondashuvlarni joriy etish, o‘lchash aniqligini oshirish borasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sh.Qodirov, Strategik rivojlantirish va sanoat faoliyatini tashkil etish departament boshlig‘i K.Rashidov hamda barcha korxonalar va uzellarning bosh muhandislari, metrologlari va laboratoriya rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti tomonidan ilmiy-konstruktorlik loyihalari doirasida ishlab chiqilgan, elektr texnika sanoati, energetika, neft va gaz, metallurgiya, kommunal xo‘jalik, elektr laboratoriyalari, kimyo, qurilish, mashinasozlik, aviasozlik, temir yo‘l, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida o‘lchash va sinash ishlari uchun mo‘ljallangan 17 turdagi uskunalar bo‘yicha tegishli mutaxassislar tomonidan texnik va metrologik tavsiflari taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va amaliyotga ilmiy yangiliklarni tatbiq etish istiqbollari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Shundan so‘ng ishtirokchilar institutdagi laboratoriya bo‘limlarida amalga oshirilgan yangiliklar bilan yaqindan tanishishdi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI