Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

06:49:15 (GMT +5), payshanba, 29 oktabr 2020

Yo‘lovchi vagonlari bilan jahon bozoriga yuz tutgan zavod

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida bugungi kunda ko‘plab zavodlar faoliyat olib bormoqda. Mana shunday o‘zining yuqori darajadagi xizmatlari bilan foyda keltirayotgan zavodlardan biri "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishtiramiz. 

Ushbu tashkilot 2001 yil iyul oyida foydalanishga topshirilgan va 1000 dan ortiq ishchilarni jalb qilgan yirik sanoat korxonasi hisoblanadi. Zavodning umumiy maydoni 104,104 kv. metrni tashkil etadi, shundan 54, 987 kv. metrni ishlab chiqarish sexlari egallaydi: vagonsozlik, g‘ildirak-aravacha, korpus, elektrsovutgich, isitish va suv ta'minoti, ichki jihozlarni ta'mirlash,vagon detallari uchun bezak qoplamalarini ishlab chiqarish va qabul qilish uchun bo‘yash, akkumulyator ishlab chiqarish, eksperimental yog‘ochga ishlov berish va shu kabilarni o‘z ichiga oladi.

Jahonda yo‘lovchi vagonlarini zamonaviy tarzda ishlab chiqaruvchi, ta'mirlovchi va eksport qiluvchi zavodlar sanoqlidir. Endilikda, Germaniya, Ukraina, Rossiya, Frantsiya, Belarus kabi davlatlar qatorida O‘zbekiston ham yo‘lovchi vagonlari bilan jahon bozoriga yuz tutdi.

2017 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati ilk marotaba “Made in Uzbekistan” tamg‘asi ostida o‘z mahsulotlarini eksport qila boshladi. 

2016 yilda Rossiya va Qozog‘iston davlatlari tomonidan mamlakatimiz vagonsozlari ishlab chiqarayotgan 61-911, 61-907 rusumdagi platskart va kupe vagonlariga qiziqish katta bo'lgan edi. Bu borada 2017 yilning iyun oyida jahon standarti sertifikati qo‘lga kiritildi.

Bugungi kunga kelib zavodda quyidagi turdagi vagonlarni qurish o‘zlashtirildi:

- 61-907 rusumli konditsionerli kupe tipdagi yo‘lovchi vagon;

- 61-911 rusumli konditsionerli platskart tipdagi yo‘lovchi vagon;

- 61-934 rusumli maxsus turdagi yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan vagon;

- 61-924 rusumli konditsionerli restoran vagon;

- 61-931 rusumli konditsionerli kupe tipidagi nogiron yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan vagon;

- 61-920 va 61-926 rusumli konditsioner va o‘rindiqli joylardan iborat yo‘lovchi vagon;

- 61-928 rusumli yo‘lovchilar yuklarini tashish uchun maxsus vagon va har xil turdagi texnik va texnologik vagonlar shular jumlasiga kiradi. 


Mamlakatda vagon sozlikning rivojlanish surati kundan kunga o‘sib bormoqda. Yildan-yilga "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ vagon parki yangi yo‘lovchi vagonlar bilan to‘ldirilmoqda. Masalan, 2019 yilda "Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta'mirlash zavodi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 43 ta yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarildi va 300 dan ortiq vagonlar ta'mirlandi. 2020 yilda "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" va "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida 30 ta yangi yo‘lovchi vagonlarni qurish va 395 ta har xil turdagi vagonlarni ta'mirlash bo‘yicha shartnoma imzolandi.



Shuningdek, "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" AJ o‘z mahsulotlarini va xizmatlarini MDH mamlakatlari, jumladan Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilmoqda. Vagonlarni qurish va ta'mirlash bo‘yicha eksport hajmi bugungi kungacha 58 million AQSH dollarni tashkil etdi. 2020 yilda Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari bilan 2 178 ming AQSH dollarlik shartnomalar imzolandi. Shulardan 148 ming AQSH dollari ta'mirlashga, qolganlari esa yangi yo‘lovchi vagonlari qurilishiga yo‘naltirilgan.

2020 yil mart oyi oxirida mamlakatdagi epidemiologik vaziyat bilan bog‘liq holda shoshilinch ravishda kasalxonalar qurilishi boshlandi.Ularga koronavirus infektsiyasi aniqlangan va karantinda qolishga majbur bo‘lgan fuqarolar joylashtirildi. Bunday yirik qurilishlarga "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" AJ o‘z hissasini qo‘shdi. Zavod tomonidan 500 dan ortiq qirq funtli konteyner qayta ta'mirdan chiqarilib yotoqxonalarga aylantirildi.

Shuningdek, zavod xorijiy kompaniyalar bilan yangi yo‘lovchi vagonlarini qurish bo‘yicha shartnomalar loyihalarini amalga oshirishni rejalashirmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish