Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

12:56:59 (GMT +5), juma, 19 aprel 2024

Yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan "Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Spitamen tumanidagi 630 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan maktab binosini qurish va jihozlash" loyihasi doirasida yangi maktab foydalanishga topshirildi. Mazkur tadbir bugun, 27 sentabr kuni tantanali ravishda bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Tojikiston Ta'lim va fan vaziri Mahmadyusuf Imomzoda, O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisi v.b. Xusnutdin Xasilov ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, yangi maktab qurish to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi paytida imzolangan edi. Loyihani amalga oshirish 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi ("Yo‘l xaritasi")ga  muvofiq amalga oshirildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12.03.2018 yildagi "O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" PQ-3596-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

   

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. X. Xasilov o‘z nutqida ta'kidlaganidek, yurtboshimizning topshirig‘iga binoan barpo etilgan maktabda o‘quvchilarning sifatli ta'lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, shuningdek, binoning barpo etilishda qurilish me'yorlari va qoidalariga hamda yong'in xavfsizligi talablariga amal qilingan holda olib borilgan. Qurilishda hududning seysmologik jihatlari ham hisobga olingan.

Tadbir mehmonlari yangi o‘quv maskani va unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdilar.

   

Olib borilgan bunyodkorlik ishlari o‘quv jarayonini samarali tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar, fizika, kimyo, astronomiya, biologiya, rasm chizish kabi fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan xonalarda darslarni olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, o‘g‘il bolalarga metall, yog‘ochni qayta ishlash bo‘yicha mehnat ko‘nikmalarini o‘rgatish, qizlarni esa - tikish-bichish, oshpazlik san'ati va boshqa uy ishlarini o‘rgatish uchun individual loyiha asosida maxsus  xonalar alohida jihozlangan. Sport bilan shug‘ullanish uchun yopiq sport zali va ochiq stadion, o'quvchilarning bilim saviyasini oshirish va dunyoqarashini kengaytirish uchun turli kitoblar bilan boyitilgan kutubxona mavjud. Darslarni tayyorlash va o‘tkazish uchun o‘qituvchilar uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan.

   

2,1 gektar maydonni o‘z ichiga olgan maktab majmuasi uchta blokdan iborat. Birinchi blokda yerto‘lalari bo‘lgan uch qavatli o‘quv binosi mavjud. 1-qavatdan biologiya, kimyo, fizika, astronomiya fanlariga ixtisoslashgan laboratoriya  xonalari, mehnat darslarini o‘tkazish uchun maxsus xona va ustaxonalari, tasviriy san'at va rasm chizish xonalari o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Unda shuningdek, kun davomida guruhlarning erkin ishlashlari uchun universal xona, direktor xonasi, o‘qituvchilar xonalsi,  shifokor, hisobchi, komendantlar uchun xonalar mavjud. Uchinchi qavatdan esa o‘quv va kompyuter sinflari, ona tili va adabiyot, ingliz tili, matematika, geografiya xonalari o‘rin egallagan.

Maktabning ikkinchi bloki ikki qavatdan iborat bo‘lib, uning pastki qavatida sport zal, kiyim almashtirish xonalari, dush, hammom, sport anjomlari uchun xonalar va sport murabbiysi xonasi joylashgan. Uchinchi blok – yerto‘la bilan hisoblaganda ikki qavatli bino. Uning pastki qavatida oshxona, ovqatlanish xonasi, bufet va yordamchi xonalar mavjud. Ikkinchi qavatda faollar zali, kinozal, texnik markaz, san'at markazi, kutubxona va boshqa xonalar mavjud. Sinf xonalari, ixtisoslashtirilgan o‘quv xonalari, ustaxonalar, laboratoriyalar, sport zali, 278 o‘rinli faollar zali, 224 o‘rinli ovqatlanish xonalari, mebel, kompyuter, o‘quv va laboratoriya jihozlari bilan to‘liq jihozlangan.

Fasadga, maktab binosining asosiy kirish eshigi ustida, O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi Prezidentlarining portretlari tushirilgan panel o‘rnatilgan. Maktab hovlisida esa o‘quv maskanining tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan maxsus granitdan ishlangan estalik poydevori o‘rnatildi.


Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish