Temir yo'l texnikumi bitiruvchilari ish o'rinlari bilan ta'minlanmoqdalar

2023 yil – Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida temir yo‘l tasarrufidagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash va ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2023 yil 9 martdagi 204-N-sonli “Tasarrufdagi texnikumlar bitiruvchilarini ishga qabul qilish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l texnikumlarining 2021/2022 o‘quv yili bitiruv chilarini ishga taqsimlash, ularni Jamiyat tasarrufidagi korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, tamomlagan kasbi (ixtisosligi) bo‘yicha saralash, tanlash va bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga taqsimlash uchun o‘quv muassasalarida suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish lozimki, 2021/2022 o‘quv yilida Toshkent temir yo‘l texnikumini 233 nafar, Qo‘qon temir yo‘l texnikumini 349 nafar hamda Samarqand temir yo‘l texnikumini 364 nafar o‘quvchi bitirib, ularni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan

Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga bag‘ishlangan tadbirlarning dastlabkisi 14 mart kuni Toshkent temir yo‘l texnikumida bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma va bo‘limlari rahbarlari, mintaqaviy temir yo‘l uzellari rahbar o‘rinbosarlari, kadrlar bo‘limi boshliqlari, korxona va tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i D.Sabirov so‘zga chiqib, respublikamizning turli hududlaridagi temir yo‘l uzellari hamda korxonalaridan tashrif buyurgan rahbar va mutaxassislarga korxona ehtiyojidan kelib chiqib har bir bitiruvchi bilan alohida suhbatlashib, ularning egallagan kasbi va yashash manzilidan kelib chiqqan holda kelgusidagi ish joylarini belgilash vazifasini tushuntirdi. Shu bilan birga yangi ishga qabul qilinadigan yoshlarga mehnat faoliyati davomida tajriba orttirib, yetuk mutaxassis bo‘lishlariga qulay sharoitlarni yaratib berish har bir soha rahbarining kasbiy burchi bo‘lishi zarurligini aytib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent temir yo‘l texnikumi direktori v.b. A.Mavlanov ham so‘zga chiqib, texnikumni kasblar va hududlar kesimida tamomlagan bitiruvchilar to‘g‘risida maʼlumot berdi. Bitiruvchilar bilan o‘tkaziladigan suhbat jarayonining tashkillashtirilishi yuzasidan tushunchalar berib o‘tdi. Shundan so‘ng, yo‘nalishlar bo‘yicha Jamiyat tasarrufidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar bilan har bir bitiruvchi o‘rtasida savol-javob shaklida suhbat bo‘lib o‘tdi. – Yurtimizda yigit-qizlarni har tomonlama komil shaxs sifatida voyaga yetkazish maqsadida barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi texnikumning Ishlab chiqarish taʼlimi bo‘yicha direktor o‘rinbosari v.b. A.Annaqulov. – Bu borada temir yo‘l tarmog‘ida yoshlarni taʼlimga yo‘naltirish, kasbga o‘rgatish va ish bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan izchil chora-tadbirlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiq, albatta.

Toshkent temir yo‘l texnikumida ham temir yo‘l transporti tizimi uchun zarur bo‘lgan yosh mutaxassislar tayyorlanadi. Ularni ish bilan taʼminlash esa har yili masʼuliyat bilan amalga oshiriladi. Bugungi kunda texnikumda 3 ming nafarga yaqin o‘quvchilar taʼlimning kunduzgi, sirtqi hamda dual shakllarida tahsil olayotgan bo‘lsa, 233 nafar bitiruvchi 11 ta kasb bo‘yicha 2021/2022 o‘quv yilining kunduzgi taʼlim shaklini muvaffaqiyatli yakunladi. Eʼtiborlisi ulardan 22 nafari imtiyozli diplom oldi.

Kun davomida suhbat natijalariga ko‘ra muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar Jamiyat tasarrufidagi korxona va tashkilotlarga ishga joylashish huquqiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, bu kabi tadbirlar 15 mart kuni Qo‘qon temir yo‘l texnikumida o‘tkazilgan bo‘lsa, 16 mart kuni Samarqand temir yo‘l texnikumida ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.



                                                                                                                                                                      Axborot-tahliliy media markazi

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI