Yangi ishlab chiqarilgan plaskart vagon taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 23 dekabr kuni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida yo‘lovchi vagonlarning yangi ishlab chiqarilgan plaskart turi taqdimoti tashkil etildi.

Mazkur vagonlar “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ buyurtmasi bo‘yicha “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, yo‘lovchilarga yana-da qulaylik yaratish, mamlakatimizda ichki va tashqi turizm salohiyatini yana-da rivojlantirish, hamyurtlarimiz va xorijiy turistlarning temir yo‘lda sayohat qilish talablarini to‘liq qondirishga xizmat qilishi yo‘lida amalga oshirilayotgan loyihalardan biridir.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19-sentyabr kuni “Mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yana-da oshirish chora-tadbirlari” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda, shuningdek, 28-sentyabr kuni “Trasport sohasida islohotlarni jadallashtirish” masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishida, eski tipdagi yo‘lovchi vagonlarni modernizatsiya qilish, yo‘lovchi vagonlar parkini yangilash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash borasida amaliy ishga kirishildi.

– Mana shu qisqa muddatda dastlab 20 ta plaskart vagonlarini tubdan, sifatli va zamon talablariga mos holda modernizatsiya qilindi va foydalanishga topshirildi, – deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ departament boshlig‘i Fozil Sharipov. – Kelgusi 2 yilda yana 300 ta eski tipdagi yo‘lovchi vagonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi va bugungi kunda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati tomonidan, sohada kelgusida qilinadigan ishlar va vazifalar aniq belgilab berildi hamda bu borada tegishli ishlar mutasaddi xodimlar tomonidan olib borilmoqda, taʼmirlash ishlarini qisqa muddatda to‘liq va sifatli amalga oshirish, ishchi marketing guruhini tashkil qilib, yo‘lovchilarning talab va istaklarini o‘rganish, poyezdlarda xizmat turlarini ko‘paytirish, restoran vagonlarini barcha yo‘lovchi poyezdlariga ulash, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, vagon kuzatuvchilarning faoliyatini qatʼiy nazoratga olib, yo‘l davomida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yana-da yaxshilash borasida vazifalar belgilab berildi.

Mazkur yangi ishlab chiqarilgan plaskart vagonlar zamonaviy, o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lib, 54 ta o‘ringa mo‘ljallangan. Vagon ichki haroratini nazorat qilishda elektron pult-tablolar o‘rnatilgan hamda konditsioner tizimi bilan jihozlangan. Vagonni ichki haroratini isitish maqsadida ikki xildagi tizim o‘rnatilgan, birinchi tizim bu – elektr toki yordamida isitish va ikkinchisi – vagonni boshqa turdagi yoqilg‘i bilan isitish tizimi. Yo‘lovchilarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida vagonlarda “USB”-portlar, uyali aloqa vositalarini quvvatlash uchun 220 voltli rozetkalar bilan jihozlangan. Vagondagi har bir o‘rindiq maxsus parda bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchining o‘rindig‘ini hamda tokchani boshqa yo‘lovchilardan yopiq holatga keltirish mumkin.

– Mazkur vagonlar Respublikamizda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqariladi, – deydi “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJ bosh texnologi Ravshan Baxodirov. – Zavodimizda bu kabi yangi yo‘lovchi vagonlar yiliga 50 dan ortiq ishlab chiqariladi va har oyda 20-25 ta yo‘lovchi vagon taʼmirlanib foydalanishga topshirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” AJ Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yo‘lovchi vagonlarini taʼmirlash va ishlab chiqarish yo‘nalishida ijobiy obro‘ga erishdi. Zavodning asosiy faoliyati qator turdagi yangi yo‘lovchi vagonlarini qurish, yo‘lovchi vagonlarini kapital taʼmirlash, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishdan iborat.

Shuningdek, alohida qayd etish lozimki, "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi" AJ Bojxona Ittifoqining texnik reglamentiga muvofiqlik sertifikati (TR TS sertifikati)ga ega. Bugungi kunda zavod zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalardan foydalanadi, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish bo‘yicha doimiy izlanishlar olib bormoqda.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI