Toshkent – Moskva –Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi qayta tiklandi

2024-yilning 24-sentyabr sanasidan boshlab esa yo‘lovchilarning talabi va ularga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida haftada bir marotaba yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 

Ma’lumki, “COVID-2019” tufayli 2020-yil 16-mart oyidan boshlab, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning xalqaro yo‘nalishlarda harakatlanadigan barcha yo‘lovchi poyezdlari, xususan, Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining bir nechta yirik shaharlariga, jumladan, Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdlari harakati ham to‘xtatilgan edi. 2022-yildan boshlab  esa xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi poyezdlar qatnovi bosqichma-bosqich tiklana boshlagan edi. 

24-sentyabr kuni soat 19:55 da 505-sonli Toshkent – Moskva poyezdi “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan tantanali tarzda kuzatildi. Ushbu tarkib Qozog‘iston Respublikasining “Sariog‘och”, “Aris”, “Timur”, “Turkiston”, “Yangiqo‘rg‘on”, “Shiyeli”, “Qizilo‘rda”, “Josali”, “Toretam”, “Kazali”, “Aral”, “Sekseul”, “Shalkar”, “Jem”, “Kandiagach”, “Aktobe” hamda “Jaysan” temir yo‘l vokzallarida to‘xtab o‘tadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Ilesk”, “Orenburg”, “Sorachinsk”, “Buzuluk”, “Samara”,  “Ryazan-1”, “Kuznesk”, “Penza-1”, “Marjansk”, “Ryask-1”, “Skopin”  vokzallari va so‘nggi manzilga 27-sentyabr kuni soat 23:12 da (Moskva vaqti bilan) Moskva poytaxtidagi “Pavelesskiy” temir yo‘l vokzaliga yetib boradi.

Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi 506-sonli poyezd qatnov esa 28-sentyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 05:40da “Pavelesskiy” vokzalidan Toshkent shahri tomon harakatni boshlaydi. Ushbu yo‘nalish “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzaliga joriy yilning 1-oktyabr kuni erta tongda Toshkent vaqti bilan 08:25 da yetib keladi.

Toshkent va Moskva shaharlari o‘rtasida poyezdlar harakatini amalga oshirish uchun “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJda ishlab chiqarilgan zamonaviy va sifatli tarkibdan iborat 2 ta kupe va 5 ta plaskart vagoni hamda 1 ta vagon-restoran ajratildi. Har bir vagonga 2 tadan vagon kuzatuvchisi xizmat ko‘rsatadi. Vagonlar ham zamonaviy va xalqaro talablarga to‘liq javob beradi. 

E’tiborlisi, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan ushbu xalqaro yo‘nalishlardagi qatnovlar uchun chegirmalar tashkil etilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishga yo‘lovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Ya’ni qatnov sanasidan qancha ko‘p kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi. 

Chegirma narxlari bilan eticket.railway.uz (https://eticket.railway.uz/) sayti orqalitanishishingiz mumkin.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI