Press-tur: Jurnalistlar “Salomatlik” poyezdi va Markaziy poliklinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi

Shu kunlarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan press-tur davomida sohada olib borilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishishdi. Jurnalistlar dastlab “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatining Vagonlarni texnik va texnologik tayyorlash, taʼmirlash filialida tashrif buyurib, “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam ko‘chma profilaktika poyezdida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

“Salomatlik” tibbiy sanitar yordam poyezdi 5 ta vagondan iborat bo‘lib, 2 ta ambulatoriya, 1 ta flyuorografiya, 1 ta dizel vagon hamda yana 1 ta tibbiy xodimlar dam olishlari uchun ajratilgan vagonlardan iborat. “Salomatlik” tibbiy sanitar yordam poyezdi reja asosida uzoqda joylashgan temir yo‘l tizimida faoliyat ko‘rsatadigan ishchi-xodimlarga hamda respublikamizning chekka hududlaridagi aholiga pullik tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillarining navbatdagi manzili  poyxatimizdagi Markaziy poliklinika bo‘ldi. Temiryo‘lchilar hamda shahrimiz aholisi va mehmonlari eng ko‘p foydalanadigan ushbu maskan jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Chunki bu yerda bemorlar salomatligini tiklash uchun eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy uskunalar, respublikamizning tajribali shifokorlari mavjud bo‘lib, pullik xizmat ko‘rsatish ham boshqa shifoxona va poliklinikalarga nisbatan hamyonbobligi bilan ajralib turadi.

Hozirgi kunda poliklinadan yuzdan ziyod tajribali shifokor va 280 nafar o‘rta tibbiyot xodimi tomonidan bir kunda o‘rtacha 1500 nafar temiryo‘lchiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Bu bir yil davomida salkam 7 yuz mingga yaqin ishchi-xodimning sihat-salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashildi, degani. Bundan tashqari, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Birgina, o‘tgan yili 200 mingga yaqin aholi poliklinikaning pullik xizmatlaridan foydalandi. Ana shulardan kelib chiqib, keyingi yillarda poliklinikaning moddiy-texnik bazasi zamon talablari darajasida qayta jihozlandi, yangi asbob-uskunalar bilan boyitildi. Bo‘limlarda bemorlar uchun yangicha qulayliklar yaratilib, tashxis va davolashning eng ilg‘or usullari amaliyotga qo‘llanilmoqda.

Jarrohlik bo‘limi bemorlar eng ko‘p murojaat qiladigan yo‘nalish hisoblanadi. Bu yerda bir kunda o‘rtacha 120-150 nafar temiryo‘lchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tsa, 40-50 nafarga yaqin soha xodimlari tibbiy muolaja qilinadi. Bo‘limda jami 35 nafar, shulardan 5 ta shifokor-jarroh, 2 ta travmatolog, 1 ta onkolog, 2 ta urolog va yana 2 ta anesteziolog-reanimatolog va 1 ta endoskopist kabi o‘z kasbining tajribali mutaxassislari mavjud. Bu yerda asosan churra kesish amaliyoti, proktologik, travmatologiya, ortopediya amaliyotlari, ambulator va kichik urologik amaliyotlar hamda oyoq qon tomir kasalliklari bajariladi.

Quvonarlisi, poliklinikaning jarrohlik bo‘limiga yangi zamonaviy “Velas” nomli lazer jihoz sotib olindi. Koreyadan keltirilgan ushbu tibbiy jihozda varikoz – oyoq qon tomir kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi. Soha xodimlari orasida oyoq qon tomir kasalliklari ko‘p uchraydi. Yangi keltirilgan ushbu zamonaviy tibbiy jihoz yordamida qon tomirlarni davolashda jarrohlik amaliyoti qilmasdan, qon tomirlarni kesmasdan yengil lazer nurlari orqali ushbu kasallikni davolash yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi jarrohlik amaliyoti davomida bemor oyog‘i va qon tomirlari kesilmaydi, chandiq ham qolmaydi.

Shuningdek, jurnalistlarga Markaziy poliklinikaning operativ plastik jarrohlik bo'limi haqida ma'lumot berildi, unda ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda operativ plastik jarrohlik operatsiyalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Poliklinikaning asosiy faoliyatidan biri bu tibbiy profilaktik ko‘rik hisoblanadi. Bu nafaqat temiryo‘lchi ishchi-xodimlar sog‘lig‘ini saqlashga, balki kasalliklarni erta aniqlab, sog‘lomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni olib borishni tashkil etib, jumladan, korxona shifokori, tor mutaxassislar tomonidan dispanser ko‘riklarni yuritish, kasallik aniqlangan hududlarga chiqib, bemorlar faoliyati bilan tanishish, ish faoliyatini tashkil etish, mavzuga oid maʼruzalar o‘qish, bemorlarni statsionar va ambulator davo choralarini tashkillashtirish, sanator dam olish maskanlariga yuborishdan iboratdir.

Masalan o‘tgan yil hisobiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 10 iyuldagi 200-sonli “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq 16 ming 100 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 250 nafarida birlamchi kasallik aniqlangan. Natijada barcha bemorlar korxona shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, poliklinikada fitobar burchagi mavjud va  unda turli kasalliklarga mos dorivor choylar va kislorodli ko‘pik tashkil qilingan.

Markaziy poliklinika qoshida “Xalq tabobati markazi” ham bo‘lib, ushbu markazda hijoma, zuluk va igna bilan davolash hamda boshqa muolajalar olib boriladi. Fizioterapiya bo‘limida kasalliklarni davolashda zamonaviy asbob-uskunalardan foydalaniladi va albatta, ozon bilan davolash, VLOG (vena ichiga lazer nuri bilan davolash) yo‘lga ko‘yilgan. LFK xonalarida esa sog‘lomlashtirish davo muolajalari o‘tkaziladi.

Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari (EKG, yurak ultratovush tekshiruvi, xolter), endokrin kasalliklari (qondagi qand miqdori, qalqonsimon bez ultra tovush tekshiruvi), ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash maqsadida 45 yoshdan ayollarga mammografiya tekshiruvi joriy qilingan. Jumladan, 2023 yilning oktyabr oyida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash maqsadida aksiya tashkil etilib, unda 187 nafar ayollardan 7 nafarida mastopatiya va 12 nafarida ko‘krak bezi hosilasi aniqlanib, onkologiya markazlariga tekshirish va davolash maqsadida yuborilgan.

Temir yo‘l tizimidagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida temiryo‘lchilardan tashqari aholiga ham pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, respublikamizdagi korxona tashkilotlari bilan shartnoma asosida rejalashtirilgan holda ishchi-xodimlarga profilaktik tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda tibbiyot tizimini isloh qilish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida amalga oshirilayotgan ustuvor siyosat temir yo‘l shifo maskanlarida ham o‘zining ijobiy aksini topayotir.

2023 yil davomida “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalariga 100 tadan ziyod  zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilindi. Markaziy poliklinikaning o‘tgan 2023 yilda sotib olingan rakamli  rentgen  “ANGEL DT570” apparati, spirometr “BTL-08 Spiro” va boshqa yangi texnikalari ham soha xodimlari hamda respublikamiz aholisiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ular salomatligini muhofazalashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Press-tur yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutaxassislardan javob oldilar.



"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI