Faxriylar yangi qurilgan metro yo'nalishlari bilan tanishishdi

Joriy yilning 30 avgust kuni “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi rahbariyati mutaxassislari, faxriy temiryo'lchilar, mehnat faxriylari, bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari hamda OAV vakillari yangi qurilgan metro yo'nalishlariga tashrif buyurishdi.

Dastlab birinchi manzil Yunusobod yo'nalishi bo'ldi. Mehmonlar “Bodomzor” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poyezdda borib, amalga oshirilgan ishlarni ko'zdan kechirishdi. Yo'l yo'lakay mutaxassislar tomonidan faxriylarga temiryo'lchi quruvchilar tomonidan bunyod etilgan metro liniyalari, bekatlarning o'ziga hos jihatlari haqida atroflicha ma'lumot berildi. Xususan, Yunusobod metro yo'nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi Prezidentimizning 2016 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangani aytib o'tildi. Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar bo'lib, 2,9 kilometr metro yo'li hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etildi. 

Metro poezdi “Yunusobod” hamda “Turkiston” bekatlarida to'xtagach, mehmonlarga ularda amalga oshirilgan qurilish ishlari va yo'lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Jumladan, yo'lning 850 metr qismi yer osti suvi ko'p joyga to'g'ri kelgan. Shu bois yangi loyihada Germaniya texnologiyasi qo'llanilib, suvli joydan halqasimon temir-beton tyubinglarni o‘rnatish orqali qurib o'tilgan. Mutaxassislarning aytishicha, bu transport tarmog'i iqtisodiyot va ekologiya jihatidan ulkan ahamiyatga ega. Xususan, mazkur ikki bekat orqali kuniga 7,5 ming yo'lovchiga xizmat ko'rsatiladi. Natijada avtobuslar yo'nalishi optimallashib, avtomobillar tirbandligi kamayadi. Yiliga 5,3 ming tonna zararli gaz atmosferaga chiqishining oldi olinadi. Bekatning har bir hududi to'liq kuzatuv va xavfsizlik kameralari, zamonaviy havoni m‘tadillashtiruvchi uskunalar va yuqori tovushlarni bosuvchi texnika bilan jihozlangan. 

Yunusobod metro liniyasining yangi yo'nalishlarini tomosha qilib bo'lgan mehmonlar yer usti halqa yo'lining birinchi bosqichi bo'lgan “Do'stlik-2 – Qo'yliq” yo'nalishida bunyod etilgan yangi liniyaga tashrif buyurishdi. Dastlabki tanishuv “Do'stlik-2” bekatidan boshlandi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilib, yangi yo'nalishning uzunligi 11,5 kilometrdan iboratligi aytib o'tildi. Halqa metro yo'nalishining ushbu dastlabki yettita bekatidagi ko'rkam ko'rinish, atrof muhitning obodonlashtirilgani va yo'lovchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Rossiya Federatsiyasidan Toshkent yer usti metro yo'nalishi uchun keltirilgan zamonaviy metro poezdlarining qulayligi haqida alohida gapirish mumkin. Mehmonlar ko'rkam metro poyezdida yurib, ushbu yo'nalishning barcha bekatlari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur yo'nalishda poezdlarning o'rtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi va har biri 4 ta vagondan iborat. 

“Qo‘yliq” bekatida mehmonlarga halqa metro qurilishning keyingi bosqichlar bo'yicha atroflicha ma'lumot berildi. Unga ko'ra yer usti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod bo'lib, beshta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda Qo'yliq bozori bilan Toshkent yer osti metrosining “Olmazor” bekati bog'lanadi. Uchinchi bosqichda “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha bo'lgan qism quriladi. So'nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Do'stlik” bekatiga ulanadi. Bu yo'llarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr bo‘lib, bekatlar 35 tani tashkil etadi.

“Do'stlik-2” – “Qo'yliq” yo'nalishi foydalanishga topshirilishi hisobiga 225 yangi ish o'rni yaratildi. Ushbu yo'nalish kuniga 46 ming yo'lovchiga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega. Umuman aytganda, Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yo'lovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi –Yunusobod, Sergeli va Qo'yliq yo'nalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan.






Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI