TEZKOR: Temir yo‘l yo‘lovchilariga eʼlon!

Joriy yilning 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha “To‘qimachi” hamda “Toshkent-yo‘lovchi” temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi temir yo‘lda  texnik taʼmirlash  ishlari olib borilishi munosabati bilan “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar qatnovi “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzalidan amalga oshiriladi. 

Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari “Toshkent-Janubiy” vokzalida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lumot berishdi. 

Jumladan, “Olmaota – Toshkent – Olmaota”, “Toshkent – Novosibirsk – Toshkent”, “Toshkent – Samara – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda “Toshkent – Xojikent – Toshkent” shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar, joriy yil 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.

Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq” (Toshkent – Buxoro – Toshkent), “Nasaf” (Toshkent – Qarshi – Toshkent), “O‘zbekiston” (Toshkent – Andijon – Toshkent), hamda xalqaro yo‘nalishlardagi “Toshkent – Volgograd – Toshkent”, “Dushanbe – Toshkent – Dushanbe” yo‘lovchi poyezdlari “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzal hududidan reyslarini  amalga oshiradi.

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Toshkent-Markaziy”  hamda “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin.

“Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 Ta bir bosqichli nazorat o‘tish punktlari doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib “Toshkent-Shimoliy” vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzali orqali  6 Ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi, bundan tashqari Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida – 2 Ta “O‘zbekiston”,  Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida – 2 Ta “Sharq” hamda Toshkent – Qarshi – Toshkent yo‘nalishida 2 Ta “Nasaf” tezyurar poyezdlari har kuni qatnovini amalga oshiradi. Shuningdek, Toshkent – Volgograd – Toshkent, Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘lovchi poyezdlari ham aynan “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan harakatlanadi. Albatta, bu poyezdlar harakatlanganda “Hamza” stansiyasidan “To‘qimachi” stansiyasi orqali Angren yo‘nalishiga, yoki ushbu yo‘nalishdan “Hamza” stansiyasiga boradigan yuk poyezdlari to‘xtab turar edi. Rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganidan keyin, mazkur hududdagi temir yo‘lda poyezdlarni o‘tkazuvchanligi yana-da ortadi va yuk poyezdlarining to‘xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi.

"Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI