“O‘zbekiston temir yo‘llarining 30 yillik tarixiy yo‘li”

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida “O‘zbekiston temir yo‘llarining 30 yillik tarixiy yo‘li” kitob-albomining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Mazkur kitob O‘zbekiston Republikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida chop etildi.

– O‘zbekiston temir yo‘llari mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab o‘zining qat’iy yo‘lini, istiqbolli vazifalarini belgilab olgan edi, – dedi kitob-albom chop etish loyihasi rahbari, Boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov. – O‘tgan 30 yillik mashaqqatli va sinovli yillarda temir yo‘l tizimi katta mehnat yo‘lini bosib o‘tdi. Aytish mumkinki, zahmatkash va mehnatkash temiryo‘lchilar tomonidan erishilgan yutuqlar tarixga muhrlanishiga va kitobga kiritilishiga munosibdir.

Kitob-albom 7 bobdan iborat bo‘lib, unda O‘zbekiston temir yo‘llarining tarixi, mustaqillik yillarida amalga oshirgan faoliyati, yirik bunyodkorlik ishlari, tizim tasarrufidagi xo‘jaliklar, sanoat korxonalari, ta’lim, tibbiyot, kasaba uyushmalari faoliyati, shuningdek, yordamchi xo‘jaliklari haqida ma’lumotlar, yutuq va muvaffaqiyatlarini aks ettirgan fotosuratlar joy olgan.

Shuningdek, temir yo‘l tizimini turli yillarda boshqargan rahbarlar, tizim tashkil topgandan buyon davlat va sohada joriy etilgan mukofotlar bilan taqdirlanganlar xususida ma’lumotlar berilgan. Kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, temir yo‘l sohasidagi muhim voqealarning xronologik jadvali kiritilgan.

Mazkur kitob 3 tilda (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) chop etilgan. Matnlar ravon tilda yozilgan bo‘lib, uslubiy jihatdan barchaga birdek tushunarli. U keng ommaga mo‘ljallangan va uni qo‘lga olgan har qanday kitobxon temir yo‘l sohasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘ladi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan mazkur kitob-albom temiryo‘lchilar uchun shaxsiy kitob javonida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi bilan birga ish faoliyatida ham muhim ekanligini ta’kidlashdi.
Yig‘ilish so‘nggida har bir ishtirokchiga tantanali ravishda shaxsan kitob-albom sovg‘a qilindi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI