Namangan shahrining zamonaviy «darvozasi»
Ma'lumki, o‘tgan hafta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Namangan shahriga tashrifi davomida yangi barpo etilgan Namangan temir yo‘l vokzaliga ham bordi va bu yerda amalga oshirilgan qurilish-rekonstruktsiya ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda Farg‘ona vodiysida 10 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shulardan 2,5 milliondan ko‘prog‘i Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. 2016 yilda dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda Qamchiq dovoni orasidan o‘tgan “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining foydalanishga topshirilishi bilan Vodiy yurtimiz poytaxti va boshqa hududlari bilan to‘liq bog‘landi, katta muammo o‘z yechimini topdi.
O‘tgan qisqa vaqtda temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish maqsadida vokzal va stansiyalarda, uchastka yo‘llarida qurilish, ta'mirlash va bunyodkorlik ishlari olib borildi. Natijada yo‘lovchilar, bu yerdagi korxonalar va tadbirkorlar rivoji uchun har tomonlama qulay transport tizimi xizmat ko‘rsatilishiga erishilmoqda.
Tog‘lar bag‘rida Chodak, Orzu kabi yangi vokzallar qurildi, Pop, Qo‘qon, Marg‘ilon hamda Andijon vokzallari to‘liq qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinish kasb etdi.
Namangan vokzali ham yangidan barpo etilib, shaharning yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitga ega bosh darvozasiga aylandi. Ta'kidlash lozimki, ushbu vokzal binosi 1972 yilda qurilgan bo‘lib, 2002 yilda qayta rekonstruksiya qilingan edi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 iyundagi “Namangan temir yo‘l vokzalini qayta rekonstruksiya qilish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, bu yerda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qayta ta'mirlash ishlariga kirishildi.
Mahalliy aholi va xorijlik sayyohlarga temir yo‘l transporti xizmat ko‘rsatishi sifati va samaradorligini oshirish maqsadida vokzalda 24 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida umumiy yer maydoni 18343 kub metr bo‘lgan vokzalda yo‘lovchilarning poyezdlarga chiqib-tushishini yaxshilash maqsadida uzunligi 400 metrlik 2 ta perron qurildi.
Vokzaldagi kutish va komfort zallari, bufet, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, elektron ma'lumotlar markazi, kutubxona, milliy sovg‘alar, gazeta-jurnallar shohobchasi, yuklarni vaqtinchalik saqlash xizmati kabi barcha bo‘limlar zamonaviy andozalarda tashkil etildi. Kutish zali ko‘rgazma va televizion axborot vositalari bilan jihozlangan.
Vokzal hududida 5 qavatli Namangan majmuasi qayta ta'mirlanib, uning 1-qavatida temir yo‘l kassalari, 2-qavatida temir yo‘l vokzali ma'muriyati hamda 2-, 3-, 4-qavatlarda joylashgan mehmonxonani yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Unda 24 ta xona bo‘lib, zamon talablariga to‘liq javob beradigan tarzda jihozlanmoqda.
Ushbu ishlar natijasida Namangan temir yo‘l vokzali zamonaviy qiyofa kasb etib, bir vaqtning o‘zida 250 nafar, kuniga 2,5 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Vokzal Farg‘ona vodiysi halqa temir yo‘li bo‘ylab tezkor elektropoyezdlar qatnovida vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan transport bog‘lanishida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vodiy temir yo‘llarini to‘liq elektrlashtirish orqali yuk va yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poyezdlar qatnovini shakllantirish hamda dizel yoqilg‘isida harakatlanayotgan teplovozlar o‘rnini zamonaviy elektrovozlarga almashtirish maqsadida elektrlashtirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, 2019 yilda umumiy uzunligi 45 kilometr bo‘lgan “Pop – Chust – To‘raqo‘rg‘on – Rauston – Namangan” temir yo‘li elektrlashtirilgan bo‘lsa, ayni paytda 100 kilometrlik “Namangan – Andijon” yo‘nalishidagi amalga oshirilayotgan elektrlashtirish ishlarining qariyb 70 foizidan ortig‘i bajarib bo‘lindi. Yaqin vaqt davomida ushbu yo‘nalishlar ham elektrlashtirilishi natijasida vodiy hududida ham to‘liq elektropoyezdlar harakatlanishiga erishiladi. – Bu esa 2,5 milliondan ortiq aholiga ega Namangan viloyatida yo‘lovchilar Namangan temir yo‘l vokzali orqali nafaqat mamlakatimiz poytaxtiga to‘g‘ridan to‘g‘ri, balki qo‘shni Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasining bir qator shaharlariga ham qulay va xavfsiz bo‘lgan poyezdlarda borib kelish imkoniyatlariga ega bo‘ladi, – deydi ”O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning media markazi rahbari Fozil Sharipov. – Xususan, belgilangan rejaga ko‘ra, yaqin orada ushbu vokzal orqali “Namangan – Qo‘qon – Namangan”, “Toshkent – Pop – Namangan – Andijon”, “Andijon – Namangan – Pop – Moskva”, “Andijon – Namangan – Pop – Ufa” yo‘nalishida yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
E'tiborlisi, vokzal hududida joylashgan chiptaxona “Ekspress-3” avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi uskunalari bilan jihozlangan. U kechayu kunduz 2 ming nafar yo‘lovchiga chiptalarni sotish va rasmiylashtirishga mo‘ljallangan. Namangan temir yo‘l vokzalini ishga tushishi orqali o‘ttizga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishiladi.
Endilikda vodiyliklar “Qo‘qon – Namangan – Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida arzon sifatli va tez harakatlanuvchi halqa yo‘lovchi elektropoyezdlaridan ham foydalanishi kutilyapti. Chunki qiymati 45 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha 2021 yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan. Umumiy uzunligi 331 kilometr bo‘lgan halqa yo‘lida ekspress va oddiy elektropoyezdlar harakatlanadi. Ekspress-elektropoyezd oxirgi manzilga 5,5 soatda yetib borsa, oddiysi unga qaraganda 2 soatga kechroq boradi. Chunki tezyurar elektropoyezd 5 ta bekatda to‘xtasa, oddiysi 35 ta bekatga to‘xtab o‘tishi mo'ljallanmoqda.
Elektropoyezdning narxi juda hamyonbop bo‘lib, 5000 so‘mdan 45000 so‘mgacha qilib belgilangan. Tezyurar elektropoyezd kuniga 2100 nafar yo‘lovchiga xizmat qilsa, oddiysi esa 6500 ga yaqin yo‘lovchi tashishi mumkin. Yana shuni aytish joizki, elektropoyezd zamonaviy jihozlangan bo‘lib, unda USB-porti orqali mobil qurilmalarni quvvatlagich va havoni mo‘tadillashtirib beruvchi uskunalar o‘rnatiladi, shuningdek, poyezd harakatlanayotgan vaqtida Intranet хizmatidan foydalanish uchun ham sharoitlar yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yo‘nalishda poyezdlar harakati yaqin orada yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shimcha ma'lumot uchun Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami yoki joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma'lumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI