Tashabbuskor yoshlar – jamiyat tayanchi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi v.b. X.Xasilovning 2020 yil 6 noyabrdagi “Yilning eng yaxshi yetakchisi – 2020” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan o‘tkazilgan tanlovda “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi hududiy yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Shahriyor Qazoqov g‘olib bo‘ldi.
Uning bu muvaffaqiyati uzel rahbariyati va hamkasblari tomonidan yuksak baholandi. O‘z ishining mohir mutaxassisi, ilmga va yangilikka intiluvchan Shahriyorga bugun ko‘plab yoshlar havas qilmoqda. Undan ibrat olishmoqda.
Shahriyor Qazoqov 1992 yil 19 sentyabrda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tug‘ilgan. 2007 yilda Buxoro viloyati Romitan tumani 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlab, Buxoro viloyati Romitan qurilish kollejida o‘qishni davom ettirdi. 2011-2012 yillarda esa muddatli harbiy xizmatni o‘tab, 2012-2016 yillarda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining “Qurilish” fakultetida tahsil oldi.
Qahramonimiz 2016 yil iyul oyidan boshlab, o‘z mehnat faoliyatini “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining qurilish bo‘limida muhandis lavozimida boshlagan. Shahriyor o‘ziga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi bilan hamkasblari ichida ajralib turadi. Uzelda faqatgina o‘z ishi bilan cheklanibgina qolmay, barcha tashkiliy ishlarda ham munosib ishtirok etib keladi. “Samarqand – Buxoro” temir yo‘l liniyasining elektrlashtirish ishlarida faol ishtirok etib, rahbariyat tomonidan ko‘p bora faxriy yorliq bilan taqdirlangan. “Buxoro – Miskin” yangi temir yo‘l liniyasining qurilishida ham o‘zining jonkuyarligi, mehnatsevarligi, fidoyiligi bilan munosib hissasini qo‘shgan.
2017 yil oktyabr oyida “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi ishchi-xodimlarning saylovi asosida yetakchilar Kengashi raisi lavozimiga saylangan.
– “Yilning eng yaxshi yetakchisi – 2020” tanlovi g‘olibi Shaxriyor Qazoqov yetakchilar Kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda eng faol, ko‘p yoshlarni jalb qilgan hududiy yoshlar yetakchisi bo‘lib, mintaqaviy temir yo‘l uzellari o‘rtasida yil davomida erishgan yutuqlari bo‘yicha samarali natijani qayd etgan, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yetakchilar Kengashi raisi v.b. Oqiljon Sadriddinov. – 2020 yil davomida bir qator loyihalar tashkil etilib, “Men temiryo‘lchiman”, “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” loyihalari doirasida ham samarali ishlar olib borgan yetakchilardan hisoblanadi.
Shuningdek, 2019 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi yetakchisi – 2019” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi g‘olibi ham bo‘lgan. Faoliyati davomida tirishqoqligi, mehnatsevarligi, tashkiliy ishlarni a’lo darajada bajarishi bilan rahbariyatning e’tiboriga tushgan va doimiy rag‘batlantirilgan.
– U ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, yangilikka intiluvchan, keng dunyoqarashga ega inson, – deydi “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi axborot xizmatlari sektori boshlig‘i Umid Gaffarov. – Jamoada tirishqoqligi, tashkilotchiligi va halol mehnati bilan hurmat-e’tibor qozongan.
Shahriyor Qazoqov “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi va unga qarashli barcha temir yo‘l korxonalaridagi 3900 nafarga yaqin yoshlarni 30 nafarga yaqin yoshlar yetakchilari yordamida jamiyatda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlarga keng jalb qilish, ularni iqtidorlarini yuzaga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash, muammo va kamchiliklarini bartaraf qilish borasida tizim rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarmoqda.
Bugungi kunda temir yo‘l tizimida yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlar o‘z natijasini berib, iqtidorli yoshlar tizim va respublika miqyosida tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etish bilan bir qatorda, ko‘rik-tanlov va musobaqalarda ham eng yaxshi natijalarni qayd etib kelmoqda.
Milliy istiqlol g‘oyalariga sodiq, hamkasblarini davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga, Vatanimiz taraqqiyoti, xalkimiz farovonligi yo‘lidagi olib borilayotgan izchil islohotlarga o‘z hissasini qo‘shishga undaydi.
O‘zi yashaydigan mahalladagi barcha tadbir va obodonlashtirish ishlarida ham faol qatnashadi.
U ochiqko‘ngil, tashabbuskor, kamtarin inson sifatida tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Javodxon BURXONOV,
Axborot-tahliliy media markazi