“Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent” yo‘nalishida yangi yo‘lovchi vagonlaridan foydalanilmoqda

“Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent” yo‘nalishida yangi yo‘lovchi vagonlaridan foydalanilmoqda

“Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish sanoatiga ega korxonalardan biri hisoblanadi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yangi va qayta ta’mirlanayotgan yo‘lovchi vagonlari nafaqat o‘zimizda, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinib, ishonchli harakatlanmoqda. Joriy yilning aprel oyida ushbu zavodda tayyorlangan 2 ta yangi plaskart yo‘lovchi vagoni “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatiga yetkazib berildi hamda haftaning har kuni harakatlanadigan “Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdlar tarkibiga qo‘shildi. Ayni paytda esa mazkur yangi va zamonaviy vagonlarda yo‘lovchilarga ishonchli va sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, mazkur plaskart vagonlar zamonaviy, o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lib, 54 o‘rin bilan ta’minlangan. Yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida vagonlarda “USB”-portlar, uyali aloqa vositalarini quvvatlash uchun 220 voltli rozetkalar bilan jihozlangan. Vagon ichki haroratini nazorat qilishda elektron pulttablolar o‘rnatildi.

Yangi vagonlar 40 yil davomida ekspluatasiya qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, xalqaro talablarga to‘liq javob beradi, yo‘lovchilar uchun ham har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega.

“Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ta’mirlanayotgan kupe, plaskart, restoran hamda SV vagonlarining har biri soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanishga moslashtirilmoqda. Quvonarlisi, ushbu vagonlarning ko‘p ehtiyot qismlari o‘zimizda, mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda.

Ushbu vagonlar avvalgilaridan biroz afzalliklarga ega bo‘lib, plaskart vagonlarda ham isitish va sovitish tizimi mavjud, havo aylanishi yanada yaxshilangan, suv isitish titanlari elektr energiyada ham, ko‘mirda ham ishlashga mo‘ljallangan. Vagon ichiga kam elektr sarf qiladigan zamonaviy “Led” yoritgichlari hamda telefon quvvatini to‘ldirish uchun maxsus moslamalar o‘rnatiladi. “Led” yoritgichlari vagonlar ichini tunda ham yorug‘ ko‘rsatish imkonini beradi. Vagon oynalari ham issiq va sovuqni, ortiqcha shovqinni o‘tkazmaydi. Yumshoq va qulay o‘rindiqlar esa sifati va chidamliligi bilan ajralib turadi. Har bir vagon yong‘in xavfsizligi moslamalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Vagonlarni ta’mirlab, sonini oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa tarmoqning vagon parkini bosqichma-bosqich yangilash, mahalliy aholi va xorijlik yo‘lovchilarimiz uchun zamonaviy hamda xavfsiz yo‘lovchi vagonlarida xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilashdan iborat. E’tiborlisi, zavodda nafaqat mahalliy yo‘nalishlar uchun balki, eksportga ham yangi vagonlar qurilib, qo‘shni davlatlarga sotilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI