Yangi 3 ta metrobekat qurilishi yakunlanmoqda

Maʼlumki, mamlakatimizdagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan yer usti metro qurilishi poytaxtimizda bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida yer usti metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi va tarmoqning boshqa bir nechta boshqarmalaridan iborat tajribali mutaxassislari tomonidan yer usti metrosining 2-bosqichi “Qo‘yliq – Quruvchilar” yo‘nalishining 7-bekatdan 12-bekatgacha bo‘lgan 8,5 kilometrlik uchastkasida qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xozirgi vaqtda 3ta bekat qurilishi yakunlanmoqda. Shuningdek, uchastka bo‘ylab loyihada belgilangan jami 285 ta handak (kotlovan)dan 274 tasi (94 foiz), bir yarusli 285 ta poydevordan 274 tasi (94 foiz), ikki yarusli 285 ta poydevordan 274 tasi (94 foiz), uch yarusli 285 ta poydevordan 274 tasi (94 foiz), 285 ta temir-beton ko‘ndalang ustundan 273 tasi (90 foiz), 285 ta temir-beton ko‘ndalang rigeldan 292 tasi (90 foiz), 1704 ta temir-beton balkadan 1577 tasi (90 foiz) o‘rnatildi.

Qo‘yliq bozoridagi 7-bekatdan 8-, 9- hamda 10-bekatlar Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan bo‘lib, ayni paytda mutaxassislar tomonidan 7-bekatdan 10-bekatgacha bo‘lgan masofada qurilish jarayonining barcha temir-beton ishlari tugatilib, yangi va mustahkam relslar to‘liq o‘rnatib bo‘lindi. 8-bekat Qo‘yliq-1 mavzesida joylashgan bo‘lib, yo‘lning o‘ng tomoni ko‘p qavatli uylar bo‘lsa, chap tomonida aholi xonadonlaridan iborat katta-katta mahallalar joylashgan.

Arzon, xavfsiz va tezkor transport tizimiga juda katta ehtiyoj bo‘lgan bu hududda metro bekatining qurilishi shu yerda yashayotgan aholi uchun quvonchli voqea bo‘lmoqda. Bugungi kungacha 8-bekatda asosiy ishlarning qariyb 95 foizi bajarib bo‘lindi. Mazkur bekat 2 qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda jami 28 ta xona qurildi, ularda maxsus elektr energiyasi, aloqa tizimi hamda yong‘in xavfsizligi xonalari, shuningdek, tibbiyot punkti, ishchi-xodimlar xonasi va kassa mavjud. Perron esa 2-qavatda bo‘lib, umumiy uzunligi 105 metrdan iborat. Quruvchilar tomonidan bu yerda tom yopish ishlari tugatilib, ichki-tashqi fasadni pardozlash, bekat yon-atrofini obodonlashtirish, elektr energiyasi, santexnika va aloqa ishlarini montaj qilish so‘nggi bosqichda davom etmoqda. 9-bekat Qo‘yliq-4 hamda Qo‘yliq-5 mavzelarida joylashgan bo‘lib, hozirgacha eng ko‘p ish qilingan bekat bo‘lib turibdi. Bu yerda asosiy qurilish va pardozlash ishlarining qariyb 99 foizi yakuniga yetgan. Birinchi qavatdagi barcha xizmat ko‘rsatish va texnika xonalari to‘liq taʼmirdan chiqarilib, 2-qavatdagi perron qismida ham zamonaviy va mustahkam, uzoq muddatga chidamli marmar mahsulotlaridan foydalanildi. Tom qismini barpo etishda ham shahrimiz iqlimiga mos issiq va sovuqdan saqlovchi qurilish mahsulotlaridan foydalanilgan. Peshtoqlarga ham ko‘rkam dizaynga ega chidamli va mustahkam bezakli mahsulotlar o‘rnatildi.

Bekat atrofi obodonlashtirilib, manzarali ko‘chatlar, anvoyi gullar, ko‘rkam bruschatkalar bilan bezatildi. Ushbu yo‘nalishning 10-bekati Sergeli tumanidagi Qo‘yliq-7 mavzesida joylashgan bo‘lib, metro yo‘nalishining Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasiga burilish yaqinida joylashgan. 10-bekatda ham asosiy qurilish ishlari tugatilib, so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha bu bekatda ham asosiy ishlarning qariyb 98 foizi yakuniga yetay deb qoldi. Ushbu hududda ham ko‘p qavatli aholi turar joylari nihoyatda ko‘pligi bois foydalanuvchi yo‘lovchilar soni ham ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.


8-, 9-hamda 10-bekatlardagi qurilish jarayoni va so‘nggi pardozlash ishlarini kuzatib, keng, yorug‘ va ko‘rkam har bir bekat o‘ziga xos dizaynda, ayniqsa, binolarning tashqi qoplamasi sifatli va har qanday ob-havoga chidamli marmar va bir-biriga o‘xshamagan ko‘rkam rangdagi kafel mahsulotlari bilan bezatilganiga guvoh bo‘ldik. Bekatlarning 2-qavatdagi perron qismi ko‘rinishi ham bir-birini takrorlamaydi. Dizayni, qurilish mahsulotlarining turi va rangida farq bor. Bu esa bekatlarning o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lganidan dalolatdir. Har bir bekatda yong‘in xavfsizligi yo‘lagi tashkil etildi. Mavjud 3 ta bekatda zamonaviy lift va eskalatorlar ham o‘rnatildi.

7-bekatdan 10 bekatgacha bo‘lgan metro yo‘nalishida barcha poydevor, temir-beton ustun va balkalar to‘liq o‘rnatilib, ikki yo‘nalishga 8 ming 700 metr yangi temir yo‘l relslari yotqizildi. Ayni paytda bu hududlarda Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufidagi korxonalar yo‘lsozlari tomonidan relslarni mustahkamlash ishlari bajarilmoqda. Energetiklar elektr simlarini o‘rnatishyapti. 7-bekatdan 10-bekatgacha bo‘lgan mustahkam temir-beton konstruksiyalarni ko‘rkam ko‘rinishga keltirish uchun bo‘yab chiqilmoqda.

Loyihaning Toshkent halqa yo‘lidan poytaxt viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasiga burilish qismidagi monolit usulida bunyod etilayotgan estakada yo‘lida esa qurilish ishlari yakunlandi. Shuningdek, Xonobod ko‘chasidagi metro yo‘nalishida poydevor, temir-beton usunlar, rigellar hamda balkalarni o‘rnatish ishlari ham yakunlanyapti. 11-bekat binosining ichki va tashqi devorlarining suvoq ishlari hamda Qipchoq ko‘chasidagi 12-bekatda 85 foiz ishlar bajarilib, tom yopish, ichki va tashqi devorlarda suvoq ishlari olib borilmoqda.

Toshkent yer usti halqa metro yo‘nalishining 2-bosqichida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga 116 ta texnika, mashina va mexanizmlar hamda 2 ming 650 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan. Ishchi-quruvchilar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan. Ularning mehnat muhofazasiga qatʼiy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishi nazoratga olingan. Qurilish obyektiga zarur mahsulotlar ham o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Taʼkidlash joizki, yer usti metrosini qurilishi jarayonida bajarilayotgan ishlarning sifati bo‘yicha Davlat arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi hamda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat olib borilmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, yer usti metro yo‘nalishining 2-bosqichidagi 5 ta bekat qurish va 8,5 kilometrlik uchastka yo‘llarida po‘lat izlar o‘rnatish ishlari joriy yil yakuniga qadar yakunlanishi belgilangan. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod bo‘ladi. Bekatlar soni 50 taga yetadi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 600 minggacha oshadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratilib, metro harakatining tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqaradi.


 Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI