Og‘ir ishdagi mehnatkashlarga eʼtibor ko‘rsatildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining korxonalaridan biri «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida bugungi kunda 733 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritib, ulardan 55 nafarini ayollar, 108 nafarini esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi.

Hisobot davrida korxona xodimlarining o‘rtacha ish haqqi 4 408 860 so‘mni tashkil qilib, 2020 yilning 9 oyligiga nisbatan 911 109 so‘mga yoki 26,0 foizga oshishiga erishilgan.

Surxondaryo viloyati «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari hamda u yerda mehnat qilib kelayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining o‘rinbosari M.Rozimetov, mehnat huquq inspektori O.Xolboyev, Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli kasaba uyushma hududiy qo‘mitasining raisi G‘.Daminov, «Sharg‘unko‘mir» AJ bosh direktori o‘rinbosari J.Shaymatov va bosh muhandisi Sh.Surxanovlar ishtirok etdilar.

Ushbu ochiq muloqot davomida hozirgi kunning dolzarb mavzulari bilan birga aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar to‘g‘risida suhbatlashildi. Shuningdek, mavjud muammolarning yechimi, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan savol-javoblar uyushtirildi. Bu borada yosh ishchi-xodimlar korxonani rivojlantirish, yangi texnologiyalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.

Qiziqarli davra suhbatidan so‘ng O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida namunali mehnati bilan kasaba uyushma aʼzolariga o‘rnak bo‘layotgan, tashabbuskor va tashkilotchi, jamoat ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan ishchi-xodimlarning 100 nafari rag‘batlantirilib, ularga 500.000 (besh yuz ming) so‘mdan pul mukofoti berildi. Ko‘rsatilgan eʼtibordan mamnun bo‘lgan mehnatkashlar O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisiga hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati va mutasaddilariga o‘zlarining minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Shundan so‘ng Respublika Kengashi raisining o‘rinbosari M.Rozimetov boshchiligida «Sharg‘unko‘mir» AJda ishlab chiqarish bilan bog‘liq amalga oshirilgan modernizatsiya, qurilish ishlari va ishchi-xodimlarga yaratib berilgan sharoitlar o‘rganildi. Ular ishchi-xodimlar uchun barcha uchastka, sex va bo‘limlarda ishlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekanlar, tibbiy yordam ko‘rsatish xonasi, ustalar va bo‘lim boshliqlari xonalari, ovqatlanish, dam olish va yuvinish xonalari to‘liq mukammal taʼmirlanganiga guvoh bo‘ldilar.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI