Elektron tizimlar va virtual modellashtirish laboratoriyasi tashkil etildi

Toshkent temir yo‘l texnikumida elektron tizimlar va virtual modellashtirish laboratoriyasi so‘nggi olti oy davomida yangidan bunyod etilib, ishga tushirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. U.Tursunkulov hamda Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi rahbari A.Xamroliyev boshchiligidagi mutaxassislar Toshkent temir yo‘l texnikumiga tashrif buyurib, mazkur laboratoriyaning imkoniyatlari, shuningdek, texnikum hududida tashkil qilinayotgan o‘quv poligonida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.  

– Mazkur laboratoriya ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, o‘quvchilarning amaliy hamda laboratoriya mashg‘ulotlarini talab darajasida sifatli tashkil etish, guruhdagi har bir o‘quvchida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi, – deydi texnikumning Avtomatika, telemexanika, aloqa va axborot texnologiyalari kafedrasining katta o‘qituvchisi Abdua’zam Jalilov. – Bundan tashqari, bu yerda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tegishli korxonalari bilan birgalikda, ishlab chiqarish bilan integrasiyani yo‘lga qo‘ygan holda elektronika, elektron tizimlar, jarayonlarni avtomatlashtirish va mikroprosessor qurilmalarini o‘rganish ishlarini ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

– Yangi o‘quv laboratoriyasi mikroprosessor loyihalarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etadigan bo‘lajak texnik-dasturchilarni tayyorlash uchun yaratilgan, – deydi Avtomatika, telemexanika, aloqa va axborot texnologiyalari kafedrasining katta o‘qituvchisi Umidjon Odilov. –  Laboratoriya zamonaviy nazorat-o‘lchash uskunalari, professional dasturiy ta’minotga ega kompyuterlar, yig‘ish qurilmalari bilan jihozlangan.

Ushbu laboratoriyada texnikumning elektron tizimlar va jihozlar mutaxassisligida tahsil olayotgan o‘quvchilar amaliy va nazariy ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Izlanuvchilar kelajakda ushbu laboratoriya va yosh mutaxassislarning imkoniyatlaridan foydalanib, boshqa kasb va mutaxassisliklarning laboratoriya hamda amaliy mashg‘ulotlarini zamonaviy dars berish usullari va texnologiyalari bilan boyitish, texnikum bitiruvchilarining amaliy ko‘nikmalari yuqori darajada shakllanishida o‘z hissalarini qo‘shish niyatida.

Axborot-tahliliy media markazi


1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI