Press-tur: Yo‘lovchilarni tashish jarayoni va bu bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar hamda dolzarb savollarga javob

"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining Axborot-tahliliy media markazi (matbuot xizmati) tomonidan temir yo‘l orqali yo‘lovchilarni tashish, ushbu jarayon bilan bog‘liq masalalar bilan yaqindan tanishish va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni keng jamoatchilikka yoritib berish hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalariga sabab bo‘lgan videolavhalarni o‘rganishga bag‘ishlangan ikki kunlik press-tur tashkil etildi.

Press-turning 1-kunida yo‘lovchi poyezdlarini reysga tayyorlash hamda yo‘ldan qaytib kelgan vagonlarni qabul qilib, ayniqsa, SV, kupe, plaskart hamda sayyohlarga mo‘ljallangan vagonlarda reysga chiqishdan oldin amalga oshiriladigan ishlar. Uchrashuvning birinchi kunida OAV vakillariga «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyatining Yo‘lovchi vagonlarini reysga texnik va texnologik tayyorlash bo‘yicha filialiga ekskursiya tashkil etildi. Oddiy so‘z bilan aytganda, safardan qaytgan har bir yo‘lovchi poyezd aynan shu yerga texnik va sanitariya tekshiruvi uchun, zaruriy taʼmirlash va sanitar ko‘rikdan o‘tkazish uchun keltirilatadi. Bu yerda, shuningdek, vagondagi yostiq va to‘shak choyshablari, sochiqlar, parda va hokazolarni zamonaviy kir yuvish majmuasiga jo‘natiladi. Choy idishlari esa tozalash va yuvish uchun yuboriladi. Bundan tashqari, vagon kuzatuvchilari (provodnik) tomonidan yo‘lovchi vagonlarni topshirish va qabul qilish jarayoni ham bu yerda amalga oshiriladi. So‘ng vagonlarni ichki tozalash-dezinfeksiya jarayoni amalga oshirilib, harakat tarkibi maxsus yuvish uskunalari yordamida tozalanadi. Keyingi bosqichda poyezd vagonlari suv va ko‘mir bilan yuklanadi. Barcha bosqichlardan o‘tgandan so‘ng, yo‘lovchi vagonlar taʼmirlash yo‘liga ko‘chiriladi. Bu yerda jami 2000 dan ziyod ishchi-xizmatchi ishlaydi.

Taʼkidlash joizki, mazkur filial yo‘lovchi vagonlarni reysga tayyorlash respublika miqyosida  yagona depo hisoblanadi. Filialda qabul qilingan texnologik jarayonga muvofiq yo‘lovchi poyezdlar harakatining amaldagi harakat jadvalini hisobga olgan holda faoliyat olib boriladi. Filialda olib borilayotgan barcha jarayonlar tuzilgan kunlik ish rejasiga muvofiq poyezdlar harakatining amaldagi jadvali, poyezdlar o‘z vaqtida shakllantirilishi va ishlarning texnologik jarayonini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Press-turning ikkinchi kunida jurnalistlar Samarqand shahriga “Sharq” tezyurar poyezdida sayohat qilishdi. Safar davomida ommaviy axborot vosita vakillari yo‘lovchilar bilan suhbatlashishga, tezyurar poyezdning yo‘lovchi vagonlaridagi shart-sharoitlar va servis xizmatlar bilan tanishishga, intervyu olishga hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning mutasaddilarga dolzarb savollarni berishga muvaffaq bo‘lishdi.
Qator savollarga javob berilar ekan, “Afrosiyob” poyezdlariga chiptalarni sotib olishdagi qiyinchiliklar, elektron chiptalarni sotib olish uchun mo‘ljallangan ilovalarning ishlab-ishlamasliglari, talabi yuqori bo‘lgan “Afrosiyob”ga qanday muqobil yechimlar mavjudligi hamda yangi vagon va poyezdlar sotib olish kutilayotgani kabi masalalarga alohida to‘xtab o‘tildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan qator muhokamalarga sabab bo‘layotgan videolavhaga «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ departamenti boshlig‘i Fozil Sharipov tomonidan izoh berib o‘tildi.

"Biz har doim yo‘lovchilarni tinglashga, ularning talab-istaklarini inobatga olishga harakat qilamiz. Albatta, ish bor joyda kamchiliklar ham bo‘lib turadi, ammo shuni taʼkidlashni istardimki, safar davomida yo‘lovchi provodnik yoki poyezd boshlig‘iga murojaat qilishi mumkin. Masalan, servis xizmati bilan bog‘liq eʼtirozlar bo‘lsa. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan videoda go‘yo skotch-lenta bilan yopishtirilgan vagon oynasi bilan bog‘liq holatga kelsak, ushbu video joriy yil 18 fevral kuni olingan. Barchamizga maʼlumki, fevral oyida mamlakatimizda qattiq sovuq bo‘lgan va yo‘lovchilarga sovuq taʼsirini kamaytirish uchun vaqtincha chora sifatida laminatsiya qilingan.

