“Afrosiyob”: Yo‘lovchi tashish imkoniyatlari oshdi

Xabaringiz bor o‘tgan 2021 yilda yurtimizga har biri 11 ta vagondan iborat 2 ta yangi “Afrosiyob” yuqori tezlikda  harakatlanuvchi elektropoyezd olib kelinib, ushbu turdagi yo‘lovchi poyezdlarning soni 6taga yetdi. Shuningdek, yangi keltirilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar bilan birga ushbu turdagi harakat tarkibning 4 ta ekonom klassdagi vagonlari ham xarid qilingan. 

Qayd etish lozimki, qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdlarni olib kelishdan asosiy maqsad ularga bo‘lgan yuqori talabni qondirish, jumladan, respublikamizga kelgan turistlar hamda aholimiz uchun yurtimiz bo‘ylab ichki turizmning jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, 2021 yilda “Afrosiyob” poyezdlari orqali 850 ming nafardan ziyod yo‘lovchilarni o‘z manzillariga yetkazdi. 

Yangi keltirilgan 4ta vagonlar bugungi kunda 2011 yilda olib kelingan 2ta “Afrosiyob” elektropoyezdlariga ulandi. Yaʼni, dastlabki bitta harakat tarkibida 9ta vagon mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda esa 11tani tashkil etmoqda. Eʼtiborlisi, ilgari 9 ta vagonda 215 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, endilikda esa ushbu ko‘rsatkich 286 nafarga yetdi. Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, 2017 yilda keltirilgan poyezdlar tarkibida 11ta vagon bo‘lgan. 

Taʼkidlash lozimki, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida vagonlarni elektropoyezdlarga qo‘shish  ishlari ilk bor Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda amalga oshirildi. Mazkur jarayon  “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga qarashli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga xizmat ko‘rsatish markazida barcha texnologik talablariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilib, test sinovlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi va bugungi kunda aholi hamda turistlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Eslatib o‘tamizki, yurtimizda mavjud 6ta elektropoyezdlar bugungi kunda Toshkent shahridan Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi yo‘nalishlarida muntazam harakatlanmoqda. 

Shu o‘rinda yana bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, yangi poyezdlarda va qo‘shimcha yangi ulangan vagonlarda turli ichki qoplama materiallari (o‘rindiqlarning charm qoplamalari, plastmassa, mato, yelim) hamda turli boshqa jihozlari tufayli hosil bo‘ladigan o‘zgacha hidni yo‘lovchilar sezishlari mumkin. Bu esa barcha yangi texnikalarga xos bo‘lgan holatdir. Odatda vaqt o‘tishi bilan ushbu hidlar tarqalib ketishi shubhasiz.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI