InnoTrans 2022: Yangi muzokaralar va hamkorlik muhokamalari

Bugun Berlin shahrida (Germaniya) “InnoTrans 2022” transport texnologiyalarining eng yirik xalqaro savdo ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirdi. Eslatib o‘tamiz, unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi v.b. X.N.Xasilov boshchiligidagi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Xabar berganimizdek, kuni kecha Germaniyaning «KfW» taraqqiyot bankning imtiyozli kredit liniyasidan foydalanish uchun memorandum imzolandi hamda Polshaning «Pesa» konserni va Xitoyning "SRRS Sorporation Limited" korporatsiyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

“InnoTrans 2022” ko‘rgazmasining uchinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi temir yo‘l sohasidagi dunyodagi yetakchi hisoblanayotgan ishlab chiqarish kompaniyalari bilan bir qator samarali uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, “Škoda” (Chexiya) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda zamonaviy elektrovozlarni sotib olish bo‘yicha takliflari o‘rganildi.

Shveytsariyalik «Stadler» kompaniyasining nafaqat elektrovozlar va yo‘lovchi vagonlari, balki yuk va yo‘lovchi lokomotivlarining zamonaviy texnikalarining taqdimoti bilan yaqindan tanishildi, takliflari o‘rganildi. Bundan tashqari, bu kabi temir yo‘l texnikalarni bizning mamlakatimizda ham hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchilaridan biri, ko‘p yillik hamkorlarimiz – Ispaniyaning “Patentes Talgo S. L. U.” kompaniyasi bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yurtimizga qo‘shimcha yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni sotib olish masalalari muhokama qilindi va yaqinda eʼlon qilinishi kutilayotgan tenderda ushbu kompaniya ishtirok etishi taklif etildi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha uzoq muddatli munosabatlarini davom ettirishga kelishib oldilar.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida boshqa ekspozitsiyalar va taqdimotlar bilan yaqindan tanishib, Yevropa temir yo‘llarida harakatlanadigan va ishlab chiqarilayotgan yo‘lovchi vagonlarining talab va takliflar o‘rganildi.

Xalqaro ko‘rgazma o‘z ishini ertaga, 23 sentyabr kuni ham davom ettiradi.

Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI