Yer usti metro yo‘nalishining 2-bosqichidagi "Qo‘yliq – Qipchoq" oralig‘idagi qurilish ishlari

Qo‘yliq hududidan Toshkent halqa yo‘nalishi bo‘ylab 2,5 kilometrga yaqin yangi relslarning dastlabki qismi yotqizildi. 

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan maʼlumki, katta shaharlar, yirik megapolisga aylangan poytaxtlarda transport tirbandliklarini bartaraf etishda asosiy yechim sifatida jamoat transportini rivojlantirish, aholi va yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulay, xavfsiz va tezkor transport turlarini yo‘lga qo‘yish orqali bu muammolarni yechimini topishmoqda.

Mamlakatimiz poytaxti, Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p bo‘lgan Toshkent shahrida ham bugun transport soni yil sayin ortib, shahrimizning asosiy ko‘chalarida tirbandliklar tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi besh yil davomida poytaxtimizda katta qurilish ishlari olib borildi, ko‘p qavatli aholi turur joylari massivlari barpo etildi. Avtomobil yo‘llari kengaytirildi, yangi va zamonaviy yo‘l o‘tkazgichlar qurildi, shahrimiz hududi kengayib bormoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan aholini poytaxtga doimiy ro‘yxatga qo‘yish tizimida amalga oshirilgan islohotlar tufayli Toshkent aholisi kun sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda shahrimizda uch yarim million aholi muqim istiqomat qilayotgan bo‘lsa, bir sutka davomida respublikamizning boshqa viloyatlari, qo‘shni davlatlar hamda dunyoning turli hududlaridan 1 millionga yaqin aholi Markaziy Osiyoning eng katta shahriga kelib ketadi. Qolaversa, ayni paytda Toshkent shahrida 630 mingdan ortiq avtomobillar ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bir sutka davomida shahrimizga yana 300 mingga yaqin yengil va og‘ir mashinalar kelib ketadi.

Mutaxassislarning fikricha Toshkentning yil sayin rivojlanib, farovon shaharga aylanib borishi kelgusida aholi hamda avtomobillar sonini yana-da ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa shaharda aholi ishga borish va kelish vaqtlarida transport tirbandliklarini bundanda ortishi ehtimoli yuqori.

Shu bois davlatimiz rahbari bu kabi muammolarni oldindan ko‘ra bilib, bartaraf etish choralarini bundan 5 yil oldin anglab, jamoat transportini rivojlantirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bunda aholi uchun eng zamonaviy, xavfsiz, qulay va tezkor transport turi bo‘lgan yangi metro yo‘nalishlarini qurish tashabbusi ilgari surildi. Buning uchun Prezidentimizning 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida yer usti metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori eʼlon qilindi.

Unga ko‘ra mamlakatimizda ilk bor estakada shaklida yer usti metro liniyasi hamda yer osti yo‘nalishlarini qurish boshlandi. Bu ishlar qurilish sohasida katta tajribaga mutaxassislar va zamonaviy texnikalarga ega “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish" Tresti unitar korxonasi jamoasiga ishonib topshirildi. Shundan so‘ng temiryo‘lchilar tomonidan Toshkent halqa yer usti metropoliteni liniyasining 1-bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasi hamda Toshkent metropolitenining yer usti Sergeli yo‘nalishi va Yunusobod yo‘nalishining yer osti 2-bosqichlari qurildi.

2020 yilning dekabr oyida esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan yer usti metro liniyasining 2-bosqichi bo‘lgan 11,62 kilometrlik “Qo‘yliq – Qipchoq” uchastkasida qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ushbu uchastka hududlarida yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Toshkent halqa yer usti metro yo‘lining 2-bosqichi Qo‘yliq bozoridan  Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Toshkent katta halqa yo‘li, poytaxt viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq ko‘chasidan o‘tib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi va Yangi hayot tumanidagi Toshkent metallurgiya zavodi hududigacha yetkaziladi. Ushbu uchastkada 7 ta bekat qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda Qo‘yliq bozori hududidagi “7-bekat”dan Sergeli-qurilish mavzesidagi (Stroitelniy) “12-bekat”gacha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda loyihaning 2-bosqichida 11,62 kilometrlik “Qo‘yliq – Qipchoq” uchastkasida qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, loyiha bo‘yicha shu kunga qadar 2 ming 418 ta temir-beton balkadan 1 ming 14 tasi, 405 ta temir-beton ko‘ndalang ustundan 203 tasi, 405 ta temir-beton ko‘ndalang rigeldan 198 tasi, 405 ta 1 yarusli temir-beton fundamentdan 210 tasi, 405 ta 2 yarusli temir-beton fundamentdan 210 tasi hamda 405 ta xandaq (kotlovan)dan 212 tasi bajarildi. 2-bosqich qismida 5 ta bekatni qurish ishlari olib borilmoqda.

Yer usti metro yo‘nalishining birinchi bosqichi bo‘lgan Do‘stlik – Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta bekat qurilgan bo‘lsa, Qo‘yliq bozori hududidagi “7-bekat” birinchi bosqichning so‘nggi bekatidir. Ayni paytda Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab qurilayotgan 2-bosqichda 8-,9-,10-bekatlar oralig‘ida poydevor, ustun hamda rigellar va ularga 26 metrlik balkalar o‘rnatib bo‘lindi.

Bekatlarda esa qurilish ishlari davom etmoqda. Xususan, 8-bekatning birinchi qavatida asosiy qurilish ishlari deyarli tugatilib, so‘nggi pardozlash ishlari bajarilmoqda. Bino devorlari har qanday ob-havoga chidamli, mustahkam kafellar hamda marmarlar bilan qoplanmoqda. Bino ichi ham milliy dizayn asosida bezatilib, zamonaviy eshik-romlar qo‘yilib, yo‘laklarga ko‘rkam marmarlar o‘rnatilmoqda. Stansiyaning 2-qavatdagi perron qismida ham qurilish ishlari boshlab yuborildi.9- hamda “10-bekat”da ham asosiy qurilish ishlari tugatilib, binoning 1-qavatidagi ichki va tashqi qismida  pardozlash, elektr, santexnika va aloqa tizimini montaj qilish bajarilmoqda. “11-bekat”da snoslar mavjudligi bois hali qurilish ishlari boshlanmagan bo‘lsa, “12-bekat”da g‘isht terish ishlari olib borilyapti. Ayni paytda loyihaning eng murakkab qurilish hududidan biri bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘lini Xonobod ko‘chasiga tutashgan burilish qismida temiryo‘lchi quruvchilar tomonidan monolit usulida estakada qurilishi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Xonobod ko‘chasida ham qurilish ishlari bo‘yicha belgilangan loyiha asosida poydevor, ustun va rigellarni o‘rnatish ishlari deyarli yakuniga yetib qoldi. Qipchoq ko‘chasida ham poydevorlar qazilib, ustunlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Eʼtiborlisi Qo‘yliq bozoridan Toshkent halqa yo‘li bo‘ylab qurilgan metro yo‘nalishining 8-, 9- hamda “10-bekat”lari oralig‘ida estakada shaklidagi qurilishning temir-beton ishlari yakuniga yetib qolgani bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan dastlabki relslarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Unga ko‘ra ayni paytda “7-bekat”dan 8-,9- hamda “10-bekat”lar oralig‘iga 2 ming 500 metrdan ortiq yangi relslar yotqizildi.

Toshkent yer usti halqa metro yo‘nalishining 2-bosqichida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga 110 ta texnika, mashina va mexanizmlar hamda 2500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan. Ishchi-quruvchilar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan. Ularning mehnat muhofazasiga qatʼiy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishi nazoratga olingan. Qurilish obyektiga zarur mahsulotlar ham o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
Yer usti metrosini qurilishi jarayonida bajarilayotgan ishlarning sifati bo‘yicha Davlat arxitektura va qurilishi nazorati inspeksiyasi hamda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat olib borilmoqda.

“Qo‘yliq – Qipchoq” uchastkasi foydalanishga topshirilgach, sutkasiga 46 ming yo‘lovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700 ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratiladi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun temiryo‘lchilar tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyiha jadallik bilan bajarilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha hozirga kelib qurilish ishlarining qariyb 60 foizdan ortig‘i bajarildi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI