Yaxshi insonlar xotirasi abadiy qoladi

Mamlakatimiz temir yo‘l transport tizimida erishilayotgan muvaffaqiyatlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi, halol va sadoqatli mutaxassislarning ham salmoqli hissasi bor.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston temir yo‘llarining rivojlanishida, taraqqiy topishida ko‘p sonli temiryo‘lchilar qatori mohir va tashabbuskor mutaxassis, jonkuyar inson Muratboy Boltaboyev ham o‘zining munosib hissasini qo‘shgan edi.

Biroq, 2020 yilning 11 oktyabr kuni bevaqt o‘lim ajoyib inson, sodiq do‘st, tashkilotchi temiryo‘lchi, mehribon ustoz Muratboy Boltaboyevni 58 yoshida oramizdan olib ketdi. U 1962 yil 28 iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida oddiy ishchi oilasida tavallud topdi. Temir yo‘lga qiziqishi bolaligidanoq boshlangan edi. Natijada maktabni tugatib, 1983 yilda Toshkent temir yo‘l texnikumining “Aloqa kabellari” fakultetiga o‘qishga kirdi. Bilim yurtini 1986 yilda muvaffaqiyatli tugatib, o‘sha yili dastlabki ish faoliyatini Qo‘ng‘irot aloqa va ishorat korxonasida elektr mexanik lavozimida boshladi. 1988 yildan 1995 yilgacha esa “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi va tasarrufidagi tashkilotlarda turli lavozimlarda sermazmun faoliyat ko‘rsatdi. 1995 yildan umrining oxiriga qadar dastlabki faoliyatini boshlagan korxonada katta mexanik lavozimida ishlab, yangi temir yo‘l ob’yektlari qurilishida fidoyi mehnati bilan ishtirok etdi.

Muratboy Boltaboyev mamlakatimizda temir yo‘l sohasini, xususan, Qoraqalpog‘iston hududidagi temir yo‘l tizimini zimdan biladigan respublikamizdagi taniqli temiryo‘lchilardan biri edi. U hayotining aksar qismini shu sohani rivojlantirishga bag‘ishladi. Umrining so‘nggi kunigacha hayotini sevgan kasbi – temir yo‘l bilan bog‘ladi.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatimiz temir yo‘llarining tubdan yaxshilanishiga o‘tkir bilimi bilan o‘z hissasini qo‘shgan fidoyi, halol inson edi. Sohadagi eng yirik inshootlar – “Uchquduq – Miskin – Sulton Uvaystog‘” va “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyalari, Xorazm viloyatidagi Amudaryo uzra qo‘shma ko‘prik kabi yirik qurilishlarda shaxsan o‘zi va tarbiya bergan shogirdlari ishtirok etdi. U butun bilim va salohiyatini temir yo‘lda erishilayotgan tarixiy qurilishlarni, bunyodkorlik ishlarini yoshlarga, shogirdlariga uzoq yillik sohaning mutaxassisi sifatida tushuntirib berardi. 2018 hamda 2019 yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan faxriy yorliq bilan mukofotlangan.

– Qadrdon do‘stim, hamshaharim Muratboy tinib-tinchimas inson edi. Uning bu fazilati ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lardi, – deydi nafaqadagi temiryo‘lchi, Allambergan Qalimbetov. – O‘zining ko‘p yillik tajribalariga tayangan holda jamoa a’zolari bilan birgalikda mehnat qilgan Muratboy Boltaboyev har doim ishiga mas’uliyatli, talabchan va halol inson edi. Buyuk turkman shoir va faylasufi Maxtumquli “Har yigitni bilmoqchi bo‘lsangiz uning marakada o‘tirib turishini ko‘ring yoki o‘z labzida, va’dasida turishini ko‘ring” deganidek, marhum Muratboyni 60 yillik yubileyimga taklif qilganimda, ta’til tugashiga 2 kun qolishiga qaramay, Qo‘ng‘irotdan Toshkentga ertalab poyezdda kelib, meni tabriklab, yubileyda qatnashib shu kuni kechqurun yana poyezdda uyiga qaytgan. O‘shanda qalbimda o‘zgacha bir ulug‘ tuyg‘u qoldirgan uning bu fazilati, xarakteri, odamgarchiligi hamda va’dasiga vafoligi unga bo‘lgan mehrimni yanada oshirgan edi. Afsuski, bugun ana shunday ezgu fazilatli, elning duosini olgan, ko‘plarning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lgan inson oramizda yo‘q. Bevaqt o‘lim uni hayotdan olib ketdi. Ammo hech qachon qalbimizdan, xotiramizdan o‘chmaydi. Muratboy hamisha do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari qalbida, xotirasida mangu yashaydi. Oxiratingiz obod bo‘lsin do‘stim!

Qat’iyatli va adolatli temiryo‘lchi faoliyati davomida yoshlarga ham kasb sirlarini fidoyilik bilan o‘rgatdi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qildi, ularning kamol topishida munosib ko‘mak ko‘rsatdi. Tajribali kasb egasining faoliyati, temir yo‘lda qilgan fidoyi va mazmunli ishlari shogirdlari hamda yosh avlod uchun o‘ziga xos maktab va ibrat bo‘lib qolishi shubhasiz. Uzoq yillik tajribasi va ishchi-xodimlarga bo‘lgan mehr-muhabbati tufayli 2004-2006 yillar davomida Qo‘ng‘irot aloqa va ishorat korxonasining Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatib, jamoaning ijtimoiy himoyasi yanada yaxshilanishiga munosib hissa qo‘shdi.

Muratboy Boltaboyev turmush o‘rtog‘i Asem Ufinova bilan bir o‘g‘il va ikki qizni tarbiyalab, kasb-korli qildi. O‘g‘li Farhod Boltaboyev ota kasbni tanlab, 2013 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlab, Qo‘ng‘irot aloqa va ishorat korxonasida katta mexanik lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Qizlari Barno hamda Ra’no Boltaboyevalar ham temiryo‘lchilik kasbini tanlashdi.

Mehribon ota, suyukli yor, jonkuyar ustoz, fidoyi hamda kamtarin temiryo‘lchi, samimiy va shijoatli inson, buyuk qalb sohibi Muratboy Boltaboyevning porloq xotirasi yaqinlari, hamkasblari va shogirdlari qalbida mangu saqlanib qoladi.

Rustam HAYDAROV