Noyob inshoot qurilishi davom etmoqda

Poytaxtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Ohangaron va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasida shu kungacha xali yurtimizda qo‘llanilmagan 3 pog'onali yo‘l o‘tkazgichni qurish jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edik. 

Qisqa fursatda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda hududda tunnel qazish ishlari yakunlanib, yo‘l o'tkazgich tirama devorlarini qurilish-montaj jarayoni amalga oshirilmoqda. Ulkan inshootning estakada yo‘l o'tkazgichida 6 ta tayanchlar qurilishi yakunlangan, shundan 3 tasiga rigellar montaj qilingan. 

Shuningdek, tunnel qismi tirgak devorlarini ko‘mish hamda xalqa qismida oraliq balkalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari qizg'in davom etmoqda. Jumladan, tunnel qismi bo‘yicha 85 foiz, xalqa qismi bo‘yicha 70 foiz, yo‘l o‘tkazgich qismi bo‘yicha 35 foiz bunyodkorlik ishlari bajarilgan. Obyektda 150 ming kub metrdan ortiq yer va 11 ming kub metrdan ziyod beton ishlari bajarildi.

Ma'lumki, mazkur bunyodkorlik loyihasi “Ko‘prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 502, kengligi 26,7 metrni tashkil etuvchi tunnel quriladi. Noyob inshootning ushbu quyi qismi balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr bo‘lib, 6 ta avtomobil yo‘lagidan iborat bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda yer sathidan 1 metr balandlikda diametri 50 metrni tashkil etadigan doirasimon yo‘l o‘tkazgich qurish ishlari olib boriladi. Uchinchi bosqichda ushbu hududda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog'lovchi o’ziga xos katta yo‘l o‘tkazgich quriladi. Yirik yo‘l o‘tkazgich 6 ta avtomobil yo‘laklariga mo‘jallangan bo'lib uning umumiy uzunligi 593, kengligi 26 metrni tashkil etadi. 


Mazkur noyob inshootni joriy yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI