Elektron chiptalarni xarid qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar va qulayliklar haqida

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yaratilgan elektron chiptalarni xarid qilish e-ticket.railway.uz veb-saytida qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida yaratilgan yangi imkoniyatlar joriy etildi. 

Jumladan, Intranet interfeysini yangilash barcha “Afrosiyob” poyezdlarida ishga tushurilmoqda. Mazkur tizim orqali yo‘lovchilar o‘z mobil ilovalari, planshet yoki nout-buklarida, nafaqat respublikamiz balki butun dunyoda yuz berayotgan yangiliklarni, turli ko‘rsatuvlarni, musiqiy klip va kinolarni safar davomida tomosha qilib borish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining turistik obidalari va noyob tabiat go‘shalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin. 

Joriy etilgan yangi qulayliklardan e-ticket.railway.uz veb-saytida yo‘lovchi poyezdlarning nomlari haqida maʼlumot berish. Yaʼni, elektron chiptalarni sotib olish jarayonida poyezdlarning nomlarini to‘laligicha ko‘rish va sotib olish imkoniyati. Masalan: Toshkent-Markaziy – Buxoro yo‘nalishdagi №010F-sonli «Sharq» poyezdi yoki Toshkent-Markaziy – Buxoro yo‘nalishidagi №766F-sonli “Afrosiyob” poyezdi.

Shuningdek, elektron chipta sotib olishda, e-ticket.railway.uz veb-saytidan birinchi marta foydalanayotgan yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Bunda, yo‘lovchilar qulayligi uchun qo‘shimcha maʼlumot sifatida ro‘yxatdan o‘tish jarayonida namuna taqdim etiladi.

Elektron tarzda sotilgan chiptalar savdosining tahlili - «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xodimlari e-ticket.railway.uz veb-sayti orqali yo‘lovchilar tomonidan sotib olingan kunlik, oylik va yillik chiptalar, necha foiz erkaklar, ayollar, qariyalar va voyaga yetmagan yo‘lovchilar tomonidan sotib olinganligini ko‘rib, kuzatib, tahlil qilib borish imkoniyati yaratildi.

Mobil ilova orqali sotib olingan chiptalarda QR-kod joriy etildi. Endi yo‘lovchilar xarid qilgan elektron chiptalarini mobil telefonlariga yuklab olmasdan vokzal nazoratchilariga QR-kodlarini ko‘rsatib, uni skaner qurilmalari orqali nazoratdan o‘tkazib poyezdlarga chiqish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar. 

Yo‘lovchilar tomonidan sotib olingan chiptani qaytarish lozim bo‘lsa, ushbu jarayonni e-ticket.railway.uz veb-sayti hamda mobil ilova orqali tizimga qaytarish vaqtida, yo‘lovchilarga qaytarilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lariga vositachilik yig‘imi (25000 so‘m) qo‘shib qaytarish joriy qilindi. 

Shuningdek, «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 2021 yil oktyabr oyidan boshlab "Rider mrz zone" – yo‘lovchi tomonidan maʼlumotlarni kiritish vaqtida avtomatik tarzda xujjatlarni to‘ldirish imkoniyati joriy etiladi. Ushbu imkoniyat yo‘lovchilarga pasport maʼlumotlarini yozib ortiqcha vaqt sarflamasliklari uchun, elektron chipta xarid qilayotgan yo‘lovchining pasport maʼlumotlarini avtomatik tarzda o‘qib, yuklab olish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” mutaxassislari bilan birgalikda e-ticket.railway.uz veb-resursini JSHSHIR (PINFL) maʼlumotlar bazasi bilan integrasiya qilish ishlari boshlandi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI