O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayonlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayonlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda
 
Bugun, 6 yanvar sanasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy apparati binosida O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori I.Sh. Narimov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov, boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Kamildjanov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning masʼul xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-329-son qarorida belgilangan vazifalar bajarilishiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, raqamli transformatsiya, operatsion samaradorlikni oshirish, harakat tarkibini yangilash va modernizatsiya qilish, tegishli infratuzilmani yaratgan holda Toshkent shahri hududida joylashgan stansiyalarni shahardan tashqariga chiqarish, bo‘sh turgan stansiya yerlarida yuk tashish hajmini oshirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash sharti bilan, auksion orqali ijaraga taklif etiladigan temir yo‘l stansiyalari bo‘yicha qilingan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori I.Narimov tomonidan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi. Jumladan shahar tashqarisiga chiqariladigan stansiyalarni tashkil etishda tadbirkorlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda Kadastr agentligi bilan birgalikda ishlarni olib borish, logistikani rivojlantirishda «Temiryo‘lkargo» AJni salohiyatini to‘liq ishga solish, Respublikamizning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, multimodal tashishlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlarini qurish, raqamlashtirish orqali korrupsiya holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish, nazorat funksiyalarini o‘rnatish, yangi tasdiqlanadigan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi Qonun”dan kelib chiqib ichki nizom va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish hamda “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi jamiyat tarkibidagi shifoxona va poliklinikalarning xizmat sifatini yaxshilash, ishchi-xodimlarning salomatligiga eʼtibor qaratishi taʼkidlab o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi, qarorda belgilangan topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI