O‘zbekiston – Afg‘oniston: Temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasi muhokama qilindi

Maʼlumki, joriy yilning 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

 Unda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttakiy boshchiligidagi Muvaqqat hukumati delegatsiyasi hamda O‘zbekiston hukumati, turli vazirlik va idoralar rahbarlari va dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan hukumat vakillari, mutaxassislar ishtirok etmoqda. Xalqaro konferensiyada asosiy masalalardan biri – transport-kommunikatsiya yo‘nalishini, xususan, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston davlatlari orasida temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha loyiha ishlarini ko‘rib chiqish masalasi ham o‘rin olgan.

Shu munosabat bilan, bugun 25 iyul kuni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov Afg‘oniston temir yo‘llari bosh direktori Baxt Ul-Raxmon Sharofat hamda uning texnik masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Seddiki Abdul Bari bilan uchrashdi.

Tadbirda X.Xasilov  “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘lini qurilishi mintaqa davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo hamda Afg‘oniston mamlakati uchun yirik istiqbolli, iqtisodiy jihatdan katta foyda bo‘ladigan loyiha ekanligini taʼkidlab, tezroq ushbu qurilishni amalga oshirish va bu yo‘nalishda yuk tashishni taʼminlab, O‘zbekiston doxil qo‘shni davlatlarni temir yo‘l orqali Pokiston bandargohlariga chiqishini amalga oshirish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga Afg‘oniston uchun ham keng qamrovda tranzit imkoniyatlarini yaratib, ushbu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga, xususan, temir yo‘llarini tez orada taraqqiy etib ketishiga sabab bo‘lishini taʼkidladi. Buning uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston temir yo‘llariga zarur bo‘ladigan barcha yordamlarni berishga tayyorligini aytib o‘tdi.

O‘z o‘rnida Afg‘oniston temir yo‘llari bosh direktori Baxt Ul-Raxmon Sharofat ham X.Xasilovga qabul uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, yaqin qo‘shni va birodar xalq bo‘lgan O‘zbekiston bilan Afg‘oniston aloqalari har tomonlama ishonchli rivojlanayotganidan mamnun ekanligini aytib o‘tdi. Bu ayniqsa, transport-kommunikatsiya tizimidagi uzoq yillik ishonchli hamkorlik yana-da rivojlanishiga katta umid bildirdi.

Uchrashuvda shuningdek, Afg‘oniston temir yo‘llari rahbari afg‘onistonlik yoshlarni O‘zbekistonda tahsil olishini yana-da ko‘paytirishda hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ham aytib o‘tdi.

Maʼlumki, Afg‘onistonda dastlabki temir yo‘l liniyasining foydalanishga topshirilishi 2011 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qo‘shni davlatda 75 kilometrlik “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘l uchastkasi qurib berilgan edi. Bugungi kunda ushbu uchastkani ekspluatatsiya qilish ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Sogdiana Trans” shoʻba korxonasi mutaxassislari tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI