“Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi o‘rtasida navbatdagi hamkorlik memorandumi imzolandi

Joriy yilning 27 mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi boshlig‘i Muxsinjon Mamasidikov va Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori – professor Baxromxon Alyavi hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur memorandum bandlariga ko‘ra qo‘shma tibbiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, jamiyatlar o‘rtasida ijtimoiy va tibbiy integratsiyani amalga oshirish, ishchi-xodimlarni sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtirish modelini birgalikda ishlab chiqish va hamkorlikda sinovdan o‘tkazish belgilangan. Undan tashqari, temir yo‘l tasarrufidagi bolalar oromgohlarida maroqli hordiq chiqarish uchun bolajonlar sog‘lig‘i va xavfsizligini taʼminlagan holda ushbu oromgohlardan do‘stona va oqilona foydalanish hamda almashinuv tartibini qo‘llash, bolalarga sifatli tibbiy xizmat tashkil etish va ular orasida o‘tkir va surunkali kasalliklarni davolash hamda oldini olishga qaratilgan chora tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar o‘rtasida “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tasarrufidagi sanatoriy, kurort va pansionatlar, shuningdek, sog‘lomlashtirish sihatgohlaridan hamkorlikda oqilona foydalanish va tajriba almashish maqsadida jamiyat va korxonalarning ishchi-xodimlarini maroqli dam olishini tashkil qilish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xodimning jismoniy holati hamda maʼnaviy dunyoqarashini boyitish uchun sog‘lomlashtirish va dam olish xizmatlari bilan o‘zaro patsiyentlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti.

Shuningdek, imzolangan memorandumda statsionar va ambulator sharoitda tor doiradagi shifokorlar (pulmonolog, urolog, oftalmolog, terapevt, gastroenterolog, endokrinolog, xirurg, kardiolog va boshqa) xizmatlarini joriy qilish orqali ham ishchi-xodimlar orasida sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.


"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI