Kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rildi

Hozirgi kunga kelib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari doirasida 52 dona isitish qozoni yangilariga almashtirildi, 47ta suv isitish qozonlarida taʼmirlash ishlari olib borildi. Shu bilan birga 14,1 kilometrlik suv quvurlari nazorat ostiga olinib, u yerda ham taʼmirlash ishlari bajarildi. 

– Kuz-qish mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalo, noqulay ob-havo sharoitlarida tarmoq tasarrufidagi muassasalarda mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar uchun har tomonlama qulay ish sharoitlarini yaratish, ish surʼatini bir zum bo‘lsada, to‘xtab qolmasligining oldini olishdir, – deydi Mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmonxo‘ja Asomxo‘jayev. – Shu maqsadda ayni paytda tarmoqning har bir ishlab chiqarish korxona va zavodlarida, o‘quv muassasalarida, tibbiyot maskanlarida yong‘in xavfsizligi taʼminlanib, yong‘in va shu kabi favqulodda holatlarning oldini olish hamda isitish moslamalarini o‘z vaqtida taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Korxona va tashkilotlarda bug‘ qozonlarini ko‘rikdan o‘tkazish, issiqlik va suv tarmoqlari sozligini taʼminlash, bino hamda inshootlarni joriy taʼmirdan chiqarish, tomlarni nazoratdan o‘tkazish, derazalarning oynalarini ko‘zdan kechirish va but holga keltirish ishlari olib borildi. Shular qatorida, korxonalardagi sexlarni taʼmirlash uchun zarur bo‘ladigan texnikalarni, transport vositalari va avtotexnikalarni ham joriy nazoratdan o‘tkazib, mavsumga shay qilish ishlari bajarildi. Xususan, 275 ta avtotransport vositasi joriy taʼmirlanib, to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va mavsumga tayyorlandi. Qilingan ishlarning samarasi o‘laroq, har qanday ob-havo sharoitida ham temiryo‘lchilarimiz tomonidan qurilish nuqtalarida olib borilayotgan ish surʼatini aslo pasaytirmaslikga eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik  jamiyati bo‘yicha barcha mintaqaviy temir yo‘l uzellarida qurilish-taʼmirlash uchastkalari (RSU) tashkil etilgan. Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” unitar korxonasi,  “O‘zvagontaʼmir” hamda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyatlari hamda “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonasida ham qurilish-taʼmirlash uchastkalari tashkil etilib, ularga maxsus mutaxassislar biriktirildi.   

Hozirgi kunda “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi maʼmuriy binosida, “Qo‘ng‘irot” lokomotiv deposida, “Qo‘qon” lokomotiv deposining “Andijon” filialida tasdiqlangan Dasturga asosan yangi va zamonaviy tejamkor suv qozonlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

“Temiryo‘lyonilg‘itaʼmin” boshqarmasi tomonidan hozirgi kunda 2021-2022 yil kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasini uzluksiz taʼminlash maqsadida Jamiyat korxona va muassasalari uchun 305,7 tonna suyuq yoqilg‘i (pech yoqilg‘isi), 5235,84 tonna ko‘mir briketi zaxirasi yaratilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishchi-xodimlarning deyarli barchasi maxsus qishki kiyim-bosh  va poyabzallar bilan taʼminlandi. Jumladan, issiq saqlovchi hamda “Gudok” turdagi kurtkalar, maxsus poyabzal, namlikdan saqlovchi plash hamda issiq bosh kiyim bilan taʼminlandi.

Shunday qilib, bugungi kunga qadar mintaqaviy temir yo‘l uzellarida, korxona va tashkilotlarda, ijtimoiy obyektlar, tibbiyot va o‘quv muassasalarida kuz-qish mavsumiga jiddiy hozirlik ko‘rildi, buning uchun barcha amaliy ishlar bajarildi. Bu saʼy-harakatlar esa mavsumning talafotlarsiz o‘tishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Axborot-tahlilit media markazi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI