Yoshlar forumi: Boshqaruv raisi temiryo‘lchi yoshlar bilan uchrashdi

Bugun, 2024-yil 28-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Zufar Narzullayev, O‘zbekiston transport prokurori Ikrom Narimov va O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari ksasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Qutlimurod Sobirov bilan birgalikda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu tadbir mamlakatimizda har yili 30 iyun kuni nishonlanadigan Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Z.Narzullayev “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 18 ming nafarga yaqin zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlar faoliyat yuritmoqdaligini ta’kidladi. Birgina temir yo‘l tizimida o‘tgan 2023 yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan ellikdan ortiq loyihalarni amalga oshirilgani fikrimiz isbotidir. Bu loyihalar temir yo‘l transporti tarmog‘ini yana-da rivojlantirishda, sohadagi ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol mutaxassis, yetuk kadrlarning shakllanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, uchrashuvda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida samarali faoliyat yuritayotgan iqtidorli yosh kadrlarni tanlash hamda yosh rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida uch yildan beri “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi”, “Eng faol yosh mutaxassis”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oyalar”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar o'tkazilayotgani ta'kidlandi. O‘tgan yili “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovida 400 nafar yosh temiryo‘lchi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil mazkur tanlovning saralash va yakuniy bosqichida 600 nafar ishtirokchi ishtirok etdi.

Uchrashuvda yosh temiryo‘lchilar erishayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Ana shunday vatanparvar,  o‘tgan 2023 yilda fidoyi yoshlarimizdan 1 nafari “Kelajak bunyodkori” medali bilan, joriy yil  xam 1 nafar yoshimiz “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangani barchamizni quvontiradi.

Boshqaruv raisi temir yo'l yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sanoatning ishlab chiqarish, modernizatsiya va innovatsion jarayonlarida ularning faolligi va tashabbuskorligini oshirish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, begona g‘oyalar ta‘siridan himoya qilish, shuningdek, ularning iste‘dodlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar davom etishini ta‘kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida “Innovatsion g‘oyalar” tanlovi va “Eng faol yosh mutaxassis – 2024” tanlovi g‘oliblari hamda temir yo‘l sanoatiga samarali hissa qo‘shgan bir qancha yosh temir yo‘lchilar taqdirlandi.

Forum so‘ngida ochiq muloqot bo‘lib o‘tib, temiryo‘lchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari va muammolari bo‘yicha boshqaruv raisi Z.Narzullayevga murojaat qilishdi va jamiyat boshqaruv raisi ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ul shaxslarga joyida ko‘rsatmalar berdi.

Uchrashuv do‘stona muhitda bo‘lib o‘tdi va jamiyat rahbariyati va yosh mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI