O‘zbekiston – Xitoy: O‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Bugun, 2024-yil 7-mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati va Szyansu provinsiyasi (Xitoy Xalq Respublikasi) Nantun shahri delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov va Nantun shahri xalq hukumati merining o‘rinbosari Li Ling boshchiligida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Nantun delegatsiyasi o‘z shahri haqida batafsil ma’lumot berib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro yuk tashish holatini o‘rgandi. Toshkentda ham, Nantunda ham xorijiy omborlar va logistika bazalarini yaratish rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar Nantun shahrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tadbirkorlar bilan konferensiya o‘tkazishga qaror qildilar. Ushbu qaror Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yuk tashishni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur uchrashuv “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Nantun shahri o‘rtasida temir yo‘l logistikasi sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lib, transport infratuzilmasini rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasida yuk tashish hajmini oshirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI