Media-tur: Poytaxtning yangi metro yo'nalishlaridagi qiziqarli va dolzarb masalalar

Joriy yilning 4 sentabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Toshkent metropoliteni” UK mutaxassislari bilan hamkorlikda media-tur tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari metropolitenining nafaqat yangi obyektlari bilan tanishish, balki ularni qiziqtirgan bir qator dolzarb savollarga javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.

“Toshkent metropoliteni” UK mas’ul xodimlari yangi metro bekatlarining faoliyati, ulardagi mavjud imkoniyatlar va qulayliklar haqida mehmonlarga atroflicha axborot berishdi. Shuningdek, kelajakdagi istiqbolli rejalar haqida ham qisqacha gapirib o‘tildi. 

Jurnalistlar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar qatorida stansiyalarning nomlari, ya’ni ular nima uchun raqamlarda atalishi so‘raldi. Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan ham tez-tez so‘ralayotgan ushbu savolga aniqlik kiritildi. Mutaxassislar buni vaqtinchalik holat deb tushuntirdilar. Mazkur masala "Toshkent metropoliteni" UKning emas, balki Toshkent shahar hokimligi huzuridagi geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha shahar komissiyasining vakolatiga kirishini aytib o‘tildi. Bundan tashqari Toshkent metrosining halqa yo'lini qurish loyihasi hali to‘liq amalga oshirilmaganligi hamda uning atigi 1/5 qismi foydalanishga topshirilganligi ta'kidlandi. Stansiyalarning nomlanish jarsyoni loyiha yakuniga yetgach amalga oshirilishi aytildi. Umuman olganda, loyihaga binoan halqa yo‘lida 35 ta metro bekati foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ma'lumki, shu kunlarda ulardan yettitasi ishga tushirildi.

Shuningdek, jurnalistlarga yangi stansiyalarda joriy etilgan va poytaxtdagi boshqa mavjud metro stansiyalarida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan yangi to'lov tizimi bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Bunga kora, jami bo‘lib to'lovniuch xil usulda oshirish imkoniyati bo'ladi - maxsus plastik kartalar orqali (muntazam ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega), QR kodli qog‘ozli cheklar (bir martalik va faqat sotib olingan joylarda ishlatiladi), shuningdek, egasining bank kartasi bog‘langan uyali telefonlar orqali to‘lovlardir. Oxirgi usul mutaxassislar tomonidan joriy etish jarayoni yakunlanmoqda. Bu hali hammasi emas, kelajakda moslashuvchan bonus tizimini va ayrim toifadagi yo‘lovchilar uchun bir qator imtiyozlarni joriy etish yuzasidan ish olib borilmoqda.

  

Jurnalistlar tadbir davomida “Do'stlik-2” stansiyasidan “Qo‘yliq” stansiyasigacha yerusti metro liniyasida sayohat qilish imkoniga ega bo‘lishdi. E'tiborlisi, yangi yo‘nalishda kunduzgi paytida (tig'iz paytidan boshqa vaqt) poyezdlarda odamlar ko‘p bo‘lishiga va yangi yo'nalishga talab yuqori ekanligiga ishonch hosil qilishdi. Yangi yo‘nalishdagi zamonaviy poyezdlar alohida tahsinga loyiq, bu alohida mavzu albatta. Shu bilan birga, vagondagi bunday issiq kunda nafaqat yoqimli salqin atmosferani xis etishingiz, balki nafas olishda boshqaca engil ekanligiga e'tiboringizni tortadi. Gap shundaki, salondagi belgilangan harorat havoni mo'tadillashtiruvchi va zararlantirish tizimlari orqali bir maromda taqsimlanmoqda.

  

“Qo‘yliq” stansiyasida qurilayotgan halqa metro liniyasining navbatdagi bosqichlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan, metropolitenning yer usti loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ortiq ekanligi qayd etildi va uni besh bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilganligiga to'xtalib o'tildi. 35 ta stansiyadan iborat barcha liniyalarning umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil qiladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI