Temiryo‘lchilar Xalqaro xotin-qizlar bayramini katta tantana bilan nishonlashdi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan sohada samarali mehnat qilib kelayotgan faol ayollar ishtirokida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Bayram tadbirida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilov so‘zga chiqdi.

– O‘lkamizga go‘zal va betakror fasl – bahor nafasi kirib kelgan ushbu damlarda sizlarni, sizlar orqali butun temiryo‘lchi xotin-qizlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va shaxsan o‘z nomimdan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, – dedi X.Xasilov. – Oila va jamiyat ko‘rki, hayotimizning fayzi bo‘lgan siz, azizlarni eʼzozlash, hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqmiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. Har biringiz fidokorona mehnatingiz bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqmiz farovonligi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash yo‘lida munosib xizmat qilib kelmoqdasiz. Ayniqsa, temir yo‘l sohasi rivoji yo‘lidagi zahmatli va masʼuliyatli mehnatlaringiz alohida tahsinga sazovor. Sizlarga yana bir bor o‘z nomimdan, qolaversa, temir yo‘l sohasida faoliyat yuritayotgan erkaklar nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman! Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib yurish nasib etsin. Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda bo‘lsin!

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda temir yo‘l sohasida 14 mingdan ortiq xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ular tizimning yo‘l xo‘jaligi, energiya taʼminoti, lokomotiv, vagon va konteynerlardan foydalanish, yo‘lovchi tashish xo‘jaliklari, loyiha va qurilish yo‘nalishlarida turli lavozimlarda, oddiy ishchi-xodimlikdan rahbar lavozimigacha faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu kungacha 39 nafar temiryo‘lchi ayol turli davlat mukofotlari bilan, 118 nafari esa “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Eʼtiborlisi, temiryo‘lchi ayollarimiz orasida mamlakatimizning yuksak eʼtirofi va unvonlariga sazovor bo‘lganlar safi ham kengayib bormoqda.

Bayram tadbirida el suygan sanʼatkorlar va Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi xonandalari ishtirokida katta bayram konserti tashkil etildi.



                                                                                                                                     Axborot-tahliliy media markazi

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI