InnoTrans 2022: Navbatdagi uchrashuvlar va muzokaralar hamda Berlin metropoliteniga ishchi guruhining sayohati

Berlin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “InnoTrans 2022” transport texnologiyalari, vositalari va tizimlari xalqaro savdo yarmarkasi bugun o‘z ishini davom ettirdi. Bugun ham uchrashuvlar, muzokaralar, zamonaviy transportning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, texnika va texnologiyalari bilan tanishuvlarga boy bo‘ldi.

Ko'rgazmaning navbatdagi ish kunida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Fransiyaning yirik injiniring kompaniyasi, energiya uskunalari va temir yo‘l transporti ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri bo‘lgan "Alstom" kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston tomoni yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan vagon va elektropoyezdlar, zamonaviy lokomotivlar ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi. Eslatib o'tamiz, kompaniya shuningdek, "TGV", "Thalys", "Eurostar" kabi Evropa operatorlari tomonidan ishlatiladigan TGV seriyali yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarini ishlab chiqaradi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining uzoq muddatli hamkorlaridan biri, Avstriyaning temir yo‘llarni va kontakt tarmog‘iga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun mashinalar, asbob-uskunalar va qurilish asboblarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Plasser & Theurer" kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ma'lumki, O‘zbekiston temir yo‘llarida yo‘l xo'jaligi ishlarini bajarish uchun bir qancha maxsus mashinalar xarid qildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi mazkur korxonada ishlab chiqarilgan texnikalarga joriy texnik xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash, modernizatsiya qilish va yangilash masalalari xorijiy korxona rahbariyati bilan muhokama qilindi.

Berlin shahriga bo'lgan safar davomida shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi v.b. H.Xasilov boshchiligidagi Ishchi guruh Berlin metropoliteniga ekskursiya bilan tashrif buyurdi. Asosiy maqsad, temir yo'llarning ustki qismini, ya'ni po'lat izlarini yotqizish usullari bilan tanishishdan iborat. Metropolitenning mas'ul xodimlari hamda Germaniyaning asosiy temir yo'l operatori hisoblangan "Deutsche Bahn AG" kompaniyasi vakillari hamrohligida metro yo'lining ustki tuzilishining ayrim jihatlari bilan yaqindan tanishish va o'rganish uchun sharoit yaratildi. E’tiborlisi, rels va shpal panjarasi Toshkentdagi Yunusobod metro liniyasiga o‘xshash tarzda yotqizilgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu erda ham balast sifatida maydalangan tosh va shag'al kabi yaxshi drenaj vazifasini o'tayotgan materiallar qo'llanilmoqda.

Tanishuv ekskursiyasi davomida yo‘l xo‘jaligi va metro qurilishi mutaxassislarimiz boshqa qator masalalar bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rgandilar. Bu bilimlarni o'z navbatida, O‘zbekistonda yangi metro liniyalarini qurishda qo‘llanilishi mumkinligi qayd etildi.

Bugun, 23-sentabr kuni Berlindagi “InnoTrans 2022” transport texnologiyalari, vositalari va tizimlari xalqaro savdo yarmarkasi o‘z ishini yakunlaydi. O‘zbekiston delegatsiyasi uchun u tajriba almashish, yangi aloqalar o‘rnatish nuqtai nazaridan juda boy va mazmunli  bo‘ldi. Mazkur forumda ishtirok etish yakunlari boʻyicha barcha takliflar oʻrganilib, rivojlanish rejalari va istiqbollari, xususan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda yoʻlovchi tashish sektori belgilab olinadi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI