Xo‘jakentda temiryo‘lchi yoshlar ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 dekabrdagi  “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati  Yetakchilar Kengashi tashabbusi bilan boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan 60 nafar temiryo‘lchi faol yoshlar ishtirokidaXo‘jakent dam olish maskanida temir yo‘l tizimida volontyorlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi. 

O‘quv-seminarini mazmunli va tartibli tashkil etish maqsadida ishchi-guruh tomonidan dastur mexanizmi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, ishtirokchilar poyezdga joylashtirilib, vaqtdan unumli foydalangan holda o‘zaro tanishib, do‘stona munosabatlardan so‘ng barchani alohida 4 guruhga bo‘lib chiqildi. Xo‘jakent dam olish maskaniga ishtirokchilar joylashtirilib, so‘ng nonushta bilan ta’minlandi. Keyin esa dasturning asosiy qismidan biri bo‘lgan umumiy volontyorlik tushunchalari, O‘zbekistonda volontyorlar harakati faoliyati, tegishli Qonunlar yuzasidan O‘zbekiston volontyorlar assosiasiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi volontyorlar bo‘limidan taklif etilgan tajribali xodimlar orqali ma’lumotlar yetkazildi.

Seminarning quvnoq va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishini ta’minlashga mo‘ljallangan dastur bo‘yichi ishtirokchilar bilan interfaol, jamoaviy muhitni shakllantiruvchi o‘yinlar tashkil etildi. Uchrashuv davomida guruhlarga bo‘lingan har bir jamoaga vazifa sifatida turli xildagi volontyorlik faoliyatini rivojlantirish, tashkil etish va loyihalarni amalda qo‘llash bo‘yicha fikr va takliflari eshitilib muhokama qilindi. Shundan so‘ng yoshlarda liderlik qobilyatlarini shakllantirish, vaqt boshqaruvi (time managment) va yoshlarni turli usullar bilan rag‘batlantirishning metodlari bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar bilan tushlikdan so‘ng, tabiat qo‘ynida kichik ko‘ngilochar ekskursiya va fotosessiya tashkil etildi. O‘quv seminar yakunida esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Yetakchilar Kengashi raisi, jamiyat sport targ‘ibotchisi O.A.Sadriddinov tomonidan tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar taqdirlandi.

Kunning yakuniga borib ishtirokchilarning ortga qaytishlari vaqtida, ya’ni poyezdda, iqtidorli yoshlarimizning gitara cholg‘usi ijrosidagi qo‘shiqlari bilan Toshkent janubiy 
vokzaliga qaytib kelindi.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI