Investloyiha: Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari mamlakatimiz magistral infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha kompleks rejalarni amalga oshirishga qaratilgan. 2022-yilda ana shunday loyihalardan birini amalga oshirish davom ettirilmoqda, bu – “Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish”. Ma'lumki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (AIIB) ushbu uchastkani elektrlashtirish uchun kredit ajratishni ma'qullagan.
Sayyohlik salohiyatini yuksaltirishga ko‘maklashuvchi va mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirish omillaridan biri bo‘lgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik “2-koridor” dasturining bir qismidir. Ushbu dasturning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo orqali Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi transport koridorini tashkil etish imkonini yaratadi. Temir yo‘l aloqalarining tezligini va sifatini oshirish, qo‘shni davlatlar bilan aloqa va savdoni yaxshilashga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4937-son “2021-2023-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 16 iyuldagi PQ-3857-son “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorilariga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Kapital qurilish direksiyasi bosh loyihachi “BoshTransLoyha” AJ bilan birgalikda “Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi.
Ma’lumki, Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi elektrlashtirilgan uchastkaning umumiy uzunligi 465,5 kilometrni tashkil etadi. Loyihada rejalashtirilayotgan ishlarga ko‘ra, elektr tutashtiruvchi tarmog‘ining navbatchilik binolar, qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalar, avtomobillar uchun yo‘l o‘tkazgichlar hamda lokomotiv brigadasi uchun dam olish uyi qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish punktlari va qismlarga ajratish hamda joriy ta’mirlash sanoat korxonasini rekonstruksiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish binolarni qurish (post ES) va boshqa temir yo‘lga texnik xizmat ko‘rsatish bino va inshootlarini qurish loyihasi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyihani elektrlashtirish ishlari bir vaqtning o‘zida Buxoro va Xorazm viloyatlaridan ikki tomondan bir-biriga qarab amalga oshirilmoqda. Ayni paytda kontakt tarmog‘ining poydevori va temir-beton tayanchlari o‘rnatilmoqda. Yuqori tezlikda qatnovchi poyezdlar yo‘nalishi bo'ylab himoya panjaralar ham o‘rnatiladi. Aloqa tarmog'ini o'rnatish uchun 12 ming donadan ortiq temir-beton ustunlar o'rnatish, shuningdek, ushbu elektrlashtirilgan uchastkaga xizmat ko'rsatish uchun maxsus jihozlar va shaxsiy himoya vositalarini xarid qilish rejalashtirilgan.
E’tirof etish lozimki, ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi kelgusida Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Tabiiyki, bu safar uchun ketadigan vaqt, yonilg‘i va boshqa xarajatlarning ham tejalishiga zamin yaratadi. Qolaversa, atrof-muhit ekologiyasiga ham salbiy ta’sirini kamaytiradi.
Ushbu loyiha yakuniga yetgach, Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuk va yo‘lovchi poyezdlarining elektrovozlarda harakatlanishiga imkon yaratiladi. Eng muhimi Toshkent – Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI