“Zukko kitobxon”: yakuniy bosqichga yo'llanmani qo'lga kiritish uchun baxs

So'nggi yillarida mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va san'atimizni yanada rivojlantirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, necha ming asrlik ijodkorlarning mehnati va  ijodiy samarasi munosib qadirlanishiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Buning isboti o'laroq, “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik  jamiyatida yoshlarga   oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, uning ijrosini ta'minlash hamda yosh temiryo'lchilar o'rtasida kitob mutolaasi, kitobxonlik  madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma'naviy ongini yuksaltirish maqsadida tizimdagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarida “Har bir inson o'qishi zarur bo'lgan 100 ta kitob” chorlov aksiyasi bo'yicha “Zukko kitobxon” ko'rik-tanlovining saralash bosqichi bo'lib o'tdi.

Unda Toshkent temir yo'l muhandislari instituti talabalari va Toshkent temir yo'l transporti kasb-hunar kolleji o'quvchilari, hamda “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” va “O'zbekko'mir” aksiyadorlik jamiyatlarining ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Ko'rik-tanlovda 4 ta shart bo'yicha kitobxonlar o'zlarining bilim va idroki bo'yicha bellashdilar. Ular har bir tanlovning belgilangan qoidalariga amal qilgan holda o'zlarining nechog'lik kitobsevarliklarini namoyon etishdi. Shuningdek, ishtirokchilarning kitob mutolaasi va bilim darajasi hamda muomala madaniyati alohida e'tiborga olinib hay'at a'zolari tomonidan adolatli baholab borildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvarda imzolangan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risida” gi Farmoni hamda 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida”gi Qarori shu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishda dasturulamal vazifasini o'tamoqda. 

Tadbir so'nggida birinchi o'rin Toshkent temir yo'l muhandislari instituti talabasi A'zamjon Umaralievga, ikkinchi o'rin Toshkent temir yo'l transporti kasb-hunar kolleji o'quvchisi Ruxshona Nurmatovaga, uchinchi o'rin esa “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va  ta'mirlash zavodi” aкsiyadorlik jamiyati chilangari Muzaffar Maqsudovlarga nasib etdi. 

Birinchi va ikkinchi o'rin g'oliblariga Respublika bosqichiga ishtirok etishga yo'llanma taqdim etildi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI