“Afrosiyob”: O‘zbekiston Mustaqilligining 30-yilligiga to‘yona

Bugun, Toshkent shahrida O‘zbekistonga yangi keltirilgan “Afrosiyob” – yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. Xasilov Xusnutdin Nuriddinovich hamda Ispaniyaning "Patentes Talgo S.L.U." kompaniyasining Toshkent shahrida joylashgan filiali direktori Хавьер Ромеро Кабаллеро ishtirok etdilar.

– Maʼlumki, yurtimizga dastlabki ikkita “Afrosiyob” poyezdlari 10 yil oldin, 2011 yilda va keyingi yana ikkita harakat tarkibi esa 2017 yilda olib kelindi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov. – Mazkur elektropoyezdlarning xarid qilinishi O‘zbekiston temir yo‘llarida yo‘lovchi tashish sifatini oshirib, mamlakatimiz transport-kommunikasiya tizimlarining jaxon standartlari darajasiga olib chiqdi.
 
Xabaringiz bor, 2019 yil iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi bilan yana ikkita Talgo-250 rusumli yuqori tezlikdagi poyezdlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shartnoma qiymati 57,5 million evroni tashkil etdi. Moliyalashtirish Ispaniya kompaniyalarining korporativ xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM) tomonidan amalga oshiriladi. Investitsiya loyihasiga ko‘ra, ikkita poyezddan tashqari, Ispaniya kompaniyasi to‘rtta Ekonom-klass turdagi vagonlar, shuningdek, taʼmir ishlari uchun kerakli uskunalar yetkazib beriladi.

– Avvalo, O'zbekiston temir yo'l ma'muriyatiga chuqur hurmat va ehtirom bildirmoqchiman, – deydi Ispaniyaning "Patentes Talgo S.L.U." kompaniyasining Toshkent shahrida joylashgan filiali direktori Хавьер Ромеро Кабаллеро. – Bizning hamkorligimiz 10 yil davom etmoqda va biz ushbu qo'shma loyihani rivojlanib borayotganidan mamnunmiz va sizlarning quvonchingizni va ushbu g'alabani siz bilan baham ko'rishimizdan g’oyat xursandmiz.

Bugungi kunda yurtimizda mazkur rusumli poyezdlarining to‘rttasi Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qarshi kabi shaharlariga qatnovlarni amalga oshiradi. Yaqin kelajakda esa, Buxoro – Xiva yangi temir yo‘linida elektrifikatsiya ishlari yakunlangach, yuqori tezlikdagi poyezdlar yo‘nalishi Xorazmga qadar etib boradi.

Joriy yil iyul oyining boshlarida yangi, yuqori tezlikdagi harakat tarkiblari yuk kemasiga ortilgan bo‘lib, dastlab 4000 km masofani kemada Ispaniyaning Bilbao shahridan Rossiya Federasiyaning Sankt-Peterburg shahrigacha yetkazilgan. 20 iyul kuni “Afrosiyob” poyezdi Sankt-Peterburg shahridan chiqib, 4200 km masofani Rossiya Federasiyasi va Qozog‘iston orqali bosib o‘tib O‘zbekiston tomon yo‘l oldi va bugun, 24 iyul kuni Toshkentga yetib keldi. Navbatdagi, beshinchi poyezd investitsiya loyihasi doirasida xarid qilindi. Joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida ushbu turdagi yana bir harakat tarkibi yetkazib berilishi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, bundan 10 yil ilgari, aniqrog‘i 2011 yilda yurtimizga birinchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi olib kelingan bo‘lib dastlab Toshkent va Samarqand o‘rtasida harakatlana boshladi. Poyezd VIP-, Biznes- va Ekonom-toifadagi vagonlarini, shuningdek Bistro-vagonini o‘z ichiga oladi. Poyezd soatiga 230 km tezlikgacha harakatlanmoqda va Toshkentdan Samarqandgacha 2 soat 08 daqiqa, Buxorogacha 3 soat 51 daqiqa va Qarshigacha 3 soat 21 daqiqada masofani bosib o‘tadi. 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi yuqori tezlikdagi temir yo‘l infratuzilmasiga ega bo‘lgan dunyoning 20 mamlakat ro‘yxatidan joy egallab, “Global High-Speed Train Ranking” reytingiga kiritilgan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati hisoblanadi.
Yangi poyezdlar bugungi kunda O‘zbekistonda foydalanilayotgan ushbu turdagi poyezdlardan sezilarli farq qilmaydi. 2ta bosh lokomotiv va 11ta, shu jumladan, 2ta VIP-, 2ta Biznes-, 6ta Ekonom va   1-ta Bistro toifadagi vagonlardan iborat. Yangi poyezdlardagi o‘rindiqlar soni – 286ta.

Yangi keltirilgan poyezd bilan Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasining 25 mutaxassislari ham etib kelishdi. Bizning mutaxassislari bilan birga ular bir oy davomida yangi poyezdni sozlash va ishga tushirish ishlari hamda yangi harakat tarkibning test sinovlarini o‘tkazadilar. Bundan tashqari, mavjud 2 ta Ekonom toifadagi (xar biri 36ta o‘rinli) 218 o‘rinli “Afrosiyob” poyezdlari, bugun yetib kelgan zaxira vagonlar (ikkita) bilan to‘ldiriladi va xar birida o‘rindiqlar soni 286ni tashkil etadi.

Tadbir ishtirokchilari shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi Quyuv-mexanika hamda Andijon mexanika zavodlarida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan katta hajmli konteynerlarni tashish uchun vagon-platforma, mineral o‘g’it tashuvchi bunkerli (xopper) vagon va suyultirilgan gaz tashish uchun vagon-sisternalar bilan tanishdilar.

Axborot-tahliliy media markazi


0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI