O‘zbekiston temir yo‘llarida harbiylar taqdirlandi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 14 yanavar – “Vatan himoyachilari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Jamiyat boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini taʼminlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasining rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov so‘zga chiqdi va temir yo‘l transporti tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini taʼminlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasining rahbar va mutaxassislarini, ishchi-xodimlarni samimiy tabrikladi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining yil sayin rivojlanib borishi va dunyoda salohiyati va qudrati bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turishida temir yo‘l sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini taʼminlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi jamoasining ham xissasi qo‘shilayotganini eʼtirof etdi. Vatanimiz tinchligi, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilayotgan mehnatlari tahsinga sazovorligini aytib o‘tdi.     
      
– Sizlarni, sizlar orqali yurtimizning barcha harbiylarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” bilan chin yurakdan muborakbod etaman, – dedi X.Xasilov. – Ushbu qutlug‘ ayyom, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonimiz uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish maqsadida yuksak taraqqiyot, istiqbolli rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Barcha sohalarda yangi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, tarixiy yangilanishlar va beqiyos bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Temir yo‘l tizimi doirasida amalga oshirilayotgan barcha harbiy faoliyatlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini taʼminlash markazining bilimli va o‘z kasbiga sadoqatli harbiy xizmatchilar alohida faollik ko‘rsatmoqdalar. Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga tog‘dek tayanch bo‘lib turgan buyuk maʼnaviy kuchni ko‘ramiz. Bugungi ulug‘ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz. Jonajon O‘zbekistonimizning yana-da taraqqiy etishida shijoat va mehnatsevarlik, qatʼiyat va mardlik kabi fazilatlaringiz sizlarga doimo hamroh bo‘lsin! Bayramingiz muborak bo‘lsin!                                                               

Shundan so‘ng tadbirda “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.  Unda temir yo‘l tizimida harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar, harbiy texnikalarni vagonlarga ortish va tushirish hamda dala o‘quv maydonlaridagi harbiy mashqlar ko‘rsatildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o‘tkazilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligining yanada ishonchli himoyasi ta’minlanmoqda, – deydi Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi boshlig‘i Sirojiddin Saydaxmedov. – Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalovchi muhim institutga aylandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahnamoligi ostida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli dala-o‘quv maydonlarida harbiy texnikalarni yuklash va tushurish uchun o‘quv nuqtalari tashkil etildi hamda 2021 yil mobaynida transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi shaxsiy tarkibi boshchiligida 86 marotaba amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. 

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b X.Xasilovning buyrug‘i bilan Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi hamda Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasining fidoyi rahbar va xodimlari qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Transport vositalarida qo‘shinlar harakatini ta’minlash markazi boshlig‘i Sirojiddin Saydaxmedovga esa “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi tantanali tarzda topshirildi. 

Bayram tadbirida harbiylar ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faoliyati va taraqqiyotida temir yo‘l tizimining katta hissasi borligini e’tirof etishdi, tarmoq rahbariyati tomonidan harbiylarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor sohani yanada rivojlanishiga zamin yaratishini aytib o‘tishdi.

Darhaqiqat, e’tirof etish lozimki, biz temir yo‘l sohasida mehnat qilib, Vatanni himoya qilishdek murakkab, ayni paytda dunyodagi eng olijanob va mas’uliyatli burchni sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtiga sadoqatli dovyurak harbiylarimiz bilan har doim faxrlanamiz!
Ana shu beqiyos yutuq, ezgu ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI