Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida

Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida 

Maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining 2023 yil 3 fevral kunidagi 103-N-sonli “Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2022 yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2023 yildagi vazifalar to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, “Mash’al” temir yo‘l stansiyasi hududida “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda rahbar xodim va fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibining xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda ushbu stansiya faoliyatini hamda kuch va vositalarining shayligini takomillashtirish, ishchi-xodimlarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish, shuningdek, fuqaro muhofazasi masalalari bo‘yicha tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi.

Mehnat muhofazasi vakillari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi

“Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2023 yil 24 mart kunidagi 262-N-sonli buyrug‘i bilan o‘tkazilgan “Mehnat muhofazasi oyligi” munosabati bilan uzel korxona va stansiyalari bosh muhandislari, mehnat muhofazasi muhandislari, Kasaba uyushma qo‘mitalari raislari va mehnat muhofazasi vakillari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi bosh muhandisi M.Kenjayev, uzel Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Gʻ.Daminov va Mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh.Bozorovlar so‘zga chiqib, sohada olib borilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tahlili haqida ma’lumot berib, kelgusida mehnat muhofazasi holatini yanada yaxshilash bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi. O‘quv-seminarda jarohatlangan insonga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot soha mutaxassislari tomonidan yig‘ilish qatnashchilariga ko‘rsatildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. O‘quv-seminar yakunida mehnat muhofazasi sohasida faol ishlayotgan bosh muhandislar, mehnat muhofazasi muhandislari va mehnat muhofazasi vakillari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Uch avlod uchrashuvi tashkil etildi

Toshkent temir yo‘l texnikumining 91 yilligi munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda faxriy temiryo‘lchi N.Maxbubov, Toshkent temir yo‘l texnikumi direktori v.b. A.Mavlanov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari v.b. S.Nabiyev, yoshlar yetakchisi D.Rejametova va o‘quvchiyoshlar ishtirok etdi. Tadbirda temir yo‘l sohasida 50 yil faoliyat yuritib, shundan 27 yil davomida Toshkent temir yo‘l texnikumi direktori lavozimida ishlagan, bugungi kunda esa nafaqada bo‘lgan ustoz, faxriy temiryo‘lchi N.Maxbubov so‘zga chiqib, yoshlarga o‘z faoliyati davomida erishgan yutuqlari va hayotiy tajribalari haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi. U o‘z so‘zida kechagi temir yo‘l bilan bugungi temir yo‘lni qiyoslab, erishilgan yutuqlar, yangilanishlar yangi bosqichga ko‘tarilganligini misollar bilan aytib o‘tdi. Suhbat davomida yoshlarga o‘z o‘gitlari va maslahatlarini berdi. Tadbir so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, atroflicha javoblar olishdi.

Uzel rahbariyati talabalar bilan muloqot o‘tkazdi

“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati Toshkent davlat transport universitetida o‘tkazgan uchrashuvda Qashqadaryo viloyatidan kelib, tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi. Uchrashuvda “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i Mansur Mirzayev, uzelning Xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘limi boshlig‘i Ravshan Xidirnazarov, uzelning Iqtisodiy tahlil va prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i Islom Nortajiyev hamda Hududiy yoshlar yetakchisi kengashi raisi Timur Orziyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Mutasaddi xodimlar uchrashuv davomida “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining asosiy ish faoliyati bilan tanishtirish va kelajakdagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berish bilan bir qatorda yangi kadrlarga qo‘yilayotgan talablar, universitet talabalarini amaliyotga jalb qilish va ishga qabul qilish masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tishdi. Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olishdi. Shundan so‘ng faol ishtirok etgan va iqtidorli talabalar uzel rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Turkmanistonlik temiryo‘lchilar “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga tashrif buyurishdi

Turkmanistonning “Demiryollari” ochiq aksiyadorlik jamiyati vakillari “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining ta’mirlash ishlari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Y.Hasanov hamda Turkmaniston “Demiryollari” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i I.Danatarov, Aloqa va signallashtirish boshqarmasi boshlig‘i M.Davletsaxerov hamda lokomotiv deposi boshlig‘i M.Beshimov o‘zaro tajriba almashib, mamlakatimiz temir yo‘l tizimi yangiliklaridan batafsil xabardor bo‘lishdi. Tashrif davomida Turkmaniston “Demiryollari” ochiq aksiyadorlik jamiyati vakillari depoda raqamlashtirish, lokomotivlardan foydalanish, elektrovozlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Eng faol yosh mutaxassislar saralanmoqda

“Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i tashabbusi bilan uzel hududida Aloqa va signallashtirish xo‘jaligi sohasida “Eng faol yosh mutaxassis – 2023” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi o‘tkazildi. Tanlov uzel tarkibidagi Termiz aloqa va ishorat korxonasidagi barcha syexlardan saralab olingan xodimlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda 1- va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan temiryo‘lchilar Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI