Hayot yo'lini ilmga bag'ishlagan ustoz

Ibrahim Nazrilla Nabievich 1949 yil 15 noyabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. O'z mehnat faoliyatini 1965 yili O'zqish­loq xo'jalik texnika korxonasida chilangarlikdan boshladi.

Nazrilla Ibragimov 1967 yildan buyon Toshkent temir yo'l muhandislari institutida faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Institutda dastlabki faoliyatini laborant, keyinchalik dekan o'rinbosari vazifalarida olib bordi.

1979-1982 yillarda Moskva temir yo'l muhandislari instituti aspiranturasida o'qib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qildi. Moskvadan qaytgach institutda ilmiy xodim, Yuk tashish va tijorat ishlarini tashkil qilish kafedrasi dottsenti vazifalarida mehnat faoliyatini davom ettirdi.

1992-1995 yillar mobaynida Butunittifoq temir yo'llar ilmiy tadqiqot instituti doktoranturasida tahsil olib, doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. So'ngra, 1995-1998 yillarda Yuk tashish va tijorat ishlarini tashkil qilish kafedrasi katta ilmiy xodimi, 1998-2011 yillar davomida Toshkent temir yo'l muhandislari instituti ilmiy ishlar bo'yicha prorektori vazifasida ishlab, institutning ilmiy salohiyatini oshirish, yangi ilmiy yo'nalishlarni ochishda o'zining katta hissasini qo'shdi.

Ulkan tajriba va pedagogik mahorat egasi Nazrilla Ibragimov 2011-2015 yillarda Toshkent temir yo'l muhandislari instituti Kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash yo'l markazir rahbarilavozimida mehnat qildi. Ayni kunlarda Nazrilla Ibragimov Toshkent temir yo'l muhandislari instituti Transport logistikasi va servis kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.

Nazrilla Ibragimov mehnat faoliyati davomida 70 dan ortiq o'quv, ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlanmalar, jumladan, 1 ta monografiya, 1 ta darslik, 1 ta o'quv qo'llanma, 55 ta ilmiy va 10 ta o'quv-uslubiy ishlarni chop ettirdi. 3 ta ixtiroga patent muallifi sanaladi.

Professor Nazrilla Ibragimov rahbarligida Davlat grantlari va “O'zbekiston temir yo'llari” AJ buyurtmasi bo'yicha xalqaro grant loyihasi va xo'jalik shartnomasi asosida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarib kelingan.

So'nggi yillarda professor Nazrilla Ibragimov rahbarligida 4 nafar ilmiy izlanuvchilar aspirantura va doktoranturada tahsil oldi.

Nazrilla Nabievich Ibragimov ayni kunlarda 70 yoshni qarshi olmoqda. Ularni yubileyi bilan samimiy qutlab, chin ko'ngildan sog'liq, kuch va ishonch tark etmasligini va ishlarida ulkan zafarlar tilaymiz!