Blogerning chipta narxi 100 dollardan oshiq degan taʼkidiga kelsak, chipta boshqa mamlakatda sayt orqali rasmiylashtirilgan, bu degani boshqa davlat narx siyosati, valyuta kursi va boshqalar chiptaning narxini shakllantiradi. Jumladan, O‘zbekistonda Samarqand –Toshkent yo‘nalishidagi tezyurar poyezdida bitta katta yoshidagi yo‘lovchining SV-vagondagi narxi 385.980 so‘mni tashkil etadi. Videoda shuningdek, choyshabning rangi ham tanqid ostiga olindi. Shu munosabat bilan alohida qayd etish lozimki, har bir yo‘lovchi uchun alohida qadoqlangan choyshab to‘plami barcha tegishli talablarga javob beradi va yo‘lovchining qo‘liga tushishdan oldin puxta tayyorgarlik jarayonidan o‘tadi. Jurnalistlar press-tur davomida ushbu jarayon bilan bevosita tanishishdilar. Elektron chiptalarni sotib olishga kelsak, yo‘lovchi poyezdlariga chiptalar jo‘natilishidan 45 kun oldin ochiq sotuvga qo‘yilganligini taʼkidlash joiz. Elektron shaklda sotib olingan va temir yo‘l kassalarida rasmiylashtirilgan chiptalar yagona elektron tizimda sotiladi va agar tizimda poyezdlarda joy qolmaganini ko‘rsatsa, yo‘lovchi chiptani sotib ololmaydi. Istisnolar mavjud, yaʼni, agar biron bir yo‘lovchilar tomonidan chiptalar qaytarilsa, ular avtomatik ravishda tizimda paydo bo‘ladi va uni sotib olish imkoniyat mavjud. Fursatdan foydalanib, shuni taʼkidlash istardimki, temir yo‘l chiptalariga talab darajasi yil davomida yuqori ko‘rsatkichlarga ega, chunki narx jihatidan ular boshqa yo‘lovchi transportlariga nisbatan hamyonbop hisoblanadi. Maʼlumot uchun, yurtimizda kuniga 25 mingga yaqin yo‘lovchi temir yo‘l orqali tashiladi. 

Umuman olganda, bugungi kunda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining 12 ta qatnovidan tashqari 25 dan ziyod mahalliy reyslar harakatlanmoqda va yana 6 ta poyezd xalqaro reyslarga jo‘natiladi. Masalan, “Sharq” tezyurar poyezdi tarkibida 22 tagacha vagon bo‘ladi va birgina reysda 400-500 nafar  yo‘lovchi tashiladi. Bundan tashqari, “Nasaf” va “O‘zbekiston” kabi boshqa tezyurar poyezdlar borligini ham taʼkidlash joiz. Shuningdek, tarkibida plaskart, kupe va SV-vagonlardan tarkib topgan uzoq masofalarga qatnaydigan poyezdlar ham mavjud.Taʼkidlanganidek, press-tur davomida ko‘plab savollarga javob berildi. "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining yo‘lovchi xo‘jaligi vakillari tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish va yo‘lovchi tashish jarayonini yana-da sifatli darajada tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlari bilan o‘rtoqlashdilar. Buning uchun bir qator choralar ko‘rilayotganiga to‘xtab o‘tildi. Jumladan, 2023-2024 yillarda 130 ta yo‘lovchi vagonlarni xarid qilish, mavjud vagonlarni modernizatsiya qilish, konditsioner va ventilyatsiya tizimiga ega yangi vagonlarni ishlab chiqarishga buyurtma berish, shuningdek, 34 ta elektr poyezdlari va 6 ta dizel-poyezdlar uchun tenderlar eʼlon qilinganligi. Hozirgi vaqtda sayyohlik mavsumi boshlanishini inobatga olsak, poyezdlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Buni hisobga olgan holda, sayohatlarni oldindan rejalashtirish va chiptalarni 45 kun oldindan elektron tarzda chipta.railway.uz va Uzrailwaytickets ilovasi orqali yoki chiptaxonalarda sotib olish/rasmiylashtirishga tavsiya etiladi. Shuningdek, mobil ilovalar orqali chiptalarni sotib olinayotganda, Internet aloqasi barqaror ekanligiga ishonch hosil qiling. 

"O‘zbekiston temir yo‘llari"AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI