Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Afg‘oniston: yangi yo‘lakni tashkil etish masalalari muhokama qilindi
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi v.b. X. Xasilov tashabbusi bilan Qirg‘iziston va Afg‘oniston temir yo‘llari rahbarlari bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Afg‘oniston yangi koridorini tashkil etish va ushbu yo‘lak bo‘ylab yuk tashish uchun o‘zaro manfaatli shart-sharoitlar yaratish, eng muhimi, raqobatbardosh tariflarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Qirg‘iziston temir yo‘li” MK” davlat korxonasi bosh direktori A. Sakiyev, Afg‘oniston temir yo‘llari Bosh direktori Baxt ul-Rahmon Sharafat, shuningdek, Xitoyning "Wagkhan Corridor" logistika kompaniyasi, Xitoy vakili janob Mao va Afg‘oniston vakili Janob Zabiulloh ishtirok etdi.
Ushbu koridor orqali yuklarni Xitoyning Qashg'ar temir yo‘l stansiyasidan Qirg‘izistondagi O‘sh temir yo‘l stansiyasiga, O‘sh stansiyasidan Afg‘onistondagi Xayraton stansiyasiga temir yo‘l orqali tashish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar yillik yuk tashish hajmi 3500 konteynerni tashkil etadi va kelajakda yiliga 60 mingtagacha konteyner tashish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, raqobatbardosh tarif siyosatini hisobga olgan holda, tomonlar kelajakda tarif chegirmalari masalasini muhokama qilishga va keyingi uchrashuvda tarif stavkalarini taqdim etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida tomonlar yo‘lakni rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishlarini va yangi tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlashlarini taʼkidladilar.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI