Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

20:21:08 (GMT +5), chorshanba, 20 noyabr 2019

“Andijon mexanika zavodi” SHK: bir yilda 100 dona sisterna qurilib, 450 dona turli yuk vagoni kapital ta'mirlanmoqda

Ma'lumki, temir yo'l transportida asosiy daromad yuk tashish va tranzit imkoniyatlariga bog'liq. Shu maqsadda talab va ehtiyojga ko'ra sohada ko'p turdagi yuk vagonlarni qayta ta'mirlash hamda yangi vagonlarni qurish uchun tarmoq tasarrufidagi korxonalarda keng ko'lamli modernizatsiya ishlari olib borildi. Natijada mamlakatimiz hududida turli qurilish hamda neft va benzin mahsulotlarini tashish uchun yangi sisternalar qurilib foydalanishga topshirildi. Bu vazifalarni bajarishda “O'ztemiryo'lmasht'amir” unitar korxonasi tarkibidagi “Andijon mexanika zavodi” sho''ba korxonasi jamoasining ham munosib hissasi bo'ldi.


2002 yili ushbu zavodda vagon sisternalarni qurishga kirishilgan bo'lsa, oradan bir yil o'tib, MDHda uchinchi bo'lib shu turdagi vagonlarni ishlab chiqarishga guvohnoma olindi. Bu bilan O'zbekiston temir yo'llarida og'ir mashinasozlikka asos solindi. Birin-ketin tarmoq korxonalari usti yopiq, yarim vagon va vagon xopper hamda turli rusumdagi sisternalarni ishlab chiqarish uchun xalqaro sertifikatlarga ega bo'lishdi.

So'nggi yillarda malakali mutaxassislardan iborat jamoa xodimlari nafaqat o'zimizdagi, balki qo'shni davlatlardagi yuk vagonlarini ham modernizatsiya qilib, xizmat ko'rsatish muddatini 16 yilgacha uzaytirib berishmoqda. Xususan, 2017-2018 yillarda Turkmaniston temir yo'l vazirligi bilan 100 dona platformani sement tashish vagonlariga modernizatsiya qilish va 100 dona neft` mahsulotlarini tashuvchi vagonlarni ta'mirlab, yaroqlilik muddatini 16 yilgacha uzaytirish bo'yicha shartnomalar imzolangan edi. O'tgan qisqa muddatda ushbu vazifalar 100 foizga bajarildi.

Korxona tarixiga qisqacha to'xtalib o'tadigan bo'lsak, o'tgan chorak davr mobaynida “Andijon mexanika zavodi” sho''ba korxonasi ko'p jabhalarda taraqqiy etdi, ishlab chiqarish sexlari kengayib, butunlay yangi va zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlandi. Natijada 15-9721 rusumli neft mahsulotlarini tashishga mo'ljallangan yangi 4 o'qli vagon-sisternalarni yangisini ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilib, hozirga qadar har yili 50-100 donada 4 o'qli vagon-sisterna qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Shu bilan birga 2003 yildan boshlab vagon-sisternalarni xizmat muddatini 16 yilga uzaytirish ham yo'lga qo'yilib, jamoamiz tomonidan har yili belgilangan rejaga asosan 140 dona vagon-sisterna ta'mirdan chiqarish quvvatiga ega bo'ldi. 2004-2005 yillarda korxonada o'zimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobilarni tashishga mo'ljallangan yuk vagonlari ishlab chiqarildi.

Bugungi kunda “Andijon mexanika zavodi” sho''ba korxonasi neft mahsulotlarini tashuvchi yangi yuk vagonlari qurish, yopiq va yarim yuk vagonlarini kapital ta'mirlash yo'li bilan xizmat muddatini 11 va 16 yilga uzaytirish, sement va mineral tashuvchi vagonlar, platformalarni ta'mirlash va modernizatsiyalash yo'li bilan modelini o'zgartirish, respublikaning korxona va vazirliklari uchun metall konstruktsiyalar va import mahsulotlari o'rnini bosuvchi 78 turdagi ehtiyot qism va mahsulotlar ishlab chiqarish vazifasini amalga oshiradi. Zavod 2006 yilda xalqaro standartlash “ISO 9001-2000” sifat menejmenti xamda “OHSAS” texnika xavfsizligi tizimini qo'lga kiritgan. 2007 yilda esa 13-401 rusumli vagon platformalarini sement tashish uchun bunker tipidagi vagonga o'zgartirish bo'yicha yangi loyiha ishlari amalga oshirilib, korxonada jami 280 dona yopiq turdagi sement tashuvchi vagonlar ishlab chiqarildi.


2007-2008 yillar korxonada yana bir kimyoviy yuklar tashishga mo'ljallangan yangi 15-9724 rusumli vagon-sisterna yaratilib, buyurmaga asosan Qozog'iston Respublikasi hamda Novoiy kon-metallurgiya kombinatiga yetkazib berildi. 2011 yil hukumatimiz topshirig'iga ko'ra korxonada Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi buyurtmasiga asosan konteyner-sisterna loyihasi yaratilib, ishlab chiqarishga tadbiq qilindi va foydalanish uchun yetkazib berildi.

Shuningdek, kimyoviy yuklarni tashishga mo'ljallangan yangi 15-9724 rusumli vagon-sisternalarni xizmat muddatini uzaytirib, ta'mirlash yo'lga qo'yildi. 2014 yilda 100 dona ichimlik suvini tashuvchi sisterna ham ishlab chiqarilgan va iste'molchilarga yetkazib berilgan. Korxonada 2014 yilda yangi yarim ochiq vagonlar va ichimlik suvini tashishga mo'ljallangan 3,5 metr kub sig'imga ega maxsus sisternalarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan bo'lib, 2016 yilda 155 dona, 2017 yilda 95 dona yarim ochiq vagonlar ishlab chiqarildi.

Zavod rahbariyati va mutaxassislari erishilayotgan bu yutuqlar bilan to'xtab qolmoqchi emas, belgilab olingan rejaga ko'ra zavodda ishchi-xodimlar oyligini yanada oshirish, ishlab chiqarish sharoitlarini yuqori darajada ko'tarish bo'yicha zavodni mukammal rekonstruktsiya kilish loyihasini 2020 yil davlat dasturiga kiritish, yangi turdagi vagonlarni ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish hamda qo'shni davlatlar bilan hamkorliklarni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish ko'zda tutilgan.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko’rinish