Boylik, boylik tubi o‘g‘irlik

Shu kunlarda temir yo'llarni qotirib turadigan ehtiyot qismlarining o‘g‘irlanishi haqidagi xabar mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 29 iyun kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining transport xavfsizligi boshqarmasiga temir yo‘l atrofida aylanib yurgan “piyodalar” haqida tezkor xabar berilgan. Qidiruv natijalariga ko‘ra Qo‘qon MTU Farg‘ona viloyatidagi "Furqat" – "Oltiariq" temir yo‘l stansiyalari orasidagi 222-kilometr masofasida joylashgan temir yo‘l po‘lat izlaridan jami 48 ta bolt va 60 ta gayka o‘g‘irlanganligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari olib borilib, ushbu jinoyat fuqaro F.X. tomonidan sodir etilganligi fosh bo‘lgan. Shuningdek, o‘g‘irlangan davlat mulkini ma'lum bir xaridorga 192 ming so‘mga sotmoqchi bo‘lganligi ham aniqlangan.

Fikr bildirgan aksariyat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jinoyatchining harakatlarini qoralab, unga nisbatan qattiq jazo choralarini qo‘llashni taklif qilmoqdalar. Albatta, temir yo‘llarning holatini tekshiruvchi temiryo‘lchilar o‘z vazifasini vijdonan bajarganliklari boisdan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojianing oldi olindi. Agar, o‘sha ehtiyot qismlari o‘g‘irlangan temir yo‘l izidan yo‘lovchi yoki yoqilg‘i, portlovchi, toksik yuklar ortilgan poyezdlar o‘tganida nima bo‘lar edi? Yuzlab yo‘lovchilar va yaqin atrofdagi mahalliy aholi hayotiga, davlat mulkiga, shuningdek tadbirkorlarga ham moddiy, ham ma’naviy ziyon keltirishi turgan gap. Bu esa, o‘z navbatida diversiya va terrorizm kabi og‘ir jinoyat sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Bir narsa aniqki, yo‘l harakati xavfsizligi va transportda, xususan temir yo‘llarda harakat xavfsizligiga daxl qilgan shaxs jazosiz qolmaydi.

MA'LUMOT UCHUN: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  temir yo‘l, dengiz, daryo, havo transporti vositalarining yoki aloqa vositalarining yomonlashishi to‘g‘risidagi 263-moddada: 

Temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transporti vositalari, aloqa yo‘llari, ulardagi inshootlar, signalizatsiya qurilmalari, aloqa yoki boshqa ransport uskunalarini qasddan buzish, ularga shikast yetkazish yoxud ularni boshqa usulda foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat:
a) odamlar o‘limiga;
b) halokatga;
v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —

o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI