Yurtboshimizning parlamentga murojaatnomasi – muhim dasturiy hujjat

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida berilgan topshiriqlar ijrosini amalga oshirish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Jamiyat boshqaruvi raisi v.b. va boshqarma rahbarlari, markaz va korxona boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.


Tadbirda Jamiyat boshqaruvi raisi v.b. X.N.Xasilov so‘zga chiqib, barcha yig‘ilganlarni joriy yilning 24 yanvar sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga uchinchi bor Murojaatnoma taqdim etgani va bu mamlakatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirganini, unda o‘tgan 2019 yil yakunlari sarhisob etilgani hamda joriy 2020 yilda va kelgusi besh yillikda rivojlanishning ustuvor vazifalari belgilab olinganligini ta'kidladi. Shuningdek, shu kungacha Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan ahamiyatga molik yig‘ilishlarda temir yo‘l transporti tizimiga ham alohida to‘xtalganligi, sohadagi yuk va yo‘lovchi tashish masalalarida munosabat bildirilganligi, bunda mahalliy yo‘nalishlarda bevosita qatnovlarni ko‘paytirish, yuk tashish salmog‘ini oshirish borasida o‘zining xolis fikrlarini bildirdi.

– Yurtboshimizning har bir fikri, o‘tgan yillarga bergan haqqoniy bahosi, Vatanimiz  taraqqiyoti, turmushimiz farovonligi uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarda, ayniqsa, xalqimizning taqdiriga daxldor bo‘lgan dolzarb va murakkab masalalarning ochiq hamda oshkora aytilgani bilan ahamiyatlidir, – dedi  X.N.Xasilov. – Bunda bevosita har bir fuqaro, har bir oila taqdiriga bog‘liq masalalar ko‘tarildiki, bu sohada faoliyat olib borayotgan temiryo‘lchilar uchun ham daxldorligi bilan qimmatlidir.

Yig‘ilishda bevosita elektrovozlar parkini batamom yangilash hamda temir yo‘l uchastkalarini navbat asosida elektrlashtirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.  Ayni damda aholi hojatini chiqarish va sayohlarni tarixiy shaharlarga borib-kelishi borasida ham temir yo‘lga talab juda ko‘payib borayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuning asnosida Osiyo tarqqiyoti banki bilan ishlanayotgani, bunda 2019 yilda 30 ta elektrovoz xarid qilinganligi, joriy yilda ham 15 ta “elektrichka” olib kelinishi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining «Transmashxolding» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tuzilgan shartnomalar asosida yangilarining keltirilishi aytib o‘tildi. 

Tadbir davomida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori, professor J.Ramatov so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi bilan yig‘ilish qatnashchilarini yana bir karra tanishtirdi va mamlakatimizda amalga oshirilgan ijobiy ishlar, yutuqlar bilan bir qatorda, ko‘plab sohalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini ham aytib o‘tdi. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganidek: «O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta'limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilish boshlandi. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining bilim saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma'rifat, yuksak ma'naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!»

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar tomonidan temir yo‘llarda shu kungacha tashilgan yuklar hajmi va turlari slayd ko‘rinishida tushuntirib o‘tildi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI