Temiryo'lchilar yuksak davlat mukofot sohiblari

2022 yil 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Ular orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 4 nafar fidoyi temiryo‘lchilarning ham borligi barchamizni quvontirdi. Unga ko‘ra, “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining Xovos signalizatsiya va aloqa masofasi elektr mexanigi Naydenova Galina Olegovna hamda «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasining Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasining ekskavator mashinisti Sharipov Ravshan Sodiqovich Do‘stlik” ordeni bilan, “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining 67-ko‘prik qurilish otryadi montajchisi Ro‘ziqulov Yo‘ldosh Umarovich va “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonasining quyuv sexi metall quyuvchisi Xasanov Baxodir Buranbayevich “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari ishtirokida yuksak mukofot sohiblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda X.Xasilov mustaqillik yillarida mamlakatimiz temir yo‘l tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lgani, buyuk bunyodkorliklar, yangi yirik loyihalar amalga oshirilgani va bu davlatimiz hamda xalqimiz farovonligiga xizmat qilayotganini aytar ekan, bunda temiryo‘lchilarning, ayniqsa, o‘z kasbiga fidoyi, halol, zaxmatkash soha xodimlarining o‘rni beqiyosligini eʼtirof etdi.

– Bunday kasb egalari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan ham, hukumatimiz tomonidan ham har doim qadrlanib, munosib rag‘batlantirilayotgani har birimizga g‘urur, iftixor va kasbimizga bo‘lgan muhabbatimizni yana-da oshiradi, – dedi X.Xasilov.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan fidoyi temiryo‘lchilarga berilgan yuksak mukofotlar temir yo‘l tizimda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘ri yo‘lda ketayotganidan dalolatligini aytib o‘tishdi.

Shundan so‘ng X.Xasilov barcha mukofotlanganlarni yana bir bor tabriklab, ularga yuksak mukofotlarni tantanali tarzda topshirdi.


Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI