“Xamza” - raqobatbardosh stansiyalardan biriga aylandi

"Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli" unitar korxonasi tasarrufida jami 57 ta stansiya mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ularning qirqdan ortiqrog‘i to‘liq qayta ta'mirlandi va ishchi-xodimlar hamda mijozlar uchun barcha qulay sharoitlar yaratildi.

“Xamza” uzelning ana shunday kapital ta'mirlangan va eng namunali stansiyalaridan biri. 60 nafarga yaqin malakali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatayotgan maskanda mijozlar uchun zamon talablariga to‘liq javob beradigan sharoitlarni yaratish, servis xizmatlarini yanada yaxshilash orqali yuk tashish hajmini oshirgan holda Aksiyadorlik jamiyati hisobiga tushayotgan mablag‘larni yanada ko‘paytirishga erishilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyini ushbu stansiya ishchi-xodimlari yaxshi ko‘rsatkichlar bilan yakunlashdi. Stansiyadan yuk jo‘natish va qabul qilish jarayoni karantin davrida ham barqaror ko‘rsatkichlar bilan davom ettirildi.

- O‘tgan vaqt davomida bu yerda binolar to‘liq qayta ta'mirlanib, ko‘rkam va obod holatga keltirildi, - deydi stansiya rahbari Abdulaziz Irgashev. - Ikki qavatli ma'muriy bino to‘liq ta'mirlandi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun yangi xonalar qurildi. Ularda yuk hujjatlarini rasmiylashtirish, tijorat, to‘lovlarini amalga oshirish, yagona darcha xonalari mavjud. Ko‘rsatkichlarimiz ham yaxshilanib bormoqda. Xususan, belgilangan rejaga ko‘ra stansiyadan har kuni 56 ta vagonga yuk ortish hamda 50 ta vagondan yuk tushirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich oshirilib, har kuni o‘rtacha 60 ta vagonga yuk ortilib, 80 ta vagondan yuk tushirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida stansiyada 411 ming 353 tonna yuk ortib jo‘natildi, 14 ming 909 ta vagon yuk tushirish uchun qabul qilindi.

Abdulaziz Irgashevning aytishicha, “Xamza” - 3-toifa turiga kiradigan stansiya. Bu yerda yuk vagonlar joylashishi uchun 6 ta yo‘l mavjud. Mijozlar uchun turli xildagi yuk vagonlarida mahsulotlar ko‘rsatilgan manzilga yetkazib beriladi. Nafaqat mamlakatimiz hududi, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, uzoq xorij mamlakatlari hamda qo‘shni davlatlardan qurilish materiallari, metall, taxta va sement vagonlarda keltiriladi va qabul qilinib, o‘zimizni vagonlarga ortiladi, shuningdek, belgilangan manzil bo‘yicha respublikamizning turli hududlariga jo‘natiladi.

Stansiya rahbariyati tomonidan yuk qabul qilish va jo‘natishni yanada yaxshilash, ko‘rsatkichlarni oshirish maqsadida mutaxassislar poytaxtimiz va respublikamiz viloyatlariga chiqib, qurilish korxonalari va kompaniyalarga, firma hamda tadbirkorlarga stansiyaning qulay xizmatlarini taklif etgan holda mijozlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yishmoqda. Ularga sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatish kafolatini ham taklif etishyapti. Bu esa o‘z natijasini berib, hamkorlar sonining ortib borishiga xizmat qilishi shubhasiz.


Stansiyada mijozlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish kunu tun, ya'ni 24 soat davomida to‘xtovsiz davom etadi. Kechasi ham, kunduzi ham mahsulotlarni olib chiqib ketishga sharoit yaratilgan. Bu yerda tashkil etilgan “Yagona darcha” markazi orqali ham murojaat qilgan mijozlarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berilib, zarur maslahatlar taklif etilmoqda. Yuk jo‘natish va qabul qilishda, turli xil vagonlarni yetkazib berishda mavjud muammolar darhol o‘z yechimini topmoqda. Eng muhimi tadbirkor va korxonalar manfaati ko‘zlangan holda ish ko‘rilmoqda. Birgina misol, stansiya hududiga tashrif buyurgan mijozlarga, O‘zbekiston temir yo‘llarida erishilayotgan yutuqlar, tadbirkorlarga yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar shuningdek, boshqa zarur bo‘lgan ma'lumotlarni videoroliklar orqali keng namoyish qilish maqsadida 20 kvadrat hajmdagi elektron tablo o‘rnatilgan. Bu esa hamkorlarda temir yo‘lga bo‘lgan ishonchning yanada oshishiga zamin yaratmoqda.

Yana bir muhim jihat, stansiya hududi va atrofi obodonlashtirilib, ellikdan ortiq archa va mevali ko‘chatlar hamda besh yuzga yaqin turli anvoyi gullar ekildi. Yoritish tizimlari ham yangilanib, zamonaviy chiroqlar o‘rnatildi. Ishchilar uchun issiqxona qurilib, limon ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bu yerda kuzgi-qishki mavsumga ham puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ayni paytda stansiya bino tomlarining butligi, isitish qozonlari nazoratdan o‘tkazilib, ishchi-xodimlarga qishki kiyimbosh va boshqa zaruriy jihozlar uchun buyurtma berilgan.

Axborot-tahliliy media markazi


1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI