Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

00:34:58 (GMT +5), juma, 22 iyun 2018

“Bunyodkor” yonidagi bunyodkorlik

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga ko'ra, poytaxtimizning Bunyodkor va Cho'ponota ko'chalari kesishmasida umumiy uzunligi 667,5 metr bo'lgan zamonaviy yo'l o'tkazgichni qurish ishlari boshlab yuborilgan edi. Qisqa fursatda tajribali ko'priksozlar ushbu inshootda keng ko'lamdagi ishlarni amalga oshirdi.

Ma'lumki, Bunyodkor shohko'chasi Toshkent shahrining eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog'laydi. Mazkur yo'nalishda doim avtomobillar qatnovi tirband. Magistralda jami 9 ta yo'l o'tkazgich mavjud bo'lib, may oyida ularning soni yana bittaga ko'payadi. “Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan rejaga ko'ra, bunyod etilayotgan inshoot 6 ta yo'lakdan iborat. Zamonaviy yo'l o'tkazgich estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo'lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metrni tashkil etadi.

Yirik inshoot jami 23 ta ustun oralig'ida barpo etiladi. E'tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo'lgan ikkita piyodalar o'tish ko'prigi quriladi. Yangi bunyod etilayotgan yo'l o'tkazgichning yoritish tizimi ham jahon andozalariga mos ravishda barpo etiladi.



Hozirgi kunda 10 ta tayanch ustunining poydevor ishlari tugatildi. Ayni paytda ustki karkas o'rnatish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 2 625 kub metr tuproq, 12 070 kub metr beton ishlari bajarildi. Bunyodkorlik jarayoniga 30 dan ortiq texnika, 250 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi jalb etilgan. Mazkur yo'l o'tkazgichni belgilangan muddatida,  zamon talablari darajasida qurib, foydalanishga  topshirish maqsadida tarmoq jadvallari ishlab chiqilib tasdiqlangan qurilish materiallari zaxiralari yaratilmoqda.

Shuningdek, qurilish texnikalari va avtotransport vositalarini saqlash va ta'mirlash uchun bazalar hamda  shtab tashkil etilgan. Ko'prikni bunyod etishda foydalanilayotgan temirbeton konstruktsiyalari trestga qarashli ishlab chiqarish maydonlarida tayyorlanmoqda. Yo'l o'tkazgich ustunlarini joylashtirishga mo'ljallangan moslama va bir qancha kerakli materiallar “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyat tasarrufidagi sanoat korxonalarida  ishlab chiqarilayapti. Bu esa qurilish ob'ekti tannarxining birmuncha arzon bo'lishiga, ortiqcha sarf xarajatlarning oldini olishga imkon beradi.


Albatta, bu inshoot qurib foydalanishga topshirilsa, hududdagi avtomobillar tirbandliklarining oldi olinadi, ortiqcha vaqt yo'qotishga chek qo'yiladi. Joriy yilda “Ko'prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan 7 ta ko'prik va yo'l o'tkazgich qurish rejalashtirilgan.  Dastlabki  bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

Ko'zlangan maqsad sari yetish uchun ko'priksozlarda texnika va texnologiya, yillar davomida orttirilgan tajriba, ko'nikma va malaka ham yetarli. Bu esa inshoot o'z vaqtida, sifatli qurib bitkaziladi va xalqimizga yanada qo'shimcha qulayliklar yaratiladi, deganidir. 

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko’rinish